O‘zbekiston | 08:25 / 12.08.2020
8013
3 daqiqa o‘qiladi

Turdimov Samarqandning koronavirusga qarshi kurashdagi yutuqlarini sanadi

Samarqandda viloyat epidemiyaga qarshi kurashish favqulodda komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Samarqand viloyatida 12 avgustdan boshlab karantin cheklovlari yengillashtirilishi ma'lum qilindi. Shuningdek, viloyatda koronavirus pandemiyasini yengib chiqishda amalga oshirilgan ishlar haqida so‘z bordi. Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov bajarilgan ishlar haqida ma'lumotlar berdi.

Foto: Samarqand viloyat hokimligi

«Albatta, bugungi kunda amalga oshirilgan ishlar natijasida yaxshi ko‘rsatkichlar qayd etilayotganini ham aytish kerak. 10 avgust kuni viloyatimizda bir kunda 111 nafar bemor tuzalib, uyiga javob berildi. Ulardan 21 nafari koronavirus bilan, 90 nafari pnevmoniya bilan og‘rigan bemorlar edi.

Hafta davomida uyda davolanayotganlar uchun qo‘shimcha ravishda 4 ming quti maxsus dori-darmon to‘plami tayyorlab qo‘yildi. Oldin tayyorlab qo‘yilgan 4 ming quti maxsus dori-darmon to‘plami bilan ular soni 8 mingtaga yetdi.

Yaqinda tashkil etilgan ming o‘rinli shifoxonada va Samarqand tibbiyot institutida PZR laboratoriyalari tashkil etildi. Olimpiya zahiralari tayyorlash markazida tashkil etilgan maxsus shifoxonada barcha tayyorgarlik ishlari yakunlanib, kerakli barcha zarur jihozlar va dori-darmonlar ta'minlandi hamda taqsimlash markazi 10 avgustdan bemorlarni qabul qila boshladi.

Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi kardiologiya dispanseri va Samarqand tibbiyot instituti qoshidagi 2-klinikada bemorlar qabul qilish to‘xtatiladi. Bu ikki tibbiy muassasa o‘z yo‘nalishi bo‘yicha bemor qabul qiladi. Ular koronavirusga chalingan bemorlarni qabul qilmaydi. 

Yuqumli kasalliklar shifoxonasi dezinfeksiya qilib, tozalangach, faoliyatini qayta yo‘lga qo‘yiladi. 1080 o‘rinli yangi shifoxonada barcha sharoitlar tayyorlab qo‘yilgan. Shifoxonada 41 ta zamonaviy ovoz bilan tasvirga oladigan kameralar ham o‘rnatilgan. Ular orqali shifoxonada davolanayotgan bemorlar holati to‘liq kuzatuvda bo‘ladi. O‘sha kameralar orqali bemorlarning holatini kerakli mutasaddilar, xususan, mening o‘zim ham kuzatib bormoqdaman», degan viloyat hokimi.

Shuningdek, Turdimov bugun koronavirusni davolashda yo‘riqnoma ishlab chiqilganini va u viloyat aholisiga, korxona va tashkilotlarga tarqatilganini qayd etdi.

«Ushbu masala yuzasidan joylardagi poliknika xodimlari va mahalla faollaridan iltimos qilmoqchiman, agar ayrim xonadonlarga o‘sha yo‘riqnoma yetmagan bo‘lsa, uni yetkazishsin», dedim viloyat hokimi.

Samarqand viloyat hokimi yig‘ilish yakunida fuqarolarga murojaat qildi: «Sizlardan iltimos qilaman, o‘zingizcha davolanishga urinmang. O‘zingizda koronavirus alomatlarini sezayapsizmi, shifokorlarga murojat qiling. Shu o‘rinda mahalla raislaridan ham iltimos qilar edim, mahallalarda targ‘ibotlarni kuchaytirish kerak.

Xalq yoshi ulug‘ hoji ota va hoji onalarning gapini yerda qoldirmaydi. Shu uchun ularning yordamida xalqqa targ‘ibot o‘tkazish kerak. Hozir oila davrasidagi turli yig‘inlarning vaqti emas. Shu uchun zarurat bo‘lmaganda uydan chiqmaslikni, mehmonga bormaslikni va mehmon chaqirmaslikni targ‘ib qilish kerak», dedi Erkinjon Turdimov.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid