O‘zbekiston | 07:34 / 15.08.2020
12568
7 daqiqa o‘qiladi

SEOM xodimlari va maxsus to‘lovlar: Andijonda masala yechimi nega paysalga solinmoqda?

SEOM bakteriologik laboratoriyasi xodimlari bevosita COVID-19 bilan kurashga jalb etilgan bo‘lsa, ularga ham maxsus qo‘shimcha to‘lov to‘lanishi kerak. Buni Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Shohrux Shorahmedov ham tasdiqladi.

Shu yil 10 avgust kuni Kun.uz saytida «Andijon shahar SEOM xodimlariga bir necha oydan beri mukofot puli berilmayapti. Moliya bo‘limi nimani kutmoqda?» nomli maqola e'lon qilinib, unda Andijon shahar SEOM bakteriologik laboratoriyasining koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash boshlangan ilk kundan boshlab eng oldingi safda ishlab kelayotgan 3 nafar vrach va 7 nafar laboranti shu kungacha maxsus qo‘shimcha rag‘batlantirish to‘lovini olmagani, ularga ushbu maxsus to‘lov to‘lanishini hal etish viloyat moliya boshqarmasiga bog‘liq bo‘lib turgani aytilgan edi.

Andijon shahar SEOM xodimlarining aytishicha, ular infeksiya o‘choqlaridan test tahlillari olishga jalb qilingan, ya'ni koronavirus infeksiyasiga shubha qilingan, kasallangan shaxslardan laborator namunalarni olish bilan shug‘ullanishgan. Lekin, shunga qaramay, ularga maxsus to‘lovlar to‘lanmay kelgan.

Ko‘p o‘tmay, Andijon viloyat hokimi o‘rinbosari va boshqa mutasaddilar SEOM xodimlari bilan uchrashgan bo‘lsa-da, masala va muammo to‘liq yechim topmagan.

Xo‘sh, Andijon shahar SEOMning tahririyatga murojaat yo‘llagan xodimlari prezident qarori bilan va'da qilingan maxsus qo‘shimcha rag‘batlantirish to‘lovni olishga haqlimi?

Ma'lumki, 2020 yil 26 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurashishga jalb qilingan tibbiyot va sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarini qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘grisida»gi PQ-4652-sonli qarori qabul qilinib, unga muvofiq, koronavirus infeksiyasidan zararlangan bemorlar bilan muloqotga kirishadigan, zararlangan bemorlar joylashtirilgan obektlarda hamda koronavirus infeksiyasini aniqlash laboratoriyalarida faoliyat olib borayotgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga har 14 kunlik faoliyat davri uchun maxsus qo‘shimcha rag‘batlantirish to‘lovi belgilangan edi.

Shuningdek, ushbu qarorda maxsus qo‘shimcha rag‘batlantirish to‘lovi (soliqlardan tashqari) quyidagi miqdorlarda to‘lanishi belgilangan:

  • vrach xodimlarga, vrach-laborantlarga — 25 million so‘m;
  • o‘rta tibbiyot xodimlariga, hamshira-laborantlarga — 15 million so‘m;
  • kichik tibbiyot xodimlariga — 10 million so‘m;
  • boshqa xodimlarga — 5 million so‘m.

Oxirgi toifa, ya'ni boshqa xodimlar kim, degan savolga Respublika maxsus komissiyasining 30 apreldagi 20-son yig‘ilish bayoni bilan tasdiqlangan Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlariga jalb qilingan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarni qo‘shimcha moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida vaqtinchalik nizomning 24-bandiga ko‘ra, davolash muassasasi, SEOM laboratoriyalarining boshqa xodimlari tarkibiga zararlangan bemorlarni, laborator tahlil uchun olingan namunalarni yetkazib beruvchi transport vositalari haydovchilari, kadrlar bo‘limi xodimi, hisobchi va iqtisodchi mutaxassislar, oshxona ishchilari, farroshlar, bemorlar davolanayotgan binolar, shuningdek, koronavirus infeksiyasini aniqlash laboratoriyalari ekspluatatsiyasini tashkil etishda bevosita ishtirok etuvchi injyener-texnik xodimlar kiradi.

Demak, nafaqat laborator tahlil uchun namuna oladiganlar, balki ushbu namunalarni laboratoriyaga yetkazib beruvchi haydovchilarga ham maxsus to‘lov to‘lanishi kerak ekan.

Vaqtinchalik nizomning 22-bandida ham shuningdek, Agentlik va SEOMlardagi koronavirus infeksiyasini aniqlash laboratoriyalarida faoliyat olib borayotgan hamda koronavirus infeksiyasiga shubha qilingan, kasallangan shaxslardan laborator namunalarni olishda va ularning ro‘yxatini shakllantirishda qatnashayotgan vrachlar, o‘rta tibbiyot va kichik tibbiyot xodimlariga nisbatan tatbiq etilishi belgilangan.

Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Shohrux Shorahmedov Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida ushbu masalaga alohida to‘xtalib, SEOMlarda bir necha xil laboratoriyalar borligi, ulardan faqat COVID-19 bilan shug‘ullanayotgan virusologiya laboratoriyalarining xodimlarigagina maxsus to‘lov to‘lanishini ma'lum qildi. Shuningdek, uning aytishicha, kasallik tarqalishi avj olib ketgani tufayli SEOMning boshqa laboratoriyalardan ham xodimlar jalb qilishga to‘g‘ri kelgan. Shuni hisobga olib, vazir o‘rinbosari ularni ham rag‘batlantirish kerak, deb hisoblashini ta'kidladi.

Masalaning yana bir e'tiborga molik jihati shuki, Andijon shahar SEOM bakteriologik laboratoriya xodimlari tun-u kun, hatto bir necha sutkalab mehnat faoliyatini davom ettirib, koronavirus infeksiyasiga shubha qilingan, kasallangan shaxslardan laborator namunalarni olishda ter to‘kishmoqda. Bunday vaziyatda ularga Mehnat kodeksining 157-moddasiga ko‘ra, ish vaqtidan tashqari ishlar, dam olish kunlari va bayram kunlaridagi ishlar uchun kamida ikki hissa miqdorida, 158-moddasiga binoan esa tungi vaqtdagi ishning har bir soati uchun kamida bir yarim baravar miqdorda haq to‘lab kelinganmi yo‘qmi, ushbu masala ham tegishli idoralar e'tiboridan chetda qolmasligi lozim.

Prezident qarorida koronavirus infeksiyasini aniqlash laboratoriyalarida faoliyat olib borayotgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlariga maxsus to‘lov to‘lanishi aytilgan. Ammo, ushbu qarorda va Maxsus komissiyaning 2020 yil 30 apreldagi yig‘ilish bayoni bilan tasdiqlangan vaqtinchalik nizomda ham faqat virusologiya laboratoriyalarida shtatlar jadvali asosida ishlaydigan xodimlarga maxsus to‘lov to‘lansin, boshqa laboratoriyalardan jalb etilgan xodimlar ularning ishini qilsa ham, ularga maxsus to‘lov to‘lanmasin, deb belgilab qo‘yilgan joyi yo‘q.

Shunday ekan, koronavirusga qarshi kurashga jalb qilingan laborant va boshqa SEOM xodimlarining boshqa laboratoriyalardan jalb qilinganini ro‘kach qilib, qarorda va vaqtinchalik nizomda to‘lash lozimligi belgilangani holda, ushbu normalarni noto‘g‘ri talqin qilib, ularni maxsus to‘lovdan mahrum qilish qonunchilikka ham, adolatga ham zid.

SEOM bakteriologik laboratoriya xodimlarini virusologiya laboratoriyasi ishini qildirishga qildirib, haq to‘lashga kelganda ularning boshqa laboratoriyadan ekanliklarini «eslab qolish» hech qaysi mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.

Umid qilamizki, rasmiy idoralar ushbu masalani tartibga soladigan qonunchilikka og‘ishmay amal qilishadi va SEOM xodimlarining zahmatli mehnatini munosib rag‘batlantirishadi.

Abbos Salaydinov, huquqshunos

Mavzuga oid