O‘zbekiston | 15:28 / 27.08.2020
16833
3 daqiqa o‘qiladi

Dehqon xo‘jaliklariga yer uchastkasini ijara asosida berish tizimi joriy etiladi

Qonun loyihasi qabul qilinsa, bu bilan yer uchastkalari noqonuniy yoki turli bahonalar bilan olib qo‘yilishining oldi olinib, yerga bo‘lgan huquq kafolatlari yanada kuchaytiriladi. 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2020 yil 26 avgust kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.

Parlament saytida yozilishicha, deputatlar bu borada olib borilgan o‘rganishlar natijalariga ham to‘xtalib o‘tishdi. O‘rganishlarga ko‘ra, dehqon xo‘jaliklari faoliyati yetarli darajada tartibga solinmagan, ularning soni va ajratilgan yerlarning hisobini yuritish hamon yo‘lga qo‘yilmagan hamda dehqon xo‘jaliklari to‘g‘risidagi ma'lumotlar turlicha yuritilmoqda. Yana bir jihat ham borki, u ham bo‘lsa, aholi sonining oshib borayotganligi hisobiga bir kishiga to‘g‘ri keladigan yer ulushining tobora kamayib borayotganligidir.

Qonun loyihasida shu kabi muammoli masalalarga jiddiy yondashilgan. Uning asosiy maqsadi — dehqon xo‘jaligini tashkil etish, faoliyatining huquqiy asoslarini belgilash, shuningdek, dehqon xo‘jaliklarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan.

Parlament a'zolarining qayd etishicha, loyihada dehqon xo‘jaliklariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yer uchastkasini meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi bilan berish amaliyoti o‘rniga bundan keyin yer uchastkasini ijara asosida berish tizimini joriy etish nazarda tutilmoqda. Bog‘dorchilik va uzumchilikka ijara muddatini — 50 yil, sabzavotchilik va polizchilikka — 30 yil qilib belgilash, dehqon xo‘jaligiga bundan keyin ijaraga beriladigan yerning minimal maydonini belgilagan xolda maksimal maydonini ko‘paytirish (0,06 gektardan 1 gektargacha), dehqon xo‘jaligining daromadlari soliq solinadigan baza hisoblanmasligi kabilar ham loyihada belgilanmoqda.

Qonun loyihasi qabul qilinsa, xalq vakillarining fikricha, bu bilan yer uchastkalari noqonuniy yoki turli bahonalar bilan olib qo‘yilishining oldi olinib, yerga bo‘lgan huquq kafolatlari yanada kuchaytiriladi. Shuningdek, fermerlarning asosiy ekindan bo‘shagan yer maydonlarida bir yoki bir nechta mavsumda ijara asosida dehqon xo‘jaligi bilan shug‘ullanishga ruxsat berilishi vaqtincha bo‘sh turgan yerlardan samarali foydalanishga xizmat qiladi.

Qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid