O‘zbekiston | 08:16 / 07.09.2020
3753
2 daqiqa o‘qiladi

Jonson Brexit bo‘yicha savdo kelishuvi tuzilishi kerak bo‘lgan oxirgi muddatni ma'lum qildi  

Britaniya bosh vaziri Boris Jonson Yevropa ittifoqi bilan Brexit bo‘yicha savdo kelishuvi 15 oktyabrgacha tuzilishi kerakligi, yo‘qsa bunday kelishuv bo‘lmasligini ma'lum qildi.

“Agar biz shu vaqtgacha kelisha olmasak, unda oramizda erkin savdo haqida kelishuv bo‘lishiga ko‘zim yetmayapti va biz buni qabul qilib, yo‘limizda davom etishimiz kerak”, deb aytilgan bosh vazir bayonotida.

Jonsonning fikricha, agar kelishuv tuzilmasa, unda Londonda Bryussel bilan Yevropa ittifoqi bilan Avstraliya o‘rtasidagi kabi savdo munosabatlari bo‘ladi va bu ham “yaxshi natija” hisoblanadi. 

Jonson savdo kelishuviga erishilmasa ham Britaniya Yevropa ittifoqi bilan amaliy masalalar, jumladan parvozlar, yuk tashuvlari yoki ilmiy hamkorlik bo‘yicha yechimlarni topishga tayyorligini aytgan.

“Eshiklarimiz hech qachon yopib qo‘yilmaydi va do‘stlar hamda hamkorlar kabi savdo yuritamiz. Biroq erkin savdo kelishuvisiz”, deb tushuntirgan Jonson.

Brexit bo‘yicha Britaniya uchun o‘tish davri 2020 yil 31 yanvarda kuchga kirib, 31 dekabrgacha davom etadi. Bu vaqt ichida Yevropa ittifoqi va Britaniya muzokaralar o‘tkazib, o‘zlarining bo‘lg‘usi munosabatlari bo‘yicha kelishib olishlari kerak. London va Bryussel kelishuvga erishishi kerak bo‘lgan asosiy masala yangi savdo kelishuvi hisoblanadi.

Britaniya o‘tish davrini cho‘zishdan bosh tortgan va Yevropa ittifoqini 2021 yil 1 yanvarda tark etadi.

Ta'kidlanishicha, Britaniya va Yevropa ittifoqi o‘rtasidagi muzokaralar 8 sentyabrdan davom etishi kerak, ammo ular orasida bir qator kelishmovchiliklar bor. 

Mavzuga oid