O‘zbekiston | 17:31 / 20.08.2020
10418
4 daqiqa o‘qiladi

«Oilasini boqish uchun xorijda ishlayotgan migrantlarga rahmat deymiz» – vazir o‘rinbosari

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Muhiddinov Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasida mehnat muhojirlarini ijtimoiy himoyalash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida axborot berdi.

Erkin Muhiddinov

«Oxirgi uch yilda migrantlarga nisbatan munosabat tubdan o‘zgardi. Xalqimizda azaldan musofirchilikning nonini yegan, qiyinchiligini ko‘rgan odamga hurmat bilan qaralgan. So‘nggi yillarda ana shu qadriyatlarimizni tiklayapmiz. Ya'ni biz oilasini boqish uchun xorijga ketib ishlayotgan migrantlarga rahmat deymiz, ularni hurmat qilamiz. Shu bilan birga, mehnat migrantlarini qiynayotgan muammolarni yechishga kirishishimiz kerak.

Senat xorijdagi fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha hukumatga parlament so‘rovi yuboradi

Keyingi yillarda O‘zbekiston fuqarolarini Rossiya Federatsiyasi, BAA, Yaponiya, Qozog‘iston, Turkiya va boshqa davlatlarga tizimli, ya'ni vakolatli organlar tomonidan tomonidan tashkillashtirilgan ravishda ishga yuborish bo‘yicha ikki davlat o‘rtasida kelishuvga erishildi. Bundan tashqari, migratsiya sohasidagi ko‘p muammolar yechimini topdi. Jumladan, mehnat migrantlariga yordam berish uchun alohida jamg‘arma tuzildi. Shu jamg‘arma hisobidan xorijda qiyin ahvolga tushib qolgan, yordamga muhtoj vatandoshlarga yordam beryapmiz.

Birgina Rossiya Federatsiyasi misolida gapiradigan bo‘lsak, jinoyat qilmagan, lekin migratsiya tartib-qoidalarini buzgani uchun ma'muriy javobgarlikka duch kelgan fuqarolar alohida markazga tushib qolar, vatanga qaytishlari uchun pul topilmagani sababli ular ushbu muassasalarda oylab, hattoki yillab qolib ketishardi. Mana shu fuqarolar hozir maxsus jamg‘arma hisobidan vatanga olib kelinyapti. Afsuski, xorijda ishlayotgan fuqarolarning ish jarayonida sodir bo‘lgan baxsiz hodisa tufayli mayib bo‘lib qolishi yoki vafot etishi ham uchrab turadi, bunday paytda bemorlarni yoki fuqaroning jasadini O‘zbekistonga olib kelish oson kechmaydi. Ilgarilari buning uchun bemor yoki marhumning oilasi, yaqinlari yelib-yugurgan, katta xarajatlar qilishgan bo‘lsa, bugungi kunda bu ishlar davlat hisobidan amalga oshirilmoqda», deya Erkin Muhiddinovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

«Yo‘lni ochinglar, Rossiyaga ketaylik!» – o‘zbekistonlik mehnat muhojiri ishini yo‘qotishdan xavotirda

Vazir o‘rinbosarining qo‘shimcha qilishicha, bugungi kunda ishlash uchun xorijga ketish niyatida bo‘lgan, biroq aviachiptaga pul topolmayotgan fuqarolarga berilayotgan ko‘mak haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

«Ko‘plab mehnat muhojirlarimiz ayniqsa Rossiya va Qozog‘istonga ishlashga ketayotgan hamyurtlarimiz xavfli yo‘llardan ketishar va buning oqibatida Qozog‘iston hududida ayanchli fojialar ham ro‘y bergandi. Buning oldini olish uchun prezident qaroriga asosan respublikaning har bir hududida mehnat muhojirlariga chipta sotish uchun alohida kassalar ochilgan. Ushbu kassalarda xorijga ishlashga ketayotgan o‘zbekistonliklarga avia va temir yo‘l chiptalari imtiyozli ravishda sotilmoqda, yaqinda avtobus qatnovi ham yo‘lga qo‘yildi. Hozirgacha ikki yuz ming nafar fuqaroga ana shunday yordam ko‘rsatildi. Bundan tashqari, xorijga borib ishlash uchun yo‘lkira topolmayotgan fuqarolarga safar xarajatlarini qoplash uchun imtiyozli kreditlar berish ham yo‘lga qo‘yildi.

Shu bilan birga, mehnat muhojirlarining sog‘lig‘i va hayotini turli xatarlardan muhofazalash maqsadida 70 mingta sug‘urta polislari ham taqdim etildi. O‘tgan yildan boshlab ushbu polislar migrantlarga bepul berilmoqda, ya'ni sug‘urta polislarining puli jamg‘arma tomonidan qoplab berilmoqda», deydi Erkin Muhiddinov.

Yetti oy davomida O‘zbekistonga kelib tushgan transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi 3 mlrd dollarni tashkil etdi

6 oyda 219 ming migrant xorijdan O‘zbekistonga qaytgan – vazirlik

Xorijdagi ish joyiga keta olmagan 500 mingga yaqin kishining 76,2 ming nafariga bandlikni ta'minlash xizmati ko‘rsatilgan - vazirlik

Жамшид Ниёзов
Tayyorlagan Жамшид Ниёзов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid