O‘zbekiston | 22:26 / 20.08.2020
8686
2 daqiqa o‘qiladi

IIV: «Miting, yig‘ilish va namoyishlar to‘g‘risida»gi qonun loyihasining Belarusdagi voqealarga aloqasi yo‘q

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi 18 avgust kuni «Miting, yig‘ilish va namoyishlar to‘g‘risida»gi qonun loyihasini muhokamaga chiqargan edi. Vazirlik bu qonunni qabul qilish zarurati Belarusda o‘tkazilayotgan ommaviy norozilik namoyishlaridan so‘ng vujudga kelgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan fikrlarni rad etdi.

IIVning eslatishicha, O‘zbekistonda yig‘ilish, miting va namoyishlar tushunchalari, ularni tashkil etish va o‘tkazish tartibini belgilovchi normativ-huquqiy hujjat yo‘q. Bu huquqiy bo‘shliq Konstitutsiyaning 33-moddasidagi qoidalarni to‘liq ro‘yobga chiqarishga imkon bermayapti.

Shuningdek, YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining o‘tgan yil O‘zbekistonda o‘tkazilgan parlament saylovlari bo‘yicha yakuniy hisobotidagi kamchilik sifatida ham respublikada fuqarolarning ijtimoiy faolliklarini tartibga soluvchi birorta ham normativ-huquqiy hujjat yo‘qligi ko‘rsatilgan.

«Shunga asosan, vazirlik tomonidan mazkur yo‘nalishdagi xalqaro (RF, AQSh, Germaniya, Fransiya, Estoniya, Ozarbayjon, Turkmaniston, Tojikiston Qirg‘iziston, Qozog‘iston) tajribani chuqur o‘rgangan holda, yuqorida ko‘rsatilgan qonun loyihasi ishlab chiqilgan», – deyiladi IIV bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, dastlab rus tilida tayyorlangan «Mitinglar, yig‘ilishlar va namoyishlar to‘g‘risida»gi qonun loyihasi bir yil oldin – 2019 yil iyunida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan, biroq 27 iyungacha davom etgan muhokamalardan so‘ng qonun loyihasining taqdiri noma'lumligicha qolgandi.

Bu gal qonun loyihasi yuzasidan fikr va takliflarni 2 sentyabrga qadar yozib qoldirish mumkin.

Mavzuga oid