O‘zbekiston | 14:01 / 26.08.2020
5684
2 daqiqa o‘qiladi

Karantin choralari natijasida pullik xizmatlar, umumovqatlanish va transport xizmatlari qisqardi - vazirlik

1-yarim yillikda xizmatlar sohasida aloqa xizmatlarining 15,1 foizi va moliyaviy xizmatlarning 35,9 foiz o‘sishi kuzatilgan bo‘lsa, transportda 9,1 foizga, yashash va ovqatlanish xizmatlarida 17,1 foizga pasayishi kuzatildi.

Moliya vaziri Timur Ishmetov Davlat budjetining 2020 yilning 1-yarim yilligidagi ijrosi yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yalpi majlisidagi ma'ruzasida shu haqda ma'lum qilgan.

“Joriy etilgan karantin choralari va chegaralarining yopilishi natijasida joriy yilning aprel oyining o‘zida pullik xizmatlar 37,5 foizga, shundan, umum ovqatlanish xizmatlari – 66,6 foizga, transport xizmatlari – 55,8 foizga qisqardi.

Aviaparvozlar, metropoliten, shaharlararo va ichki transport harakatlari to‘xtadi. Joriy yilning may oyidan boshlab karantin choralari yumshatilishi hamda o‘z vaqtida inqirozga qarshi iqtisodiy tadbirlarni amalga oshirilishi natijasida iqtisodiyot tarmoqlarida jonlanish kuzatildi.

2020 yilning yanvar-iyun oylarida inflatsiya darajasi iqtisodiyotda umumiy talabning pasayishi natijasida prognoz (5,6-4,6 foiz)ga nisbatan past bo‘ldi va 4,6 foizni tashkil etdi, 2019 yil 1-yarim yilligida ushbu ko‘rsatkich 5,6 foizni tashkil etgan edi.

2020 yilning yanvar - iyun oylarida asosiy kapitalga investitsiyalar hajmi 84 trln 800 mlrd so‘mni yoki Yalpi ichki mahsulotga nisbatan 33,2 foizni tashkil etdi.

Chegaralarning yopilishi va global mahsulot ayriboshlash zanjirining uzilishi natijasida joriy yilning 1-yarim yilligida mamlakatning tashqi savdo aylanmasi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18,2 foizga (3,5 mlrd. AQSh dollarga) kamaydi va 15,9 mlrd AQSh dollarini tashkil etdi.

Bunda eksport hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 22,6 foizga yoki 6,3 mlrd AQSh dollariga va import hajmi 15 foizga yoki 9,6 mlrd AQSh dollarga kamaydi”, - deyiladi ma'ruzada.

Mavzuga oid