O‘zbekiston | 09:05 / 05.09.2020
59746
6 daqiqa o‘qiladi

IMEI o‘zi nima va u nega muammo bo‘lyapti? Vazirlik javob berdi​

Ijtimoiy tarmoqlarda chet eldan kelgan fuqarolar pasport ma'lumotlari o‘g‘irlanib, boshqa telefonlarga uzimei'dan ro‘yxatdan o‘tkazilayotgani haqida shikoyatlar ko‘paymoqda. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi vakili ushbu masala yuzasidan Kun.uz savollariga javob berdi.

Vazirlik matbuot kotibi Sherzod Ahmadovning qayd etishicha, mobil qurilmani ro‘yxatdan o‘tkazish ikki xil usulda amalga oshiriladi: O‘zbekistonga chetdan kirib kelgan jismoniy shaxslarda bo‘lgan mobil vosita hamda o‘rnatilgan tartibda bojxona nazoratidan o‘tgan, mamlakatga yuridik tashkilot tomonidan tijoriy maqsadlarda import qilingan uyali aloqa vositalari qaydga olinadi.

Ro‘yxatga olishda nega muammo bo‘lyapti?

«Kuni kecha tarqagan xabarlarga qaraganda, ayrim fuqarolar chet eldan qaytgach, uyali aloqa vositasini pasporti bilan ro‘yxatdan o‘tkaza olmagan. Mobil qurilmalarni O‘zbekistonga jismoniy shaxslar ham olib kirishi mumkin, ammo uning miqdori cheklangan va bu qonun bilan tartibga solinadi. Demak, haqiqatan chetdan qaytganini tasdiqlash orqali fuqarolar xorijdan O‘zbekistonga olib kelgan telefonlarini ro‘yxatdan o‘tkazishi kerak edi.

Yuzaga kelgan holat bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat etdik. Negaki, shaxsga oid ma'lumotlar uchinchi shaxs tomonidan noqonuniy foydalanilgan bo‘lishi mumkin. Bu tergov-surishtiruv jarayonida oydinlashadi», — deydi Ahmadov.

Mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish nega kerak?

Hukumatning tegishli qarori bilan, O‘zbekistonda mobil qurilmalarni hisobga olish tizimi joriy etilgan. Hujjatga ko‘ra, bundan ko‘zlangan maqsad – «iste'molchilarga sifatli mobil qurilmalardan foydalanish imkoniyatini yaratish, ichki bozorni kontrafakt mahsulotlarning olib kirilishi va sotilishidan himoya qilish hamda telekommunikatsiya bozorida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish» edi.

Sherzod Ahmadovning bildirishicha, ro‘yxatga olingan uyali aloqa vosita yo‘qotilgan yo o‘g‘irlanganda egasining so‘rovi asosida qurilma «qora ro‘yxat»ga kiritilishi mumkin. Ya'ni o‘g‘irlangan mobil qurilmadan foydalanishning texnik imkoniyati yo‘qoladi.

Mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini avtomatik tarzda ro‘yxatdan o‘tkazish 2019 yil 31 oktyabriga qadar bepul amalga oshirilishi belgilanib qo‘yilgandi. Bunga qadar, tizim operatori tomonidan avtomatik tarzda mobil qurilmalar IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish amalga oshirilib kelingan.​​ 2019 yil 1 dekabrga qadar bepul, ammo majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish tadbiri bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng, uyali aloqa vositasida SIM-karta faollashtirilgandan boshlab 30 kun ichida qurilmani hisobga qo‘ydirish BHM 20 foiz​dan (44 600 so‘m) to‘lov undirila boshlandi.

Ushbu muddatdan so‘ng qurilmalar IMEI-kodlarini UZIMEI tizimidan ro‘yxatdan o‘tkazish uchun 25 foiz BHMdan (55 750 so‘m) to‘lov amalga oshirish kerak bo‘ladi.​

To‘lov nega kerak?

Fe'lan soliq, majburiy yig‘imga o‘xshash to‘lov hukumat qaroriga muvofiq, respublika telekommunikatsiya infratuzilmasini, shu jumladan qishloq va chekka aholi punktlari, turistik va rekreatsion hududlarda rivojlantirish loyihalarini, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq davlat organlarida amalga oshirilayotgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etish loyihalarini maqsadli moliyalashtirish uchun Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.

Vazirlik qoshidagi «O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi» DUK ​matbuot kotibi Zilola Inoyatova bayonotiga ko‘ra, to‘lovning aynan 44 ming so‘m atrofida etib belgilanishida «respublika iqtisodiy siyosatini inobatga olingan».

​​«Tizimni joriy etish va uning ishlashini ta'minlash uchun belgilangan miqdorda sarf-xarajatlar qilingan. Kelib tushayotgan mablag‘ning ayrim qismi ushbu xarajatlarni qoplashga yo‘naltirilgan. Shuningdek, UZIMEI tizimini texnik jihatdan rivojlantirish, to‘lov tizimlarini joriy etish uchun qilingan xarajatlarni qoplash, «O‘zbekiston pochtasi» AJ xizmatlariga, mijozlarga xizmat ko‘rsatayotgan xodimlarga oylik to‘lash talab qilinadi», — degan u.

Aholi to‘lovdan norozi bo‘lgan

Joriy yil fevralda «Mening fikrim»​ jamoaviy murojaatlar portalida mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazishni soddalashtirish haqida petitsiya e'lon qilindi.

Murojaatda jismoniy va yuridik shaxslardan mobil qurilmalarning IMEI raqamlarini ro‘yxatga olish uchun aholidan undiriladigan to‘lovlarni bekor qilish va ro‘yxatga olishni yanada soddalashtirish tartibini joriy etish so‘ralgandi.

Yetarlicha ovoz to‘plagan petitsiya parlament deputatlar tomonidan o‘rganish boshlangandi. Ishni o‘rganuvchi guruh tarkibida faoliyat yuritgan deputat Doniyor G‘aniyev Telegram-kanalida mobil qurilmani har kim yilda bir marta bepul hisobga qo‘ydirish huquqiga ega bo‘lish kerak, deya munosabat bildirgandi. Ammo parlament o‘rganishi qanday yakunlangani haqida axborot yo‘q.

Alisher Ro‘zioxunov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Otaxon Yusupov.

Mavzuga oid