Jahon | 22:29 / 20.08.2020
7969
2 daqiqa o‘qiladi

Boeing’ning eng mojaroli samolyoti nomi o‘zgartirildi

Boeing kompaniyasi o‘zining mojaroli 737 MAX modeli nomini o‘zgartirdi. Endi ushbu model 737-8 deb nomlanadi. Ta'kidlash joiz, avval xizmat yozishmalaridagina shunday nom qo‘llangan.

Foto: Boeing

Bu haqda Polshaning Enter Air aviakompaniyasi ushbu turdagi samolyotdan 4 tasini sotib olish bo‘yicha tuzgan shartnomadan ma'lum bo‘lgan

Bu shartnoma ushbu modeldagi samolyotlar ishtirokida yuz bergan ikkita aviahalokatdan keyin uning xaridi bo‘yicha tuzilgan birinchi shartnoma hisoblanadi.

Boeing’da ma'lum qilinishicha, Polsha aviakompaniyasi dastlab 2 ta samolyot xarid qiladi, so‘ngra undan yana 2 ta xarid qilishi mumkin. Shundan keyin aviakompaniyaning 737-8 samolyotlari floti 10 ta laynerga yetadi.

Ekspertlarning ta'kidlashicha, Boeing o‘zining eng mojaroli samolyoti uchun yaxshigina chegirma berishi mumkin.

Aviahalokatlardan keyin 737 MAX’da aniqlangan bir qator muammolar sababli Boeing mijozlari ushbu modeldagi 400 tadan ko‘proq samolyotga buyurtmalarni bekor qilgan. Ayni vaqtda kompaniya samolyotdagi barcha nosozliklarni tuzatganini ta'kidlamoqda.

Enter Air bosh direktori Gjyegoj Polaniyeskiyning ta'kidlashicha, barcha muammolar bartaraf etilgach, 737-8 modeli uzoq yillarga dunyodagi eng yaxshi samolyot bo‘lib qolish imkoniga ega. 

The Wall Street Journal nashri ma'lumotlariga ko‘ra, AQSh rasmiylari 2021 yil fevraligacha samolyotning parvozlariga ruxsat berishi dargumon. Bundan tashqari, boshqa davlatlar parvozlarga ruxsat berishi, uchuvchilarni tayyorlash va texnik xizmat ko‘rsatishga yana ko‘plab oylar ketadi.

2019 yil 29 oktyabrda Jakarta yaqinida va 2019 yil 10 martda Addis-Abebe yaqinida 737 MAX 8 ishtirokida aviahalokatlar yuz bergan. Ushbu aviahalokatlarda jami 336 kishi halok bo‘lgan. Shundan keyin halokatlar sabablari o‘rnatilgungacha butun dunyo bo‘ylab ushbu samolyotlar parvozlari to‘xtatilgan.

Mavzuga oid