Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Prezidentni qulatsangiz, bu siz uchun intihoning boshlanishi bo‘ladi. Ukrainaga o‘xshab qolasiz» – Lukashenkoning mitingda so‘zlagan nutqi
Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko o‘z tarafdorlari ishtirokidagi mitingda qatnashdi va nutq so‘zladi. 9 avgustdagi saylovlardan keyin to‘xtamayotgan namoyishlar fonida Lukashenko ilk marta ko‘chadagi mitingda chiqish qildi. Faqat o‘z tarafdorlari oldida. Mitingdagilar Lukashenkoni «Za batku!» hayqirig‘i bilan kutib olishgan.
So‘zi avvalida Lukashenko belaruslar uni doim qo‘llab-quvvatlashganini, 1990-yillar avvalidagi qiyin davrda ham yolg‘izlatib qo‘yishmaganini aytib minnatdorchilik bildirdi. Prezident nutqi davomida hayotida ilk marta xalq oldida tiz cho‘kishini aytgan, ammo bu ishni qilmagan. Lukashenkoning nutqi yarim soatcha davom etgan.
Lukashenko nutqining asosiy iqtiboslari:
* Saylovlar o‘tdi deb hisoblandi, chunki 80 foiz ovozni soxtalashtirib bo‘lmaydi;
* Raqiblar mamlakatni harbiy qarama-qarshiliklar girdobiga tashlashdi;
* Islohotlarni ertadan boshlashimiz mumkin, faqat belaruslar qanday islohotlar kerakligini aytishsin;
* Agar G‘arb davlatlari quchog‘iga otilib, qayta saylov o‘tkazsak, millat sifatida yo‘qolamiz;
* Men o‘lsam ham, davlatni topshirishingizga yo‘l qo‘ymayman.
Quyida Lukashenko nutqining asosiy qismi keltiriladi.
Men sizni bu yerga meni himoya qilish uchun chaqirganim yo‘q. Siz chorak asrda ilk marta o‘z mamlakatingizni, mustaqillikni himoya qilishingiz mumkin. Bilaman, uyda ishingiz ko‘p. 90-yillarda shu yerda ishchilar to‘planib yeyishga ovqat so‘rashgani yodimda. Ular odamlarni boqishni so‘rashgandi. Men bularning barchasini huv anavi derazadan ko‘rgandim. O‘shanda men sizlarga yordam berishga va davlat taqdirini qandaydir maydonlarga tashlab qo‘ymaslikka so‘z bergandim.
Men mitinglar tarafdori emasman, lekin sizni yordamga chaqirishga majbur bo‘ldim. Afsuski, mana shu parlamentda biz dunyodagi hech bir masala usiz hal bo‘lmaydigan imperiyamizni yo‘qotgandik. Biz bu imperiyaning qon tekkan bir qismini oldik.
O‘shanda odamlar nimani so‘ragandi? Siz bir burda non, 20 dollar maosh so‘ragandingiz. Zavodlarni ishlatishni, traktor, kombayn va qishloqni qutqarib qolishni so‘ragandingiz. Odamlar ishlashini, sut, go‘sht va non bo‘lishini so‘ragandingiz. Siz zavodlarni xususiylashtirmaslikni, dehqondan yerni olib qo‘ymaslikni so‘ragandingiz. Siz tibbiyot va ta’lim pullik bo‘lmasligini so‘ragandingiz. Siz ko‘chaga chiqishga qo‘rqib qolgan ofitser va askarlarning obro‘sini tiklashni so‘ragandingiz {odamlar «Ha!» deb baqirishadi}.
Biz bularning barchasini qildik. Biz millionlab ajdodlarimiz orzu qilgan ishlarni amalga oshirdik. O‘z tariximizda ilk marta mustaqil, suveren davlat qurdik. Vaqt bizni tanladi va biz buni qildik.
Men sizlarga murojaat qilmoqchiman... Nafaqat sizga. Umuman olganda, sizga emas, boshqarilayotganlarga SIZ deb murojaat qilmoqchiman: nimani xohlayapsiz o‘zi? Islohot xohlayapsizmi? Ayting, qanday islohotni, ertadan boshlaymiz. Siz, mana shu yerdagi 50 ming odam (ma’lum bo‘lishicha, mitingda aslida 20 mingga yaqin kishi kelgan) fazoviy, vertolyotli pullar bo‘lmasligini, pulni maydonlarda emas, dalalarda, zavod-fabrikalarda ishlab topish kerakligini yaxshi bilishadi.
Chegaramizdan 15 daqiqalik masofada samolyotlar, tanklar turibdi. Bekorga emas. NATO askarlari darvozamiz oldida turishibdi. Litva, Latviya va Polsha bilan chegaramizda harbiy harakatlar kuchaytirilgan. Afsuski, bizning qadrdon Ukraina bizdan qayta saylov o‘tkazishni so‘ramoqda.
Agar biz kimningdir quchog‘iga otilsak, havo kemamiz halokatga uchraydi. Biz davlat sifatida, millat sifatida o‘lamiz. Biz askarlarimizni G‘arb poligonlariga yuborish o‘rniga o‘z ko‘chalarimizda odamlarni tinchlantirish uchun yuborishga majbur bo‘lyapmiz. Biz Sharq va G‘arb o‘rtasida sanitar zona bo‘lmasligimiz kerak. Biz Yevropa uchun hojatxonaga aylanmasligimiz kerak.
Bizga yangi hukumat kerak deyishyapti, axir chet elda bunaqadan ikkitasini yasashdi-ku (surgundagi hukumat nazarda tutilmoqda). Ular kim kelib bizni boshqarishi haqida o‘zaro kelisha olmayapti. Biz narsani unutmaslik kerak: bunaqa hukumatlar ko‘p edi. Amerikada ham bittasi bor. Ular uchta o‘zi. Bizga xorijdagi hukumat kerak emas, bizda o‘zimizning hukumat, o‘zimizning rahbariyat kerak. Va uni o‘zimiz tanlashimiz kerak.
Bizga NATO harbiylarini taklif qilishyapti. Qoratanli, sariqog‘iz va oqsoqolli askarlarni. Ular bizga egar bog‘lab qamchilashni istashmoqda, nahotki ko‘rmayotgan bo‘lsangiz? Kimdir buni xohlasa, bemalol, faqat mensiz. Men o‘z qo‘limiz bilan qurilgan narsalarni berib qo‘ymoqchi emasman.
Mening ham sizniki kabi bolalarim, nabiralarim bor. Men ular o‘z zaminlarida, o‘z davlatlarida yashashini xohlayman. Siz uzoqdan kelgansiz va bu gapni sizga aytishim kerak. Balki menda bunday imkoniyat boshqa bo‘lmas. Ha, biz keskin yo‘l tutdik. Ha, kimgadir bu siyosat yoqmagandir. Ammo biz siz bilan bu hukumatni 90-yillarda yangi konstitutsiyani qabul qilayotib tasdiqlaganmiz.
Bizdan Minsk ko‘chalarini banditlardan tozalashni so‘radingiz. Eslatmoqchiman: 32 banditni OMONchilar va menga ergashgan askarlar bilan tinchitdik. Minsk ko‘chalaridagi yoshlarga murojaat qilmoqchiman: siz bu betamizlar bizning ustimizdan qanday kulganini eshitdingizmi? Yoki ota-onalaringiz aytib berishmadimi?
Siz men juda yosh bo‘lgan va pulni qayerdan olishni bilmayotgan vaqtim bularni so‘radingiz. Siz yig‘ladingiz, xotinlaringiz bolalarga berishga hech narsa yo‘q deb aytishdi, siz odamlarni davolashni, o‘qitishni so‘radingiz, biz ularni davolayapmiz, o‘qityapmiz.
Ko‘zi ko‘r bo‘lmaganlar, o‘zingizni qo‘lga oling. O‘qituvchilar, shifokorlar, ijodkorlar. Biz o‘z yo‘limizdan bordik va pandemiya davrida hech bir zavod yopilishiga, hech bir qishloqda hayot to‘xtab qolishiga yo‘l qo‘ymadik. Mana, bu uchun bizga rahmat deyishmoqda. Meni oraliq masofani saqlamaydi deyishgandi, maydonlardagi odamlar oraliq masofa saqlashyaptimi? Ular niqob va ijtimoiy masofaga tupurib qo‘yishdi. Men bu dahshatli kasallik bilan hech kim og‘rimasin deb yarim yildan beri aqldan ozay dedim va shu uchun meni qoralashyapti.
Biz siz bilan har qanday qiyinchilikka qaramay, bu ajoyib davlatni qurdik, endi siz uni kimga topshirmoqchi bo‘lyapsiz? Agar siz uni kimgadir bermoqchi bo‘lsangiz, men bunga yo‘l qo‘ymayman. Men Xudoning oldida turgandekman. Saylov bo‘lib o‘tdi, chunki 80 foiz ovozni soxtalashtirib bo‘lmaydi. Kim qayta saylovga boradi? Kim uni o‘tkazadi? Banditlar. Saylovga ketdik emish, ishni kim qiladi baraka topgur? Ko‘chadagi keskin harakatlarga kim sabab bo‘ldi? Men ularni o‘ylab topdimmi? Ular davlat bo‘lishdi.
Hozir harbiylar, davlat xizmatchilari, Lukashenkoning yonida turganlarga tahdid bo‘lyapti. Ogohlantiraman, siz olov bilan o‘ynashyapsiz. Sizdan iltimos qilaman, o‘qituvchilarga tegmang, ular maktabga tayyorlanishi kerak. Shifokorlarga, davlat nashrlaridagi jurnalistlar, ularning oilasiga tegmang. Agar nimadir bo‘lsa, ortig‘i bilan javob berasiz.
Odamlarni harbiy qarama-qarshilikka itarmang, mamlakatni dunyoga sharmanda qilmang. Men realistman, menga quloq soling. Ular bizga tinch hayot berishmaydi. Hozir ular tinchlansa ham, teshigidan chiqqan kalamush kabi chiqib kelaverishadi. Ularni begonalar boshqarmoqda. Ular G‘arb dunyosining chegarasini shu yerdan, Brest yaqinidan ko‘rishmoqda. Xuddi 1939 yilda bo‘lgani kabi. Bunga yo‘l qo‘ymaymiz, biz Brest qal’asi bo‘lamiz. Mamlakatni bermaymiz. Belaruslar, o‘z boshingiz bilan o‘ylang, aks holda yaqinda siz uchun boshqalar o‘ylay boshlashadi.
Ular menga «Ket» deyishyapti. Muammosiz. Azizlar, men bu yerda hokimiyatga yopishib qolganim uchun turganim yo‘q. Chorak asr davomida yoshligimni, eng yaxshi kunlarimni sizga xizmat qilishga sarfladim. Prezidentlar keladi, ketadi. OMON ketadi, militsiya tarqaladi, yana maydonlarga borib o‘tiramiz. Kimni va nimaga kutamiz u yerda? Ertaga kimni boqamiz?
Jinoyatchilarni qo‘yib yuboraylikmi? Muammo emas. Ammo bolalarimizni o‘shalar o‘ldirishadi. Ular hukumatga talpinishyapti. Kimdir unutgan bo‘lishi mumkin, lekin biz bunaqasini ko‘rganmiz. Buning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak.
Sizga nima bo‘lyapti belaruslar? Lukashenkoni – birinchi prezidentni ham qulatarsiz, lekin bu siz uchun intihoning boshlanishi bo‘ladi. Ukrainaga o‘xshab qolasiz. Ular tizzada turib kimga sig‘inishayotganini bilishmaydi. Hozir o‘zimiz topayotgan bir burda nonga zor bo‘lasiz.
Saylovlar qiziqarli bo‘lishini, saylovdan keyin yanada qiziq bo‘lishini aytgandim. Belarusni ehtiyot qiling, chunki bizga emas, bolalarimiz, nabiralarimizga tegishli. Bizku bugungi kungacha yashadik, ularga nima qoldiramiz?
Hozir juda jiddiy vaqt, shu sabab sizni bu yerga chaqirdim. Siz mamlakatni himoya qilishingizni va siz uchun kurashayotganlarni himoya qilishingizni so‘rayman. {mish-mishlar haqida} Qayerdadir kasal bo‘ldim, qayerdadir o‘ldim, lekin men tirikman va yashashda davom etyapman.
Sizlarga katta rahmat, siz bu mamlakat va bu poytaxtning egasi ekanliklaringizni ko‘rsatdingiz. Ular uzoq vaqt siz bu yerda to‘planganingizni eslab yurishadi. Umrimda birinchi marta oldingizda tiz cho‘kaman. Siz bunga munosibsiz (aslida u tiz cho‘kmadi, faqat ta’zim qilish bilan cheklandi). Rahmat sizga, dehqonlar, siz ishdan vaqt orttirib keldingiz. Biz ertaga boramiz, yig‘imni tugatamiz. Sizga rahmat ishchilar, zavodlaringizni hech kimga bermadingiz, ishni tashlab ketmadingiz. Rahmat sizga faxriylar, qo‘llab-quvvatladingiz. Rahmat sizga, armiyamiz askarlari!
Mavzuga oid
20:28 / 07.05.2025
Lukashenko 8 ming mahkumga amnistiya qo‘llash to‘g‘risidagi qonunni imzoladi
22:19 / 25.04.2025
Lukashenko Polsha va Litvani migrantlar sabab xavotirga tushmaslikka chaqirdi
08:18 / 31.03.2025
Uysiz erkak jinlarni haydayman deb, mashinani pachoq qildi
18:00 / 25.03.2025