Jamiyat | 16:57 / 25.08.2020
143773
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston xalq artisti Dilbar Ikromova olamdan o‘tdi

O‘zbek milliy akademik drama teatri aktrisasi, O‘zbekiston xalq artisti Dilbar Ikromova bugun, 25 avgust kuni 73 yoshida vafot etdi. Bu haqda Kun.uz’ga «Kino» mediaklubi rahbari Shoira Raufboyeva ma'lum qildi.

Ma'lum bo‘lishicha, aktrisa koronavirusga chalinib shifoxonada davolanayotgandi.

«Dilbar opa COVID-19 infeksiyasini yuqtirib, komaga tushib qolgandilar. Dastlab Zangiotadagi maxsus shifoxonada davolandilar, ahvollari og‘irlashgach «Akfa Medlayn» klinikasiga ko‘chirilgandi.

U kishining salomatliklari uchun oilasi teatr va «O‘zbekkino» MA jamoasi – hamma harakat qildi, lekin bo‘lmadi. 73 yoshda edilar, ularni Alloh rahmatiga olsin», deydi suhbatdosh.

Madaniyat vazirligi ham aktrisaning oila-a'zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirgan.

Dilbar Ikromova 1947 yilning 17 iyulida Toshkent viloyatining Bekobod tumanida tug‘ilgan. U 1970 yilda Toshkent teatr va rassomlik san'ati institutining (hozirgi M.Uyg‘ur nomidagi San'at instituti) «Teatr va kino aktyori» fakultetini tugatgan.

Aktrisa «Kelinlar qo‘zg‘oloni», «Chimildiq», «Dev bilan pakana», «Devona», «Afg‘on», «Oyqiz ertagi» kabi filmlardagi rollari bilan muxlislar qalbidan joy egallagandi.

Dilbar Ikramova, shuningdek, mohir dublyaj aktyori sifatida ham o‘ziga xos ovoz sohibi edi.

Dilbar Ikromova 2001 yilda «O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti» faxriy unvoni bilan taqdirlangandi.

Kun.uz marhumning oila a'zolariga hamdardlik bildiradi.

Mavzuga oid