O‘zbekiston | 12:17 / 28.08.2020
2364
4 daqiqa o‘qiladi

«Mahalliy kengashlar deputatlari rolini kuchaytirish asosiy maqsadlarimizdan biri» - Parlament deputatlari tumanlarga chiqishdi

Shu kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi bir guruh deputatlari Samarqand viloyatidagi tuman va shaharlarda bo‘lib, mahalliy kengashlarning sessiyalarida tuman rahbarlarining hisobotlarini tinglamoqda.

Tumanlarda aholining ehtiyojmand qatlamini qo‘llab-quvvatlash, “temir daftar”, tadbirkorlikni rivojlantirish, budjet davromadlarini oshirish va xorijda mehnat qilgan ishsiz fuqarolarni ishga joylashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil etildi.

Parlament a'zolari — Erkin Salixov, G‘ayrat Abdiyev va Navro‘z Rizayev 27 avgust kuni Samarqand, Toyloq, Urgut, Jomboy va Bulung‘ur tumanlarida bo‘lishdi.

Jumladan, Samarqand tumanida o‘tkazilgan mahalliy kengash sessiyasida  parlament a'zosi G‘ayrat Abdiyev aholining ehtiyojmand qatlamiga ajratilgan mablag‘ masalasiga to‘xtaldi.

«Davlat karantin davrida aholini pul vositasida ham qo‘llab-quvvatladi. Ammo qator hududlarda mahalla raislari tomonidan yo‘l qo‘yilgan turli g‘ayriqonuniy holatlarga guvoh bo‘lyapmiz. Ba'zan mablag‘ munosib bo‘lgan odam qolib munosib bo‘lmagan oilalarga berilmoqda. Biz deputatlar, shuningdek, mahalliy kengashdan saylangan vakillar ham bu holatga ko‘z yummasdan, faol bo‘lishlarini istardik. Deputatlar ham bu borada o‘rganish natijalarini qonuniy chora ko‘rish uchun huquq-tartibot idoralariga berishi kerak», — dedi u.

G‘.Abdiyevga ko‘ra, deputatlar ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lishlari, o‘zlarining tarmoqdagi sahifa va kanallariga ega bo‘lishlari, OAVlarda chiqish qilib turishlari lozim. Chunki o‘zini saylagan har bitta fuqaro bilan uchrashib turish imkonsiz bo‘lgani uchun mazkur vositalardan foydalanish ayni muddao.

Jomboy tumanida bo‘lgan Qonunchilik Palatasi deputati Erkin Salixov tashrif mohiyati xususida Kun.uz muxbiriga so‘zlab berdi:

«Joylarda bo‘lib, mahalliy kengash sessiyalarida ishtirokimiz davomida bir necha masalalar tahlil etiladi. Birinchi navbatda aholining ehtiyojmand qatlamini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, tadbirkorlikni rivojlantirish, qo‘shimcha zaxiralarni yaratish orqali budjet mablag‘larini oshirish, xorijdan kelgan fuqarolarni ish bilan ta'minlash masalalariga ustuvor ahamiyat qaratiladi va muammolar tahlil etiladi. Tumanlarga safarimiz davomida o‘rganilgan muammolarni tahlil qilib rahbariyatga yetkazishni rejalashtirganmiz.

Bundan tashqari, tuman, shahar kengashlari deputatlarining rolini kuchaytirish bundan keyingi asosiy maqsadlarimizdan biri bo‘lmoqda. Bu borada qonunchilikda ham o‘zgarishlar bo‘lmoqda. Birgina misol, endilikda tuman hokimligi zaxirasiga yerlarni qaytarish vakolati hokimlardan olinib mahalliy kengashlarga berilishi rejalashtirilmoqda. Shu bilan bir qatorda faol bo‘lish uchun deputat har bir soha bo‘yicha to‘liq tushunchaga, statistik ma'lumotlarga ega bo‘lishi, tahlil qila olishi kerak», — deydi E.Salixov.

Parlament a'zolari har bir tumanda o‘tgan sessiyalarda mahalliy kengash deputatlariga murojaat qilib yuqoridagi muammolarga befarq bo‘lmaslikka hamda faollikka undadi.

Anvar Mustafoqulov, Kun.uz muxbiri

Анвар Мустафоқулов
Tayyorlagan Анвар Мустафоқулов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid