Uchquduq tumanida nechta qo‘yi bor oila kambag‘al emas? Tuman hokimi vaziyatni ochiqladi
Xalq deputatlari Uchquduq tuman kengashining navbatdagi sessiyasida Oliy Majlis senati a'zolari ham qatnashdi. Yig‘ilishda tumandagi «Temir daftar»ga kiritilgan oilalarni qanday qilib kambag‘allikdan chiqarish, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash masalasi muhokama etildi.

Uchquduq tumani hokimi S.Hamroyev
Bu haqda sessiyada qatnashgan Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.
Aytish mumkinki, joriy yilning avgust oyi yakunlanishiga qaramasdan tumanda soliq tushumlari 2,0 mlrd so‘m, 72 foizga bajarilgan, xolos. Ishsizlik darajasi 11,2 foizni yoki ishsizlar soni 2,6 ming kishini tashkil etmoqda. Ishsiz va band bo‘lmagan fuqarolarga yengil konstruksiyali issiqxonalar o‘rnatish, urug‘lik, ko‘chatlar va sug‘orish vositalari xarid qilish uchun subsidiya ajratilmagan. Elektr energiyasidan debitor qarzdorlik 2020 yil 1 avgust holatiga 694,3 mln. so‘mni tashkil etib, yil boshiga nisbatan 607,8 mln. so‘mga oshgan. Jinoyatlarning 5 tasi yoshlar, 9 tasi esa ayollar tomonidan sodir etilgan.
Tumanda 3,7 mln. gektardan ortiq yaylov yer maydonlardan samarali foydalanish hisobiga chorvachilikni rivojlantirish va chorva ozuqasini yetishtirishni ko‘paytirish bo‘yicha amaliy ishlar qilinmayapti. Tumanda yiliga o‘rtacha 4 ming tonnaga yaqin go‘sht mahsulotlari yetishtirilsa-da, uni qayta ishlaydigan korxonalar tashkil etilmagan. Tumanda sutni qayta ishlashga ixtisoslashgan bor yo‘g‘i 1 ta korxona mavjud. Ushbu korxona tomonidan tumanda yetishtirilgan sut mahsulotlarining bor yo‘g‘i 0,8 foizi qayta ishlanadi.
Ehtiyojmand va yordamga muhtoj hisoblangan 1099 ta oila “Temir daftar”ga kiritilgan. Mazkur ro‘yxatdagi ishsizlardan 984 nafari yoki 94 foizining bandligi ta'minlangan. Hozirgi kunda 238 ta kambag‘al oilani mavjud og‘ir sharoitdan chiqarish uchun harakat qilinmoqda.
Sessiyada ishtirok etgan Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari B.Alixonov, Senatning budjet va iqtisodiy islohotlar masalalar qo‘mitasi raisi E.Gadoyev hududni rivojlantirishga doir takliflarni bildirdi. Yig‘ilishda shu paytga qadar qator imkoniyatlardan samarali foydalanilmagani tanqidiy muhokama etildi.
Uchquduq hokimi S.Hamroyev tumanda “Temir daftar”dagi oilalarni kambag‘allikdan chiqarish uchun qancha qo‘y kerak, degan savolga javob berdi.
“Uchquduqda chekka-chekka ovullar bor. Aholi hudud markazidan 100-150 km. olis masofada istiqomat qiladi. Ular deyarli to‘liq chorva bilan shug‘ullanishadi. Chorvadan boshqa daromadi bo‘lmagan odam uchun tabiiyki, 10-15 ta qo‘y yetarli emas. Bu sharoitdagi aholini ehtiyojmand emas, deb bo‘lmaydi. Ular oziq-ovqat mahsulotlari xarid qilish yoki boshqa ehtiyojlarini qondirish uchun oyiga hech bo‘lmaganda, bitta qo‘yini sotishiga to‘g‘ri keladi. Boringki, bir oilaga tikuv mashinasi olib berib ularni kambag‘allikdan chiqardik, deya olmaymiz. Har bir hududning muammosi o‘ziga xos tarzda yechilishi lozim. Shuning uchun kambag‘al oilaning hech bo‘lmaganda bir vakili oylik olib ishlashi shart va shuning uchun harakat qilishimiz to‘g‘ri yo‘l bo‘ladi”, - dedi Uchquduq tumani hokimi S.Hamroyev.
Tumanda kichik biznesga alohida e'tibor qaratish, chorvachilik komplekslarini yaratish orqali aholi bandligini ta'minlash lozimligi aytildi.
Isomiddin PO‘LATOV.
Mavzuga oid

15:09 / 18.11.2024
Qashqadaryoda qo‘ylar podasini avtomobil urib yubordi

13:38 / 19.10.2024
Toshkent viloyatida qo‘ylarni urib yuborgan “Spark” yonib ketdi

10:22 / 08.07.2024
Qirg‘izistonda 250 boshga yaqin qo‘ylar chaqmoq urishidan nobud bo‘ldi

10:17 / 28.06.2023