O‘zbekiston | 15:52 / 05.09.2020
10056
7 daqiqa o‘qiladi

Senat kengashining Sirdaryodagi sayyor majlisi: Sardobadagi falokat oqibatlari muhokama qilindi

Bugun, 5 sentabr kuni Sirdaryo viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining sayyor majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Senat a'zolari, Vazirlar Mahkamasi mutasaddilari, mahalliy Kengashlar deputatlari, Sirdaryo viloyati hokimligi mas'ullari, sektorlar rahbarlari, Yoshlar parlamenti a'zolari, hudud faollari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

V-0EQOi7f5e4V_78obbksAmD32UYwK2f.jpg (800×500)

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib borgan majlisda “Sardoba” suv ombori to‘g‘onida yuz bergan texnogen holat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni o‘rganish natijalari muhokama qilindi.

Ta'kidlanganidek, parlament yuqori palatasiga “Sardoba” suv omboridan suv yorib chiqishi oqibatida talafot ko‘rgan fuqarolardan ko‘plab murojaatlar yo‘llangan. Ular senatorlar tomonidan joyiga chiqib ko‘rildi. Bunda nafaqat aholi murojaatlari bilan ishlandi, balki ularning taklif va mulohazalari tinglandi.

Ajratilgan va undirib berilgan mablag‘lar

Qolaversa, Senat Ishchi guruhi tomonidan joriy yil 14–18 avgust kunlari Sirdaryo viloyatining talafot ko‘rgan Mirzaobod, Oqoltin va Sardoba tumanlarida amalga oshirilgan ishlar o‘rganildi. Bu jarayonga hududdagi senatorlar ham jalb etilib, muammolarni aniqlash maqsadida xalq deputatlari Mirzaobod, Oqoltin, Sardoba tumanlari Kengashlari deputatlari ishtirokida aholi bilan bevosita muloqot olib borildi.

Ishchi guruh sa'y-harakati bilan ijtimoiy soha obektlarida bajarilgan qurilish-ta'mirlash ishlari uchun 9,5 mlrd so‘m mablag‘ to‘lovlari to‘lanmayotganligi aniqlanib, ushbu mablag‘lar quruvchi tashkilotlarga to‘liq undirib berildi. Yana bir jihat — Mirzaobod tumanining “Haqiqat” MFYda joylashgan “Nuroniylar maskani” negizida “Yoshlar mehnat guzari”ni tashkil etish maqsadida 1,7 mlrd so‘m mablag‘ ajratilib berildi.

Talafot ko‘rgan uchta tumanda jamoatchilik ishlariga jalb etilgan jami 1870 nafar fuqaroga to‘lanishi lozim bo‘lgan 1 mlrd 580 mln so‘m mablag‘ Ishchi guruh yordami bilan hal etildi.

Shu o‘rinda Ishchi guruhi tomonidan olib borilgan o‘rganish davomida muammo va kamchiliklar aniqlangani inobatga olinib, birinchi marotaba Senat Kengashining sayyor majlisini o‘tkazish maqsadga muvofiq, deb topildi. 

Majlisda “Sardoba” suv ombori to‘g‘onidan suv toshish oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha Hukumat komissiyasi tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilgani qayd etildi. Xususan, uchta tumandagi 28 ta mahalladan 89 ming 450 nafar aholi xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilingan. Bugungi kunga qadar ularning 83,4 foizi o‘z yashash manzillariga qaytarilgan.

Tiklash jarayonlari qanday ketmoqda?

Bundan tashqari, texnogen ofat oqibatida jami 4710 ta xonadonga talafot yetkazilgan bo‘lib, shundan 2211 tasi yaroqsiz, 2499 tasi ta'mirtalab holatga kelgan. Shu kungacha uylari yaroqsiz holga tushgan fuqarolarni yangi uy-joy bilan ta'minlash maqsadida 2640 xonadonli 66 ta ko‘p qavatli uy qurish rejasi 56 foizga bajarilgan.

Shu bilan birga, to‘rtta elektr podstansiyasi, 106 ta transformator, 6269 ta elektr ustuni, 345 km uzunlikdagi elektr simlariga zarar yetishi sababli 12 ta aholi punktida yuzaga kelgan uzilishlar bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish uchun 68 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.

Buning barobarida, 106,5 km ichimlik suvi tarmoqlari, 8 ta suv taqsimlash inshooti, 1 km oqova suv tarmoqlarini tiklash uchun 13 ta aholi punktida yuzaga kelgan muammolarni hal etish uchun 129,7 mlrd so‘m hajmida qurilish-ta'mirlash ishlari bajarilgan.

Majlisda texnogen holat oqibatlarini bartaraf etish borasida yechimini kutayotgan ayrim muammolarga e'tibor qaratildi. Xususan, jami 175 ta tadbirkorlik sub'yektidan 32 tasiga yetkazilgan zarar miqdori 9,1 mlrd so‘m deb aniqlangan bo‘lsa-da, qolgan 143 ta tadbirkorning mol-mulkiga yetkazilgan zarar miqdori bo‘yicha aniq hisob-kitoblar amalga oshirilmagan va zararni qoplash bo‘yicha hech qanday amaliy chora-tadbirlar ko‘rilmagan.

Qolaversa, umumta'lim obektlarini ta'mirlash, tiklash va qayta qurish ishlari belgilangan muddatlarda amalga oshirilmagan. Uy-joysiz qolgan 1308 nafar fuqaro hozirgi kungacha 13 ta muassasa, shu jumladan, 6 ta umumta'lim maktabida yashayotganligi sababli mazkur ta'lim muassasalarini yangi o‘quv yiliga tayyorlash ishlari kechikmoqda.

Yana bir jihat — irrigatsiya-melioratsiya obektlarini tiklash ishlari bo‘yicha moliyalashtirish ishlari yakuniga yetkazilmagan. Ayrim qishloq xo‘jaligi tarmoqlari bo‘yicha yetkazilgan zararni qoplash ishlari yetarli darajada bajarilmagan.

Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida talafot ko‘rgan 54 ta fermer xo‘jaligining 4 204 gektar paxta va g‘alla maydonlariga ekinlarni qayta ekish uchun sug‘urtalanmagan 9,5 mlrd so‘mlik zararni qoplash masalasi hal etilmagan. Bundan tashqari, baliqchilik, chorvachilik, parrandachilik, bog‘dorchilik yo‘nalishlarida ham shu kabi muammolar o‘z yechimini kutmoqda.

Shu bilan birga, majlisda yoshlarning vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularning bandligini ta'minlash, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lganlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ishlari sust olib borilayotgani ta'kidlandi. Mazkur yo‘nalishda Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a'zolarining taklif va fikr-mulohazalari tinglandi.

Aholi bandligini ta'minlash yetarli darajada tashkil qilinmagan

Qayd etilganidek, Yoshlar – kelajagimiz Davlat dasturi doirasida Sardoba tumanida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan 275 mln so‘mlik uchta, Mirzaobod tumanida qiymati 260 mln so‘mlik 8 ta loyiha tegishli mutasaddilarning mas'uliyatsizligi sababli bajarilmagan va yoshlar uchun mo‘ljallangan yangi ish o‘rinlari yaratilmagan. 186 nafar og‘ir turmush sharoitida yashovchi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta'minlash borasidagi ishlar ham talab darajasida emas.

11 ta mahalladagi vaqtinchalik ishsiz qolgan va xorijdan qaytib kelgan 4 325 nafar ishsiz fuqaroning 31 foizi ishga joylashtirilgan.

Shuningdek, majlisda Sirdaryo viloyatida yuz bergan texnogen holat oqibatida jabr ko‘rgan fuqarolar muammolarini yana bir bor hukumat darajasida Ishchi guruh tashkil qilgan holda puxta o‘rganish zarurligi, aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan Hukumat komissiyasiga taklif kiritish lozimligi ta'kidlandi.

Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senati Kengashining tegishli qarori qabul qilindi.

Shuhrat Yunusov, Kun.uz muxbiri.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid