O‘zbekiston | 23:23 / 21.08.2020
16457
8 daqiqa o‘qiladi

Koronavirusni davolashga 20 avgustdan oldin jalb qilinganlarga avvalgi tartib bo‘yicha ish haqi to‘lanadi - SSV

Koronavirusni davolash ishiga 20 avgustdan oldin jalb qilingan tibbiyot xodimlariga avvalgi tartibga ko‘ra ish haqi to‘lab beriladi. Sog‘liqni saqlash vazirligi 20 avgust sanasidan koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolash ishlariga hamda koronavirus infeksiyasini aniqlash laboratoriyasiga jalb qilingan xodimlarga ish haqi to‘lash mexanizmiga o‘zgartirishlar kiritilgani bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumot berdi.

Yangi tartibga ko‘ra, xalqaro tajribadan kelib chiqib, koronavirusni davolash ishiga jalb qilinganlarning faoliyatini tashkil qilishda amaldagi 14 kunlik «vaxta» usulidan kunbay kelib-ketish tizimiga o‘tildi. Endilikda 20 avgust sanasidan keyin ishga chiqqan xodim 14 kunlik emas, 30 kunlik davr uchun har oy yakuni bo‘yicha hisob-kitob qilinadi. 

Lekin xodim 20 avgust sanasidan oldin ishga jalb qilingan bo‘lsa, uning xohishi va mavjud vaziyatga ko‘ra, 14 kunlik muddati yakunlanguniga qadar faoliyat ko‘rsatib, avvalgi tartibga ko‘ra ish haqi hisob-kitob qilinadi. 

Kunbay kelib-ketish tizimi joriy etilishi munosabati bilan muassasa rahbari tomonidan xodimlar to‘laqonli faoliyat ko‘rsatishi uchun tegishli shart-sharoitlar yaratish choralarini ko‘rishi lozimligi belgilangan.

«Bugungi kunga kelib, tibbiyot xodimlarining koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashda yetarli tajriba orttirishi, tibbiyot tashkilotlarining moddiy-texnik va dori vositalari ta'minotini yaxshilash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ko‘rilishi natijasida mavjud vaziyat nisbatan barqarorlashishiga erishilmoqda.

Shu bilan birga, joriy yilning mart oyidan boshlab, qariyb olti oy davomida doimiy yashash joyidan ajralgan holda faoliyat ko‘rsatayotgan tibbiyot xodimlari 14 kunlik «vaxta» usulida emas, balki kunbay kelib-ketish tizimiga o‘tish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirib o‘tishgan.

Rossiya, Turkiya, Germaniya, Xitoy, Koreya va boshqa rivojlangan mamlakatlarning shu sohadagi ekspertlarining tavsiyalariga ko‘ra, koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarni davolashga mo‘ljallangan, saralash va provizor shifoxonalari hamda koronavirus infeksiyasini aniqlash laboratoriyalari xodimlari ish rejimini, ularning sanitariya va gigiyena qoidalariga qat'iy rioya qilgan holda kunbay kelib ketish tizimiga o‘tkazilishiga Respublika maxsus komissiyasi tomonidan 2020 yil 17 avgustdagi yig‘ilish bayoniga muvofiq ijobiy munosabat bildirilgan», deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida.

Yuqorida bayon etilgan xulosalarni inobatga olib, shuningdek, koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish davrida tibbiyot xodimlari zimmasiga tushgan yuqori ish yuklamasini yumshatish hamda budjet mablag‘laridan samarali va oqilona foydalanishni ta'minlash maqsadida joriy yilning 20 avgust sanasidan boshlab:

  • koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolash ishlariga jalb qilingan tibbiy xodimlar hamda koronavirus infeksiyasini aniqlash laboratoriyalari xodimlari ish faoliyatini tashkil qilishda amaldagi 14 kunlik «vaxta» usulidan, o‘rnatilgan sanitariya va gigiyena qoidalariga qat'iy rioya qilgan holda kunbay kelib ketish tizimiga o‘tkazish;
  • koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni sutka davomida tanaffussiz davolashga ixtisoslashgan tibbiyot tashkilotlarida, jumladan intensiv palatalar va reanimatsiya bo‘limlarida grafik asosida kechki va tungi vaqtlarda vrachlar navbatchilik qilishi orqali tibbiy yordam uzluksiz taqdim etilishi yo‘lga qo‘yish;
  • har bir 30 kunlik davr uchun har oylik yakuni bo‘yicha vrachlarga 25 mln so‘m, o‘rta tibbiy xodimlarga 15 mln so‘m, kichik tibbiy xodimlarga 10 mln so‘m va boshqa xodimlarga 5 mln so‘m miqdorida maxsus rag‘batlantirish to‘lovlari (daromad solig‘idan tashqari) to‘lanishi;
  • har oy yakunida ishga jalb etilgan kunlar soni 30 kunni tashkil etmagan hollarda maxsus rag‘batlantirish to‘lovlari xodimlarning amalda ishlagan kunlari soniga mutanosib miqdorlarda hisoblanishi va to‘lanishi tartibi joriy etildi.

Mazkur tartiblarni amalga oshirishda, asosiy ish joyidagi oylik maoshi saqlab qolingani hamda xodimlarning dam olish va bayram kunlaridagi ishga jalb etilgani uchun ularga mehnat qonunchiligida belgilangan tartibda qo‘shimcha haq to‘lanadi.

Koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolash ishlariga hamda koronavirus infeksiyasini aniqlash laboratoriyasiga jalb qilingan xodimlarning maxsus rag‘batlantirish to‘lovlari:

  • xodim joriy yilning 20 avgust sanasigacha jalb qilingan bo‘lsa, xodimning xohishiga va mavjud vaziyatga ko‘ra, uning 14 kunlik faoliyati yakuni bo‘yicha hisob-kitob qilinadi, bunda 14 kunlik faoliyati yakuniga qadar amaldagi shartlar saqlab qolinadi;
  • xodim joriy yilning 20 avgust sanasidan keyin jalb qilingan bo‘lsa, 30 kunlik davr uchun har oy yakuni bo‘yicha hisob-kitob qilinadi.

Bunda, tibbiyot tashkilotlari faoliyatiga jalb qilinganxodimlarga qulaylik yaratish maqsadida mablag‘lar ularning bank plastik kartalariga o‘rnatilgan tartibda o‘tkazib beriladi.

Koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolash ishlariga hamda koronavirus infeksiyasini aniqlash laboratoriyasiga jalb qilingan xodimlarning kunbay kelib ketish tizimi joriy etilishi munosabati bilan ularning talabiga asosan ishlayotgan davrida jalb etilgan muassasa rahbari tomonidan xodimlarning ish faoliyatlarini to‘laqonli amalga oshirishlari uchun tegishli shart-sharoitlar yaratish choralarini ko‘rishlari lozim.

«Shu bilan birga, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga asosan to‘g‘ri va sog‘lom ovqatlanish davolanishning muhim elementi hisoblanishini hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tavsiyalarini inobatga olib, shuningdek bemorlar va karantinga olingan shaxslarni ovqatlantirishda ortiqcha isrofgarchiliklarning oldini olish nuqtayi nazaridan kunlik ovqatlantirish xarajatlarini me'yorlashtirish maqsadida autsorsing xizmati orqali kunlik ovqatlantirish xarajatlarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida 35 ming so‘mgacha va boshqa hududlarda 30 ming so‘mgacha bo‘lgan miqdor belgilanmoqda.

Bunda, 2020 yilning 20 avgustidan boshlab:

  • Toshkent shahri va Toshkent viloyatida 35 ming so‘mgacha hamda boshqa hududlarda 30 ming so‘mgacha bo‘lgan miqdorda belgilash va kunlik ovqatlantirishni yetkazib beruvchi xo‘jalik sub'yektlari bilan tuzilgan shartnomaga tegishli o‘zgartirishlar kiritilishi;
  • Toshkent shahri va Toshkent viloyatida 35 ming so‘mgacha hamda boshqa hududlarda 30 ming so‘mgacha belgilangan narxlardan oshmagan yoki kamroq narxlarda ovqatlantirish tashkillashtirilgan holatlarda, o‘sha belgilangan miqdorlarda autsorsing xizmati orqali kunlik ovqatlantirishni yetkazib beruvchi xo‘jalik sub'yektlari bilan tuzilgan shartnomaga asosan faoliyatni davom ettirish tavsiya etilmoqda. Bunda, tavsiya etilgan narxlardan yuqori bo‘lgan qismi homiylik yoki budjetdan tashqari boshqa manbalar hisobidan qoplanishi mumkin.

O‘z navbatida, autsorsing xizmati orqali yetkazib beruvchi xo‘jalik sub'yektlari bilan tuzilgan shartnomaga asosan kunlik ovqatlantirish me'yori va oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va sog‘liq uchun foydaliligi talab darajasida bo‘lishiga e'tibor qaratish muhim hisoblanadi.

Mazkur tartiblar koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash tadbirlariga jalb qilingan budjet mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladigan barcha muassasa va tashkilotlarga tatbiq etiladi.

Ayni paytda ushbu masala yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi va Moliya vazirligi o‘zaro hamkorlikda Vazirlar Mahkamasining qaror loyihasini tayyorlamoqda.
 

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid