Jahon | 09:26 / 16.08.2020
7162
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Eronga qarshi sanksiyalar tiklanishini e'lon qildi 

AQSh keyingi haftadan BMTning Eronga qarshi sanksiyalarini tiklashni boshlaydi. Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp matbuot anjumanda aytib o‘tdi.  

Foto: Global Look Press/Kevin Dietsch

“Sanksiyalarni tiklash bilan shug‘ullana boshlaymiz. Keyingi hafta nima bo‘lishini ko‘rasiz”, deb aytgan Tramp.

Uning ta'kidlashicha, BMT Xavfsizlik kengashi Eronga qarshi qurol embargosini uzaytirishni rad etgani uni ajablantirmagan. “Biz ovoz berish natijalari qanday bo‘lishini bilgandik”, deb ta'kidlab o‘tgan Oq uy rahbari.

14 avgustda BMT Xavfsizlik kengashi AQShning Eronga qarshi qurol embargosini uzaytirishni qo‘llab-quvvatlamagan. Taqiqlovning uzaytirilishiga AQShdan tashqari faqatgina Dominika Respublikasi ovoz bergan. Rossiya va Xitoy qarshi ovoz bergan, yana 11 davlat betaraflik bildirgan.

AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo Xavfsizlik kengashining bu harakatlarini “kechirib bo‘lmas” deb atagan. Uning ta'kidlashicha, kengash embargoni uzaytirmasdan, “terrorchilikning bosh homiysi” bo‘lgan Eronga qurolni cheklanmagan hajmda aylantirish uchun sharoit yaratib beradi. AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Robert O’Brayyen AQSh bu safar mag‘lub bo‘lganini, biroq bu “hali oxiri emasligini” aytgan. 

Mavzuga oid