O‘zbekiston | 11:52 / 31.08.2020
33810
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev: «O‘zbekistonda yangi bir uyg‘onish – Uchinchi Renessans davriga poydevor qo‘yilmoqda»

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Mustaqilligining yigirma to‘qqiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida O‘zbekistonda yangi bir uyg‘onish – Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilayotgani haqida gapirdi.

Prezident har bir xalq faqat erkin va ozod bo‘lgan taqdirdagina, o‘z hayoti va kelajagini mustaqil barpo etish huquqiga ega bo‘lishini ta'kidlagan. 

«Haq berilmas, haq olinur!» deb, millat ozodligi yo‘lida jonini fido qilgan ulug‘ ajdodlarimizning buyuk maqsadi ham shu edi. Biz qanday tahlikali va suronli davrlarni boshimizdan kechirmaylik, qanday yutuq va natijalarga erishgan bo‘lmaylik, mustaqillik g‘oyasi, istiqlol ruhi bizga doimo tog‘dek tayanch bo‘lmoqda. 

Bugun cheksiz iftixor bilan ayta olamizki, donishmand xalqimizning uzoqni ko‘ra olishi, birdamligi va fidoyi mehnati bilan barcha sinovlardan munosib o‘tib kelmoqdamiz. Shu nuqtayi nazardan, bizning insoniy qadr-qimmatimizni, g‘urur va sha'nimizni, dinu diyonatimizni, milliy davlatchiligimizni tiklab bergan Mustaqillik kuni Vatanimizning shonli tarixida hamisha eng yorqin sahifa bo‘lib qoladi.

Bugun jahon miqyosida yurtimiz haqida so‘z ketganda «Yangi O‘zbekiston» iborasi tilga olinmoqda. Bu keyingi yillarda taraqqiyotning mutlaqo yangi bosqichiga qadam qo‘yganimiz, erishayotgan zalvorli yutuqlarimizning e'tirofidir. 

Xalqimizning ulug‘vor qudrati jo‘sh urgan hozirgi zamonda O‘zbekistonda yangi bir uyg‘onish – Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilmoqda, desak, ayni haqiqat bo‘ladi. Chunki bugungi O‘zbekiston – kechagi O‘zbekiston emas. Bugungi xalqimiz ham kechagi xalq emas», dedi davlat rahbari.

Mavzuga oid