O‘zbekiston | 18:36 / 08.09.2020
12844
3 daqiqa o‘qiladi

Chiroqchi tuman IIBning sobiq xodimlari ustidan sud boshlandi

8 sentabr kuni, jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyat sudi binosida besh nafar sobiq IIB xodimiga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud boshlandi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar bermoqda.

Sudlanuvchilar:

  • N. Ovlayev — Chiroqchi tumani IIO FMB 4-sonli IIB boshlig‘i lavozimida ishlagan;
  • A. Janqabilov — Chiroqchi tumani IIO FMB 4-sonli IIB jinoyat qidiruv guruhi tezkor vakili lavozimida ishlagan;
  • Sh. Raxmonov — Chiroqchi tumani IIO FMB 4-sonli IIB profilaktika inspektori lavozimida ishlagan;
  • A. Tojinorov — Chiroqchi tumani IIO FMB 4-sonli IIB profilaktika inspektori lavozimida ishlagan;
  • B. G‘ayratov — Chiroqchi tumani IIO FMB 4-sonli IIB jinoyat qidiruv guruhi tezkor vakili lavozimida ishlagan.

Ushbu jinoyat ishi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi K. Tolliboyev raisligida hamda sudyalar E. Ergashev va R. Orziqulovdan iborat sud tarkibida ko‘rilmoqda.

Sudlanuvchilar quyidagi jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanoqda:

  • N. Ovlayev O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish), 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish), 234-moddasi (qonunga xilof ravishda ushlab turish yoki hibsga olish), 235-moddasi (qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayri insoniy yoki qadr-qimmatini kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash) va 241−1-moddasi (jinoyatni hisobga olishdan qasddan yashirish) da;
  • A. Janqabilov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi, 206-moddasi, 234-moddasi va 235-moddasida;
  • Sh. Raxmonov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi, 206-moddasi, 234-moddasi, 235-moddasi va 241−1-moddasida;
  • A. Tojinorov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi, 206-moddasi, 234-moddasi va 235-moddasida;
  • B. G‘ayratov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 209-moddasi (mansab soxtakorligi) va 241−1-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlar.

Sud jarayoni davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning yanvar oyida Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanining Langar qishlog‘ida yashovchi fuqaro Yu. A. chorva mollari o‘g‘irligida gumon qilinib, tuman IIB xodimlari tomonidan qattiq kaltaklanishi oqibatida vafot etgan edi. Holat bo‘yicha o‘sha paytdayoq jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, bir qator IIB xodimlarining hibsga olinishidan tashqari tuman va viloyat IIBdagi qator mas'ul xodimlar ham ishdan olingandi.

Mavzuga oid