O‘zbekiston | 21:39 / 01.09.2020
36041
6 daqiqa o‘qiladi

«Odamlar hikoyalarni shunchaki eshitish emas, ulardagi ma'noni uqishsa deyman» - Abdukarim Mirzayev bilan suhbat

O‘z uslubi, o‘z yo‘nalishiga ega faol vlogerlardan biri – Abdukarim Mirzayev o‘zining kichik hikoyalari orqali ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab muxlislar orttirmoqda.

Biz hozir Turkiyada jurnalistika bo‘yicha magistratura bosqichida ta'lim olayotgan Abdukarim Mirzayev bilan onlayn bog‘lanib, ijodi, hayoti davomida shakllangan yaxshi va yomon xulosalari, muxlislar munosabati, yoshlar va ijtimoiy muammolar haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashishini so‘radik.

– Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab muxlislarga ega bo‘lib boryapsiz. Aslida bu yo‘nalishdan ko‘zlangan maqsad nima?

– Men o‘z ishimni qilyapman. Va buni to‘g‘ri, halol, foydali bir shaklda bo‘lishini istayapman. Oldinlari mavzularni yoritishda biroz murakkabroq, tushunarsizroq nuqtada kelardim.

Bugun televideniye madaniyatiga oid chegaralarni o‘zgartiryapman, ulardan qochishga harakat qilyapman. Hech qanday matnlarsiz, tayyorgarliklarsiz kamera oldida o‘tirishga, borgan sari o‘zimning ichimga kirib borishga harakat qilyapman. Va odamlar buni juda samimiy qabul qilishyapti. Bundan xursandman.

Agar biron ish qilayotgan bo‘lsangiz, undan bitta odam foyda olsa, bir marta xursand bo‘lasiz. Agar ming kishi foyda olsa, ming marta xursand bo‘lasiz...

Alloh rizqimizni beryapti. Musofirchilikdamiz. Bu yerda hayot O‘zbekistondagidan boshqacharoq. Biz tayyorlayotgan narsalardan kelayotgan daromad o‘ziga ketyapti. «S'yomka», montaj – hammasiga mablag‘ ketadi. Maqsadimiz shu – halol, toza ishimiz bilan mashg‘ul bo‘lish. Boshqa maqsadimiz yo‘q.

– Ijodingizdan, tayyorlayotgan hikoyalaringizga salbiy fikr bildirganlar ham bo‘ldimi?

– Salbiy fikrlar, ijobiy fikrlarga nisbatan olib qaraganda yo‘q darajada bor. Masalan, yuz mingda bitta salbiy fikr bor. Hali videolar yoqilmasdan turib, dizlayk qo‘yadiganlar ham bor. Bunday insonlarga mavzu qiziq emas, bu mening o‘zimga nisbatan munosabat bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman. Bu meni zarracha og‘ritmaydi. Har xil inson bor. Hammaga birdek yaxshi ko‘rinish niyatim bo‘lmagan. Buning imkoni ham yo‘q. Olimlar, dinshunoslar tomonidan jiddiy tanqidlar bo‘ldi. Ularni samimiy bo‘lsa, qabul qilamiz.

Bu ishlarni hammasini o‘zim uddalayapman, demayman. Olimlar, tarixchilar, adabiyotshunoslar va din ilmiga mukammal ega bo‘lganlar har doim yordamchi bo‘lishadi.

Abdukarim Mirzayev

Odamlar biz aytayotgan hikoyalarga emas, hikoyalar orqali biz aytmoqchi bo‘lgan ma'no-mazmunga e'tibor qaratishlarini istagan bo‘lar edim. Hikoyalar to‘qima bo‘lishi mumkin, ular vosita xolos; mazmuni esa xulosalarida. Men hikoyalarni doim aytmoqchi bo‘lgan fikrimni quvvatlash uchun keltiraman, hikoyani quvvatlash uchun fikr bildirmayman.

– Bugun yoshlar bir qolipga tushib qolgan, degan fikrga qanday qaraysiz?

– Bunday bo‘lishi mumkin emas. Yoshlar bir qolipga tushmaydi. Hamma har xil hayotda yashaydi. Hamma har xil oiladan chiqib keladi. Hamma har xil tarozilarda o‘lchanib yashaydi. Masalan, mening oilamdagi dars sizning oilangizga to‘g‘ri kelmaydi.

Agar umumiy tepadan olib qaraydigan bo‘lsak, har narsaning boshi, o‘rtasi va oxiri bor. Boshi, o‘rtasi, oxiri bo‘lgan narsa butun narsa hisoblanadi. Hammamiz bir boshlang‘ichga egamiz. Bir oxirimiz bor. Ya'ni kelish va ketish nuqtalarimiz aniq. Lekin o‘rtamiz aniq emas. Mana shu o‘rtada bizni o‘rab turgan oila, jamiyat, odamlar bor. O‘rtada qanday yashashimiz bizni o‘rab turgan odamlarga bog‘liq.

NASA o‘tkazgan bir test haqida aytib o‘tsam. Unga ko‘ra, maktab yoshigacha bo‘lgan bolalar o‘z muammosini yechishi 98 foiz ekan. 10 yoshli bolalarda 98 foizdan 30 foizga tushdi. Bolalar 15 yosh bo‘lganda muammolarni yechish iqtidori 12 foiz bo‘lib qolar ekan. Endi ulg‘aygandan keyin bu 2 foizga tushib qolar ekan.

Nega bunday bo‘lyapti? Chunki ta'lim shunga qaratilgan. Ishchi tayyorlashga qaratilgan. Endi, 21-asrdan insonlar qiladigan hamma ishlarni robotlar oladi. Aqlli jamiyatlarning vazifasi endi insonlarni robotlar qila olmaydigan ishlarga tayyorlash bo‘ladi. 21-asr ta'limining maqsadi – insonlar yashashi uchun maqsad yarata olish, Endi odamlarga tahlil qila olish qobiliyati, sherikchilik, tez chiqisha olish kerak.

– Bugungi yoshlarimizga nima yetishmaydi, sizningcha?

– Yoshlarimizga halol, insofli, vijdonli, to‘g‘ri, e'tiqodli tarbiyachilar, ustozlar yetishmaydi. Chunki jamiyatning ertangi kunini yoshlar belgilaydi.

Masalan, bugun vijdonan: «Men bu ishga loyiq emasman, yaxshi o‘qituvchi emasman, faqatgina oyligimni olaman, ishsiz qolib ketmay degan sabab bilangina qo‘limdan kelmaydigan ishni qilyapman, boshqa ishimni qilay, mening qo‘limdan o‘qituvchilik kelmaydi, men birovlarni bolasini tarbiya qila olmayman», deb, vijdonan ishidan ketadigan odamlar kerak jamiyatimizga.

Bu nafaqat o‘qituvchilar, balki kim o‘z kasbining egasi bo‘lmasa, vijdonan bu ishni o‘z egalariga topshirishi kerak. Agar millat rivojlanishini istasa, insonlar o‘zini o‘zi aldashini to‘xtatish kerak.

Suhbatning birinchi qismini yuqoridagi video orqali ko‘rishingiz mumkin.

Rahmatillo Isroilov suhbatlashdi.

Mavzuga oid