Korrupsiyaga qarshi kurash milliy kengashi ilk marta yig‘ildi: nimalar muhokama etildi?
20 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.
Videokonferensaloqa shaklida o‘tgan yig‘ilishda turli yo‘nalishlarda saqlanib qolayotgan korrupsiya holatlari, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining kelgusi faoliyat yo‘nalishlari, buyurokratik to‘siqlarni bartaraf qilish va yashirin iqtisodiyotni qisqartirish masalalari muhokama qilindi.
Unda shuningdek, Milliy kengash nizomi loyihasi, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan milliy strategiya va Milliy strategiya doirasida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2021-2022 yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi loyihalarini ishlab chiqish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Tanzila Norboyeva: «SEOMlardagi kabi korrupsiya holatlari xalqimizning davlatga bo‘lgan ishonchi so‘nishiga olib kelishi mumkin»
Yig‘ilishni olib borgan Oliy Majlis Senati hamda Milliy komissiya raisi Tanzila Norboyevaga ko‘ra, davlat organlariga bo‘layotgan ko‘plab murojaatlar va turli yig‘in hamda ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan fikrlar aholini korrupsiyadan jiddiy aziyat chekayotganini bildiradi.
«OAV orqali chop etilgan axborot materiallari, aholi bilan tashkil etilgan turli uchrashuvlardagi fikrlar, ijtimoiy tarmoqlardagi hamda davlat organlari va tashkilotlariga kelib tushayotgan murojaatlar tahlili xalqimizning mamlakatdagi bir qancha sohalarda davom etayotgan korrupsiyadan aziyat chekayotganini ko‘rsatmoqda.
Bunga sog‘liqni saqlash va boshqa ijtimoiy sohalarini misol qilib ko‘rsatishimiz mumkin. Xususan, ayni vaqtlarda mamlakatimizdagi pandemiya sharoitida sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazlari xalqimizga sodiq xizmat qilish o‘rniga ayrim mansabdorlar tomonidan jinoyatga qo‘l urilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining ma'lumotlariga ko‘ra, Qashqadaryoda viloyatida 917,8 mln, Navoiy viloyatida 509,8 mln, Namangan viloyatida 248,9 mln, Buxoro viloyatida 202,5 mln, Andijon viloyatida 159,3 mln so‘m miqdoridagi budjet mablag‘lari talon-toroj qilingan.
Bunday holatlar juda ko‘p. Sodir etiladigan bir-ikki shunday holatlar ham xalqimizning davlatga bo‘lgan ishonchi so‘nishiga olib kelishi mumkin.
Yuqorida qayd etilgan holatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan aniqlanganidir. Hali aniqlanmagan holatlar mavjud emasligiga kim kafolat bera oladi?
Ushbu masalalar hali qiladigan va hozirgi vaqtda olib borayotgan ishlarimiz hali ham talab darajasida emasligini ko‘rsatmoqda», – dedi u.
Tanzila Norboyeva mamlakatning xalqaro reytinglar, jumladan Transparency International indeksidagi o‘rniga to‘xtaldi. O‘zbekiston bu reytingda 2018 yili 180 ta davlat orasida 158-o‘rinni, 2019 yilda 153-o‘rinni egallagan.
«2019 yilda 5 o‘ringa ijobiy o‘zgargan. Biroq, bu biz uchun yetarli emas. Mamlakatimiz mazkur indeksda yetakchi o‘rinlarni band qilishi kerak.
Shu o‘rinda, korrupsiya sohasidagi xalqaro reytinglar nima beradi? degan tabiiy savol tug‘iladi. Eng avvalo, xalqimizning farovon turmush darajasini, ularning huquqlari, kafolatlarini, iqtisodiyotni rivojlantirish va biznes uchun qulay muhit yaratilishini ta'minlaydi. Shuningdek, mamlakat iqtisodiyoti, olib borilayotgan islohotlarning barqarorligini baholash imkonini beradi.
Bu esa xorijiy investitsiyalarni jalb qilish samaradorligini oshiradi. Qolaversa, mamlakatimizning xalqaro maydondagi imidjining oshishiga, uning integratsiyalashuviga olib keladi», – dedi Norboyeva.
Akmal Burxonov: «2021 yildan boshlab investitsiya loyihalarini amalga oshirishdan avval korrupsiyaga qarshi ekspertiza o‘tkazish tizimi joriy qilinadi»
Yig‘ilishda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov agentlik faoliyatini tashkil qilish va rejadagi muhim vazifalar yuzasidan ma'lumot berdi.
Unga ko‘ra, agentlik Adliya vazirligi, Bosh prokuratura va boshqa idoralar bilan birga xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda «O‘zbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi to‘g‘risida»gi, «Davlat xizmatchilarining daromadlari, mol-mulki va manfaatlar to‘qnashuvini deklaratsiya qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihalarini ishlab chiqadi.
«Bu qonun loyihalarini esa shu yilning avgust oyiga qadar prezident administratsiyasiga kiritish yuklatilgan», – dedi Burxonov.
Ma'lumotda aytilishicha, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘z faoliyatida bir qator xorijiy davlatlar: Koreya Respublikasi, Singapur va MDH davlatlari tajribasiga tayanmoqda.
«Biz faoliyatimiznining birinchi kunidan boshlab xalqaro ekspertlarni yaqin hamkor va maslahatchi sifatida jalb qildik. Masalan, janubiy koreyalik ekspert bizda maslahatchi sifatida ish boshladi. Singapurning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro eksperti ham hozir biz bilan ishlayapti. Bu borada bizga yevropalik ekspertlar ham yordam beryapti.
Biz jamoamizga munosib nomzodlarni saralab olish bo‘yicha katta tanlov o‘tkazdik. Shu oyning oxiriga qadar bu natijalar e'lon qilinadi va biz o‘z faoliyatimizni boshlaymiz», – dedi Akmal Burxonov.
O‘zbekistonda 2021 yildan boshlab investitsiya loyihalarini amalga oshirishdan avval korrupsiyaga qarshi ekspertiza o‘tkazish tizimi joriy qilinishi kutilmoqda.
Bunda milliy investitsion loyihalar hamda xalqaro moliya tashkilotlari tomonidan ajratilgan grantlar doirasidagi mablag‘larning maqsadli sarflanishi jarayonida ochiqlik va oshkoralikni ta'minlash va doimiy nazorat qilib boriladi.
«Korrupsiyaga qarshi kurashishga jamoatchilikni jalb etish faqatgina targ‘ibot ishlari emas, balki fuqarolarning korrutsiya holatlari to‘g‘risidagi murojaatlariga tezkorlik bilan munosabat bildirish ham muhim hisoblanadi.
Buning uchun korrupsiya holatlari haqida xabardor qilish imkonini beruvchi «E-Anticor.uz» maxsus elektron platformasini va mobil ilovasini imkon qadar tezroq ishga tushirish maqsadga muvofiq.
E'tiborlisi – korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishda boshqa tarzda ko‘maklashgan shaxslarni rag‘batlantirish mexanizmlarini ham joriy etish masalasini ko‘rib chiqishimiz lozim bo‘ladi. Xorij tajribasida bu tizim yaxshi samara berganini ko‘rdik», – dedi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori.
Ruslanbek Davletov: «Korrupsiyaning eng katta dushmani – ochiqlik va shaffoflik»
Adliya vaziri Ruslanbek Davletov davlat organlarida korrupsiyani yo‘qotish uchun birinchi navbatda aniq standartlar ishlab chiqilishi kerakligi borasida gapirdi.
«Korrupsiyaning eng katta dushmani – ochiqlik va shaffoflik. Xo‘sh, biz davlat organlarida ochiqlik va shaffoflik bo‘yicha qanday dastur bor, degan savolga javob berolamizmi?
Bizda davlat organlarida ochiqlik va shaffoflikni ta'minlash bo‘yicha dastur bor, lekin uning ijrosini monitoring qilish yo‘q. Bu borada bizga hech bir tashkilot yoki parlament a'zolari biror narsa qilib bergani yo‘q.
Shu boisdan, Adliya vazirligi bir taklif bilan chiqmoqda: davlat organlarida ochiqlik va shaffoflikni ta'minlash uchun davlat dasturi qilib, undagi standartlarni belgilab olishimiz kerak. Ya'ni davlat organlari qanday standart asosida ishlashi kerak? Masalan, davlat xarajatlari nuqtayi nazaridan davlat organlari qaysi ma'lumotlarni ochiqlashi kerak?
Rahbarlarning xizmat safariga qilingan xarajatlari ochiqlanishi kerakmi yo yo‘qmi? Tenderlarda sotib olinayotgan ma'lumotlar ochiqlanishi kerakmi yo yo‘qmi?
Amaldorlarning tovar moddiy boyliklari yoki ular qanday avtomashina haydayotgani ochiqlanishi kerakmi yo yo‘qmi?», – deya savol qo‘ydi Davletov.
U bu borada Senat raisi Tanzila Norboyevaga murojaat qilar ekan, mana shu standartlar ishlab chiqilsagina davlat tashkilotlari aniq reja asosida ishlay olishini ta'kidladi.
«Bular uchun albatta standartlar bo‘lishi kerak. O‘sha standartlar asosida keyin biz ishlaymiz», – dedi Adliya vaziri.
Yig‘ilishda bugungi kundagi eng muhim sohalar – sog‘liqni saqlash va davlat xaridlari tizimida «Korrupsiyasiz soha» loyihasini amalga oshirish taklif etildi. Loyihani tayyorlash va amalga oshirish bo‘yicha ishchi guruhlar tuzib olindi.
Mavzuga oid
16:12 / 22.11.2024
Tanzila Norboyeva Rossiyada MDH davlatlari Parlamentlararo Assambleyasida ishtirok etdi
13:56 / 19.11.2024
Tanzila Norboyeva Senat raisi lavozimiga qayta saylandi
13:10 / 17.11.2024
O‘zbekiston parlamenti a’zolari Bokuda o‘tayotgan BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyada ishtirok etdi
22:55 / 16.11.2024