O‘zbekiston | 11:29 / 17.08.2020
12171
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiy viloyati hokimi davolanishni yakunlab, ishga qaytdi

Navoiy viloyati hokimi Qobul Tursunov Toshkent shahrida davom etgan ma'lum muddat davolanishdan so‘ng to‘liq sog‘aygan hamda o‘z faoliyatini davom ettirishga kirishgan. Bu haqda Navoiy viloyati hokimligi axborot xizmati Kun.uz’ga ma'lum qilmoqda.

Q.Tursunov viloyat hokimligining mas'ul xodimlari — hokim o‘rinbosarlari, kotibiyat mudirlari, guruh rahbarlari hamda boshqa mutasaddilar bilan o‘tkazgan dastlabki yig‘ilishida hududlarda olib borilayotgan islohotlarni davom ettirish hamda yangi bosqichga olib chiqish, aholi orasida koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq har qanday muammolarni oqilona bartaraf etish yo‘llari borasida o‘z taklif va tavsiyalarini bildirgan.

«Pandemiyani jilovlash jarayonlarida birinchi navbatda aholi salomatligini muhofaza qilish, shuningdek, har tomonlama murakkab sharoitda iqtisodiy-ijtimoiy sohalarning barcha bo‘g‘inlarida barqaror ish tizimini ta'minlashda mavjud kuch va imkoniyatlarni to‘laqonli safarbar etish davr talabidir», dedi yig‘ilishda Q.Tursunov.

31 iyul kuni Navoiy viloyati hokimligi axborot xizmati Q.Tursunovning malakali tibbiyot mutaxassislari tomonidan SSV tavsiyalariga muvofiq ishlab chiqilgan standartlar asosida davolash kurslarini o‘tayotganini xabar bergan edi.

Eslatib o‘tamiz, 16 avgust kuni Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov ham koronavirusdan infeksiyasi asoratlaridan tuzalib chiqqani xabar qilingan edi.

Mavzuga oid