O‘zbekiston | 20:04 / 26.08.2020
9757
4 daqiqa o‘qiladi

Sog‘liqni saqlash vaziri hududiy rahbarlarni xotirjamlikka berilmaslikka chaqirdi

25 avgust kuni Cog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov tibbiyot tizimi xodimlari bilan koronavirus pandemiyasi davridagi vaziyat, infeksiyani oldini olish borasida birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarida amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yo‘llari masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi.

Unda hududiy sog‘liqni saqlash boshqarmalari rahbarlari, viloyat, tuman va shahar sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazlari mas'ullari, tuman va shahar tibbiyot birlashmalari rahbarlari, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika mudirlari, oilaviy poliklinika va qishloq vrachlik punktlari mudirlari qatnashdi.

Viloyatlarda bugungi kunda koronavirus infeksiyasi va pnevmoniya bilan davolanayotgan umumiy bemorlar soni, kasallik kechishi dinamikasi, mobil poliklinikalar va brigadalar soni, avtotransport, aloqa vositalari bilan ta'minlanganligi, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat holati, mavsumiy kasalliklarning oldini olish borasida olib borilayotgan vaksinatsiya ishlari holati kabi qator masalalar tahlil qilindi. 

Shu kunga qadar koronavirusga chalingan bemorlarga ambulator yordam ko‘rsatishni tashkillashtirish bo‘yicha vazirlikning 20dan ziyod buyruqlari, ko‘rsatma xatlari va ambulator sharoitda davolash bo‘yicha protokol qabul qilindi.

Tibbiy oliy o‘quv yurtlari tomonidan tibbiyot xodimlari uchun onlayn tarzda 18 soatlik malaka oshirish kurslari tashkil etildi. Mobil brigada va «COVID-19 poliklinika» xodimlari oylik maoshiga kunlik 6 foizlik ustamalar belgilandi. Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari kechayu kunduz faoliyat yuritish tizimiga o‘tkazilib, poliklinikalarda call-markazlar tashkil qilindi, qo‘shimcha ravishda mobil va statsionar telefonlar bilan ta'minlanib, 7,3 millionga yaqin xonadon «onlayn patronaj» bilan qamrab olindi.

Shuningdek, poliklinikalarda mobil brigadalar tashkil qilinib, kasallikning yengil va alomatsiz shakllari va gumon qilinganlarni uyda davolash uchun 161 mingdan ziyod dori vositalari jamlanmasi — «COVID-box» bepul yetkazib berildi.

Videoselektorda ayni paytda sohadagi mavjud muammolar ham tahlil qilindi. Jumladan, Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov ayrim viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmalarining boshliqlarini kunlik ishlar bilan ovora bo‘lib, eskicha ishlash tizimidan qutulmayotganini aytib, yuqoridan topshiriq tushishini kutib, «menda kasal kam», «menda kasallanganlar holati stabil», deb bamaylixotir bo‘lmaslikka chaqirdi.

Hududlardan taqdim etilayotgan hisobotlardagi nomutanosibliklar, aholi murojaatlarini, xususan, ba'zi holatlarda «onlayn patronaj» xizmatlariga kelib tushgan chaqiruvlarni ko‘paytirib qayd etish hollari uchrab turgani yuzasidan mutasaddilarga ogohlantirishlar berildi. Shifoxonalarda bemorning ambulator kartasi kabi kerakli hujjatlarni yuritish oqsayotgani holda keraksiz hujjatbozliklar ko‘payib ketgani, bir ma'lumot bir necha hujjatda qayd etilayotgani keskin tanqid qilindi.

Vazir ambulator-poliklinika xizmatlarini samarali tashkil etish haqida gapirdi.

«Ambulator-poliklinika xizmati bo‘yicha bosh mutaxassis, ko‘p tarmoqli poliklinikalar mudirlari, bosh hamshira hamda tibbiyot institutlari professor-o‘qituvchilaridan iborat ishchi guruhlar tuzib, sharoiti eng og‘ir qishloq vrachlik punktlarini borib ko‘rish, faoliyatini o‘rganish, muammolar yechimini o‘sha joyning o‘zida mahalliy hokimliklar ko‘magida hal qilishimiz lozim, shundagina faoliyatimiz samarasi xalqimiz bahosida namoyon bo‘ladi», deya ta'kidladi vazir Alisher Shodmonov.

Mavzuga oid