Jamiyat | 14:56 / 27.08.2020
14525
6 daqiqa o‘qiladi

«Mahallamizni gazga ulab bering» - Urganch tumani aholisi ko‘p yillik muammodan shikoyat qildi

Xorazm viloyati, Urganch tumani, Yuqoribog‘ qishlog‘ining «Bobodehqon» mahallasi aholisi gaz ta'minoti bilan bog‘liq muammoning hal etilmay kelayotganidan shikoyat qildi. Mahalla ahli uch yildan beri rahbarlar va'dasi bajarilishini kutmoqda.

Yuqoribog‘ qishlog‘ining «Bobodehqon» (oldingi «Sartovul») mahallasi Urganch – Cholish avtomobil yo‘li yoqasida joylashgan. 2013 yilda mahallaning bir qismi Vazirlar Mahkamasining «Xorazm viloyati iste'molchilarini yoqilg‘i-energetika resurslari bilan ta'minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 193-qaroriga binoan gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan hudud deb topilib, ta'minotdan uzib tashlangan.

Hozirgi paytda «Bobodehqon» mahallasining 735ta xonadonidan 170tasida gaz bor. Qolgan 565ta xonadon vakillari gaz ta'minotiga ulab berishlarini so‘rab, eshik qoqib bormagan joylari qolmagan.

Mahalla oqsoqollaridan biri, mehnat faxriysi, 86 yoshli Sotimboy Sharipov gaz ta'minoti bilan bog‘liq muammo to‘g‘risida gapirib berdi.

«2013 yilda mahallamizning bir qismini hech qanday ogohlantirishsiz gaz ta'minotidan uzib tashlashdi. Keyin bilsak, «gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan» hududda joylashgan ekanmiz. Magistral gaz quvurining bizdan oldingi va keyingi qismida joylashgan mahallalarda gaz bosimi yuqori bo‘lsa, qanday qilib gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan hududda joylashgan bo‘lamiz?

Gaz ta'minotiga ulab berishlarini so‘rab, Toshkentgacha bordik. Ammo mahalliy hokimlik va gaz idorasidan hech qanday yordam bo‘lmadi. 2017 yilda viloyat hokimi gaz ta'minoti tiklanishini va'da bergan edi. Bungayam mana 3 yil bo‘lib qoldi, ammo va'da bajarilmadi», - dedi Sotimboy bobo.

Tabiiy gaz muammosi mahalla tadbirkorlarini ham qiynab qo‘ygan. Qizlargul Egamova xususiy bolalar bog‘chasini ochib, yigirmadan ortiq bolani tarbiyalamoqda. U qishning sovuq kunlaridagi muammolar to‘g‘risida gapirdi.

«Mahallada xususiy bolalar bog‘chasini ochganman. 25 nafar bolani tarbiyalayapman. Sharoitlar og‘ir, gaz yo‘q. Qishning sovuq kunlarida xonani konditsioner yordamida bir amallab isitib o‘tiramiz.

Mahallamiz atrofidagi hududlar gaz ta'minotiga ulangan, bosim ham baland. Qanday qilib hududimiz gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan joy deb topilgan, shuni kim tushuntirib beradi?», - dedi u.

Tabiiy gaz muammosi tufayli mahalla aholisi tappi va ko‘mirdan foydalanmoqda. Suyultirilgan gaz balloni oyda bir marta yetkazib berilyapti. Undan faqat ovqat pishirish, suv qaynatish uchun foydalanish mumkin.

Yilning sovuq fasllarida uylarni isitish uchun ko‘mir va o‘tin yoqilyapti. O‘tgan yili Qozog‘istonning sifatli ko‘mirining tonnasi aholi tomonidan 640 ming so‘mdan, O‘zbekistonning arzon, ammo sifatsiz ko‘mirining tonnasi 325 ming so‘mdan sotib olingan.

Mehnat faxriylaridan biri, 69 yoshli Otaxon Jumaniyazov so‘zlariga ko‘ra, mahalla gaz ta'minotidan  uzilishi natijasida ko‘plab boshqa muammolar kelib chiqqan.

«Oilada 10 jonmiz. Turmush o‘rtog‘im 1-guruh nogironi. Qishda bir amallab, bir-ikki xonani isitib, qamalib o‘tiramiz. Sharoitlar og‘ir. Tappi, ko‘mir yoqish natijasida ularning sassiq, badbo‘y hidi hamma joyga tarqaladi. Natijada nafas olish qiyinlashib qoladi.

Gaz yo‘qligidan daraxtlar ham kesib tashlandi va o‘tin qilib yuborildi. Mahalladagi ekologik vaziyat ham yomonlashdi.

Mahallamiz gaz ta'minotidan nima uchun uzib tashlanganini tushunmayapman. Bu yerda gaz bosimi har doim baland bo‘lgan. Suyultirilgan gaz yetkazib berilmoqda deyishadi. Ammo undan faqat ovqat pishirish, suv qaynatishda foydalanish mumkin, xonalarni isitishning esa iloji yo‘q», - dedi u.

«Xorazm hududgaz» MChJ «Urganch tumangaz» filiali bosh muhandisi Po‘lat Rahimov «Bobodehqon» mahallasining tabiiy gaz ta'minotiga ulash bilan bog‘liq muammolarni aytdi.

«Bobodehqon» (oldingi «Sartovul») mahallasining bir qismi 2013 yilda Vazirlar Mahkamasining «Xorazm viloyati iste'molchilarini yoqilg‘i-energetika resurslari bilan ta'minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 193-qaroriga binoan gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan hudud deb topilib, ta'minotdan uzib tashlangan. Bu qaror hozir ham o‘z kuchida, shu tufayli mahallani gaz ta'minotiga qayta ulashning iloji yo‘q.

«Bobodehqon» mahallasi Urganch shahriga yaqin bo‘lishiga qaramay, G‘oybu qishlog‘ida joylashgan Urganch gaz taqsimlash stansiyasidan 16-17 km uzoqlikda joylashgan. Bu esa yaqin masofa emas.

Hozirgi kunda mahalla aholisi suyultirilgan gaz bilan imtiyozli narxlarda muntazam ravishda ta'minlanmoqda», - dedi Po‘lat Rahimov.

Albatta, tabiiy gazga bog‘liq bo‘lgan maishiy qulaylik o‘rnini tappi, ko‘mir, o‘tin, suyultirilgan gaz yoqish orqali to‘ldirib bo‘lmaydi. Odamlar shikoyatining asl mohiyati ham shunda.

So‘nggi yillarda gaz taqsimlash stansiyalarida, magistral quvurlarda ko‘plab ta'mirlash ishlari amalga oshirildi, gaz ta'minoti bilan bog‘liq muammolar bartaraf qilindi. Balki avval gaz ta'minotidan uzilgan hududlarni yana qayta ulash imkoniyati paydo bo‘lgandir?

«Bobodehqon» mahallasi aholisi tabiiy gaz bilan ta'minlanishini, bu borada avvalgi qabul qilingan bayonnomalarning qayta ko‘rib chiqilishini, tabiiy gaz uchun qo‘shimcha limit ajratilishini, kuz-qish mavsumida aholining farovon hayot kechirishiga sharoit yaratib berilishini rahbarlardan so‘rashmoqda.

Nurmuhammad Said

Mavzuga oid