O‘zbekiston | 08:18 / 27.08.2020
3022
6 daqiqa o‘qiladi

Namangan va Andijonda ixtisoslashtirilgan erkin iqtisodiy zonalar tashkil etiladi

Respublikaning to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini jadal rivojlantirishga yo‘naltirilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirishga xorijiy va mahalliy investitsiyalarni faol jalb etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish mo‘ljallangan.

Prezidentning "Namangan va Andijon viloyatlarida to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatiga ixtisoslashtirilgan erkin iqtisodiy zonalar tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni loyihasi e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Namangan va Andijon viloyatlari hokimliklarining Namangan viloyatining Namangan shahri, To‘raqo‘rg‘on va Chortoq tumanlaridagi jami, 313,7 gektar yer maydonida “Namangan-textile” erkin iqtisodiy zonasi va Andijon viloyatining Paxtaobod tumanidagi 55 gektar yer maydonida “Andijan-textile” erkin iqtisodiy zonalari tashkil etish hamda ularning hududiy chegaralarini tasdiqlash taklifi ma'qullanadi.

Quyidagilar “Namangan-textile” va “Andijon-textile” erkin iqtisodiy zonalarining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilanadi:

to‘qimachilik sanoatining iqtisodiyotdagi ulushini oshirish, mamlakatda ishlab chiqarilayotgan to‘qimachilik mahsulotlarining, eng avvalo, yuqori qo‘shilgan qiymatli raqobatbardosh to‘qimachilik mahsulotlarini yuqori texnologik ishlab chiqarishga qayta yo‘naltirish orqali hajmi va sifatini oshirish;

tashqi bozorlarda talab katta bo‘lgan va import o‘rnini bosuvchi, yuqori qo‘shilgan qiymatli gazlama mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil etish uchun xorijiy va mahalliy investorlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarini jalb etish;

mavjud xomashyo va materiallarni yetishtirishdan boshlab, unga dastlabki ishlov berish, mahsulotlarni qayta ishlash va yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor to‘qimachilik mahsuloti chiqarish bosqichigacha bo‘lgan ishlab chiqarish integratsiyasini nazarda tutuvchi rivojlanishning klaster modelini amalga oshirish;

tarmoq korxonalarining logistika va muhandislik infratuzilmasini rivojlantirish bilan o‘zaro uzviy bog‘liqlikda, shu jumladan ko‘p funksiyali transport-logistika xablarini qurish, yuklarni yetkazishning optimal yo‘nalishlari hamda yo‘laklarini tanlash, shuningdek, transportda yuk tashish tariflarini optimallashtirish orqali rivojlantirishni ta'minlash;

yuqori sifatli tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksportini kengaytirish, milliy brendlarni jahon bozorlariga olib chiqish maqsadida ishlab chiqarish jarayoniga ilg‘or innovatsion texnologiyalar, nou-xau, dizaynerlik ishlanmalarini keng joriy etish, furnitura va aksessuarlarning zamonaviy namunalarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish;

to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlarini eksport geografiyasini yanada kengaytirish va jahon bozorlarini bosqichma-bosqich egallash hamda xalqaro reytinglarda O‘zbekistonning to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarish darajasini oshirish.

Shuningdek, “Namangan-textile” va “Andijon-textile” erkin iqtisodiy zonalarining investitsion jozibadorligini oshirish va mahsulot tannarxini pasaytirish maqsadida Davlat xususiy sherikchilik asosida yer maydonlarida quyidagi faoliyatlarni tashkil etish nazarda tutiladi:

to‘qimachilik, tayyor tikuv va trikotaj mahsulotlarini, hamda ularni ishlab chiqarish uchun talab etiladigan xomashyo, yarim tayyor mahsulotlar, furnitura va aksessuarlar, bo‘yoq va kimyoviy moddalar, texnologik uskunalar va ularning ehtiyot qismlari ulgurji va chakana savdosi;

ombor, cargo-service (xalqaro yuk tashish) va yuk avtoulovlari uchun to‘xtab turish (parking), birlamchi tibbiy yordam xizmatlari, mehmonxona, bank, soliq va boshqa xizmatlar turlari;

eksport-import yuklarini bojxona rasmiylashtiruvi, shuningdek ularni sifatini sinovdan o‘tkazish laboratoriyalari faoliyatini tashkil etish hamda karantin va muvofiqlik sertifikatlarini rasmiylashtirish;

har yili kamida ikki marta (bahor va kuz fasllarida) “Shopping festival” xalqaro ommaviy ko‘rgazma-savdo tadbirlarini o‘tkazish va boshqalar.

Mehmonxona, oziq-ovqat, birlamchi tibbiy yordam va yo‘lovchilarni tashish xizmatlaridan tashqari boshqa xizmat turlari “Yagona darcha” interaktiv uslubida tashkil etiladi.

Belgilab qo‘yilishicha:

“Namangan-textile” va “Andijon-textile” erkin iqtisodiy zonalarning faoliyat ko‘rsatish muddati, keyinchalik uzaytirish imkoniyati bilan 30 yilni tashkil qiladi;

“Namangan-textile” va “Andijon-textile” erkin iqtisodiy zonalar direksiyalari erkin iqtisodiy zonalarning butun faoliyat ko‘rsatishi davrida soliqlar va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalar to‘lashdan ozod etiladi.

“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi, Namangan va Andijon viloyatlari hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda “Namangan-textile” va “Andijon-textile” erkin iqtisodiy zonalari hududlarida 2020-2022 yillarda to‘qimachilik brendini yaratish maqsadida, import o‘rnini bosuvchi va eksportga yo‘naltirilgan to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari, furnitura va aksessuarlar, bo‘yoq va kimyoviy moddalar, texnologik uskunalar hamda ularning ehtiyot qismlari va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish korxonalarini joylashtirish bo‘yicha investitsiya loyihalari ro‘yxatini shakllantiradi va belgilangan tartibda tasdiqlash uchun maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalar Ma'muriy kengashiga kiritadi.

Ko‘rsatib o‘tilishicha, “Namangan-textile” erkin iqtisodiy zonasi hududida ajratiladigan yer maydonlarida yuqori qo‘shilgan qiymatga ega yangi investitsiya loyihalarini hamda boshqa infratuzilma obektlarini joylashtirish quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:

1-bosqich – Namangan viloyati Namangan shahrining Qo‘qumboy, Samarqand va Ijodkor massivlaridagi jami 113,2 ga yer maydonida;

2-bosqich – Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanining G‘ayrat hamda Chortoq tumanining Muchum massivlaridagi jami 200,5 ga yer maydonida.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid