O‘zbekiston | 18:21 / 17.08.2020
5607
3 daqiqa o‘qiladi

«Yoshlar parlamenti shunchaki oddiy tuzilma emas» – Nurdinjon Ismoilov

Spiker Nurdinjon Ismoilov 17 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Yoshlar parlamenti a'zolari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ushbu tuzilmadan nimalar kutilayotgani haqida gapirgan.

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati

«Yoshlar parlamenti shunchaki oddiy tuzilma emas, balki yoshlarimizning siyosiy faolligini ta'minlashga xizmat qiladigan haqiqiy maydondir. O‘zbekistonda yoshlar parlamenti shakllantirilishi mamlakatimiz prezidenti tomonidan yoshlarga oid siyosat masalalariga ko‘rsatilayotgan e'tiborning natijasi bo‘lib, davlat boshqaruvi tizimida qarorlar qabul qilishning barcha jarayonlariga yoshlarni jalb etishdan O‘zbekiston manfaatdor ekanligining yorqin dalilidir.

Biz Yoshlar parlamenti yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning siyosiy-huquqiy bilim va ko‘nikmalarini boyitish, qonun ijodkorligi jarayoniga yoshlarni jalb qilish, qabul qilingan qonunlarni yoshlar orasida keng targ‘ib qilishda, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlikning oldini olishda Oliy Majlisga va davlat hokimiyatining boshqa organlariga samarali yordam beradi deb ishonamiz. Shu bilan birga Yoshlar parlamenti faoliyatining natijalaridan foydalanish masalasiga o‘ta jiddiy va katta mas'uliyat bilan yondashgan holda hamkorlik qilishga tayyormiz», deya Nurdinjon Ismoilovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Spikerning ta'kidlashicha, shu yilning 12–13-avgust kunlari bo‘lib o‘tgan Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand veb-forumi «Yoshlar 2020: global hamjihatlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari» mavzusidagi nufuzli xalqaro anjumanda Yoshlar parlamenti a'zolarining muvaffaqiyatli qatnashishgan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan tadbirda yoshlar siyosiy partiyalar fraksiyalari rahbarlari bilan ham uchrashishgan.

Eslatib o‘tamiz, Yoshlar parlamenti g‘oyasi 2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Ilm-ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasi e'lon qilingan edi. Bundan yoshlarning qonun ijodkorligi jarayonidagi ishtirokini yanada kengaytirish rejalashtirilgan.

11 may kuni parlament quyi palatasida o‘tkazilgan ishchi guruh yig‘ilishida Yoshlar parlamenti a'zolari ikki yil muddatga saylanishi, har bir shahar va tumandan bir nafardan vakil parlament a'zosi bo‘lishi kutilayotgani aytilgandi.

Senat va Qonunchilik palatasi qoshida alohida-alohida Yoshlar parlamenti tashkil etilishi belgilangan bo‘lib, Senat huzurida tashkil etiladigan tuzilma yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan jamoatchilik asosida tuziladigan maslahat organi hisoblanadi. 30 iyul kuni Oliy Majlis Senati huzuridagi Yoshlar parlamentining videokonferensaloqa tarzida birinchi majlisi bo‘lib o‘tgan, unda parlament raisi va uning o‘rinbosari saylangani xabar berilgan edi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentiga saylov bir oy davom etgan, unga turli sohalarda faoliyat yuritayotgan 11 mingdan ziyod yoshlar orasidan 250 nafar a'zo saylangan.

Mavzuga oid