O‘zbekiston | 12:22 / 01.09.2020
9862
6 daqiqa o‘qiladi

Bayram tabriklari: Dunyo tamaddunida yurt tarixining yangi sahifasini ochish davri keldi!

O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 29 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda Kun.uz vakillari ham ishtirok etdilar va bir qancha davlat arboblari, tadbir ishtirokchilarining xalqimizga yo‘llagan tabriklarini yozib oldilar.

Botir Matmuratov, senator:

– Avvalo, Sizlarni va yaqinlaringizni eng ulug‘, eng aziz bayramimiz – mamlakatimiz Mustaqilligining 29 yillik shodiyonasi bilan samimiy tabriklayman.

Yaqin yillar ichida o‘zbek xalqi hayotida parlamentning roli oshib bormoqda. Bu sohaning ochiqligi, shaffofligi ta'minlanishiga harakat qilinmoqda. Mustaqillik yillarida shaxs tushunchasi kengroq tushunilib, insonga oliy qadriyat sifatida qaralmoqda. Albatta, bunday ijobiy o‘zgarishlar bardavom bo‘lishiga barchamiz birday harakat qilamiz.

Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!

Farida Afro‘z, deputat, “Milliy tiklanish” Demokratik partiyasi a'zosi, shoira:

– Bayram yaqinlashgani sayin qalbimda beixtiyor ichki bir tayyorgarlik boshlanadi. Ayniqsa, Mustaqillik, ya'niki Vatan ozodligi, millat erki, el-u yurtga hurlik olib kelgan bayramga yetganimdan shodlanaman. Bu ozod va obod kunlar uchun kurashib, jon bergan bobolarimiz ruhi oldida qalban bosh egar ekanmiz, mening ham bunda biror bir hissam bormikan, fikrimda, tutimlarim-u aytimlarimda, deb o‘ylaysan kishi.

Axir shu kunlarning qadrini bilish, shukronalik va halollik bilan yashashning o‘zi ham o‘ziga yarasha inqilob emasmi? Dunyo tamaddunida o‘zbeklar tarixining yangi sahifasini yaratish davri keldi. Yangi qarashlar, yangi fikrlar, halollik va poklik bilan yangi hayot quraylik. Xalqimizni Mustaqilligimizning yangi yoshi bilan muborakbod etaman!

Botirbek To‘razoda, deputat, O‘zLiDeP a'zosi:

– Bu yilgi Mustaqillik bayrami vaziyatdan kelib chiqib o‘ziga xos tarzda o‘tdi. Ochiq havoda, barcha sanitariya-epidemiologiya qoidalariga rioya qilingan holda tashkil etildi. O‘zim asli tadbirkorman. Bugungi kunda butun jahon ahli og‘ir davrni boshidan o‘tkazmoqda. Ana shunday murakkab kunlarda tadbirkorlarimizga qator imtiyozlar berilgani katta yutuq bo‘ldi, deb hisoblayman. Xalqimiz bilan birdamlikda bu kunlarni yengib o‘tishimizga ishonaman.

Mustaqilligimizning 29 yilligi bilan butun yurtdoshlarimizni tabriklayman!

Alisher Shodmonov, Sog‘liqni saqlash vaziri:

– Bu yil butun dunyo uchun og‘ir keldi. Xalqimiz sinovlardan, ayniqsa, koronavirus pandemiyasi sharoitida o‘zining hamjihatligini namoyon qildi. Ayniqsa, tibbiyot xodimlari bu kurashda asosiy kuch sifatida koronavirus bilan kasallangan bemorlar qarshisiga yuzma-yuz chiqib, ularni davolashda fidoyilik ko‘rsatmoqdalar. Shu ma'noda, bu yil tibbiyotimiz tarixida o‘chmas iz qoldiradi, deb ayta olaman. O‘zimiz uchun ko‘pdan-ko‘p xulosalar chiqardik. Ishonchim komil, hali bu sinovlarning hammasi ortda qoladi.

Fursatdan foydalanib, butun O‘zbekiston xalqiga, jumladan, tibbiyot xodimlariga minnatdorchilik bildiraman.

Barchamizga Vatanimiz Mustaqilligining 29 yilligi muborak bo‘lsin!

Sherzod Shermatov, Xalq ta'limi vaziri:

— Xalq ta'limi vazirligi nomidan barcha yurtdoshlarimizni Istiqlolimizning 29 yilligi bilan muborakbod etar ekanman, bu yilgi bayramni xalqimiz katta sinovlar bilan kutib olayotganini alohida qayd etmoqchiman.

Davlatimiz rahbari qayd etganidek, bugun O‘zbekiston yangi bir uyg‘onish davriga qadam tashlamoqda. Xalqimiz sinovlardan mardonavor o‘tib, o‘zining birdamligini namoyon etmoqda. Xalqimizning bir-biriga mehri-oqibati oshgani, har birimiz hayotning qadriga yana bir bor yetganimiz buning ayni isbotidir.

Sinovli davrda jamiyatimizning har bir sohasi yangicha ish tizimiga o‘tdi, hech biri butkul to‘xtamadi. O‘quvchilarni masofadan o‘qitish kabi yangi tizim joriy etilgani ham ta'lim sohasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan bo‘shliqning oldini oldi va bizning soha ham yangi jarayonga muvaffaqiyatli moslasha olishini ko‘rsatdi.

Yurtboshimiz tomonidan aytilgan tabrik nutqlarida o‘qituvchilarning mehnatlari alohida e'tirof etilganligi yangi o‘quv yilini boshlash oldidan ularga katta rag‘bat berdi.

Barchangizni yana bir bor O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 29 yilligi bilan chin yurakdan muborakbod etaman!

Yoqub Ahmedov, O‘zbekiston Xalq artisti:

– Mustaqilligimizning 29 yilligi, vatanimizning qutlug‘ bayrami butun O‘zbekiston ahliga muborak bo‘lsin!

Xorijdan do‘stlarimiz qo‘ng‘iroqlar qilib tabriklashyapti, viloyatlardagi san'at ixlosmandlari qutlashyapti. Eng muhimi, murakkab vaziyatga qaramay davlat rahbarining shaxsan o‘zi qarshimizga chiqib xalqimizga tabrik yo‘lladilar va ruhimizni ko‘tardilar. Afsuski ayrim yurtdoshlarimizga, hamkasblarimizga bu kunlarni ko‘rish nasib qilmadi. Ularning xotirasi qalbimizda abadiy yashaydi!

Erkin Komilov, O‘zbekiston Xalq artisti:

– Insoniyat boshiga tushgan og‘ir kunlar hammamizga dars bo‘lyapti. Bu vabo qarshisida qanchalik ojiz ekanligimizni barchamiz his qildik. Allohning marhamati bilan mana bugun xalqimizning Mustaqillik bayramiga ham yetib keldik. Mustaqilligimizning 29 yilligi yurtdoshlarimizga muborak bo‘lsin!

Husan Ermatov, jurnalist, "Ishonch" gazetasi bosh muharriri:

– Davlat rahbari o‘z nutqida so‘z erkinligi masalasiga alohida to‘xtaldi. Bu sohamizda olib borilayotgan islohotlar davomiyligini anglatadi.

Kuni kecha metropolitenimizning yangi yo‘nalishlari bo‘ylab sayohatimiz chog‘ida murakkab vaziyatga qaramay amalga oshirilgan bu yirik bunyodkorlik ishlari yurtdoshlarimizga munosib tuhfa bo‘lganini o‘ylagandim. Bu xalq, O‘zbekiston ahli buyuk ishlarga qodir va men ham barchani Mustaqillik ayyomi bilan samimiy qutlayman!

Abror Zohidov, tasvirchi Nuriddin Nursaidov.
Toshkent, Ko‘ksaroy.

Аброр Зоҳидов
Tayyorlagan Аброр Зоҳидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid