Jamiyat | 08:30 / 11.09.2020
26274
7 daqiqa o‘qiladi
Reklama

Otabek Mahkamov: «Chet elda yutuqqa erishgan yurtdoshlarimiz hayotini ko‘proq yoritishimiz kerak»

«Biz-TV»ning rasmiy vakili Otabek Mahkamov Repost.uz nashri uchun yangi telekanal haqidagi asosiy savollarga javob berdi.

O‘zbekiston media olami kundan kunga kengayib bormoqda. Sifat va auditoriya bilash ishlash borasida qilinadigan ishlar ko‘p, albatta. Biroq sonning ko‘payishi raqobat muhitini shakllantiradi, raqobat esa salohiyatni yuksaltirishga xizmat qilishi kerak. Demak, ommaviy axborot vositalari sonining ko‘payishini yutuq sifatida qayd etsak bo‘ladi. Aytingchi, o‘nlab tele va radiokanallar, gazeta va jurnallar, yuzlab internet saytlari, blogerlar, vlogerlar faoliyat yuritayotgan bu media makonda yangi onlayn telekanal o‘z o‘rnini topa oladimi?

– To‘g‘ri aytdingiz. Jahonning ilg‘or mamlakatlaridagi kabi O‘zbekiston media sohasi resurslari yuqori sur'atlar bilan ko‘payishi kishini quvontiradi. Son bilan bir qatorda sifatning ham oshib borishi barchamiz uchun foydali.

Biz-TV O‘zbekistondagi bir guruh tashabbuskor yoshlar tomonidan 2020 yilda tashkil etildin va 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kunida sinov efiri boshlandi. Media makonda o‘z o‘rnini topadi, deb ayta olaman. Men tanlov qilishda hech qachon shoshmaganman va o‘zimga yarasha prinsiplarim bor. Telekanal konsepsiyasi va formati yoqqanligi uchun, uning kelajagi borligini ko‘rganim uchun yaqindan hamkorlik qilishga rozi bo‘ldim. Biz-TV – nima o‘zi? Javob: Biz-TV – xorijda istiqomat qiluvchi o‘zbek vatandoshlarni birlashtiruvchi bir ko‘prik.

– Biz-TV xorijdagi hamyurtlarimiz uchun ochilgan birinchi telekanal sifatida tomoshabinga nimalarni taklif qiladi?

– Siz AQShda yashaysizmi, Rossiyada mehnat muhojirimiz yoki yapon yigitga turmushga chiqib, Tokioga ko‘chib ketganmisiz – baribir mana shu Vatanni, O‘zbekistonni sog‘inasiz. Ona yurt haqida har nafasingizda eslaysiz. Biz-TV aynan shu hislarni qalbidan o‘tkazuvchi insonlar uchun tashkil etilgan. O‘zbeklarning chet eldagi turmush tarzi, erishayotgan yutuq va muvaffaqiyatlari, eng asosiysi, hayotiy tajribasi rang-barang telemahsulotlar orqali ko‘rsatib beriladi. Bir narsani alohida ta'kidlashim kerakki, telekanal efirida bironta negativ bo‘lmaydi! O‘zim ham xorijda bir necha yildan buyon yashayman, O‘zbekistonni sog‘inib ijtimoiy tarmoqlarni ko‘rib chiqaman. Ming afsuski, aksariyat hollarda, Vatanni sog‘inib kirgan odam negativ xabarlarni ko‘rib asablari tarang bo‘ladi. Asosli-asossiz ayblovlar, turli jinoyat va “samosud”lar, bir-birini qon qaqshatgan odamlar, o‘zbeklarni sharmanda qiluvchi turli-tuman videolar... 70% ga yaqin xabar shunday mavzuda. Bizku, hayotda ozmi-ko‘pmi tajriba to‘plagan, oqni qoradan ajrata olishga yoshi yetgan insonlarmiz. Lekin xorijdagi oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan, mehnat qilayotgan va kelajakda O‘zbekistonni rivojlantirmoqchi bo‘layotgan yoshlarga bu juda salbiy ta'sir qiladi. Zamona zayli bilan chet elda yashayotgan o‘zbek otaxonu onaxonlarchi?! Albatta, bugungi zamonda faqat pozitiv xabarni uzatishni so‘rashning o‘zi qonunan noto‘g‘ri. Lekin faqat pozitiv ruhdan iborat resurs yaratishni hech kim ta'qiqlay olmaydi.  Biz-TV'ga meni yaqinlashtirgan va hamkorga aylantirgan sabab mana shu – pozitiv kayfiyat, Vatanni sog‘inganlar qalbiga cho‘g‘ soluvchi rolik va ko‘rsatuvlar! Butunlay boshqacha format! Ishoning, Vatanni sog‘ingan odamning qalbida qoralik bo‘lmaydi, yurtiga yomonlik tilamaydi.

– Juda yaxshi fikrlar bildirdingiz! O‘quvchilar ham qiziqib qolishdi deb o‘ylayman. Onlayn telekanalni qayerda ko‘rish mumkin?

– Telekanalning qamrov doirasi borgan sari kengayib bormoqda. www.biztv.uz domeni, AppStore va PlayMarket'dagi Biz ilovasi orqali dunyoning istalgan burchagidan turib tomosha qilish mumkin. Shuningdek, Shimoliy Amerika hududida Telecola, Yevropada Kartina-TV platformalari obunachilari ko‘rishi mumkin. Shu kunlarda 10 dan ortiq davlatlarning telekanal provayderlari Biz-TV'ni ulash bo‘yicha texnik sinov ishlarini amalga oshirmoqda. Ishonch bilan ayta olamanki, yaqin bir oy ichida o‘zbeklar ko‘p istiqomat qiluvchi Markaziy Osiyo davlatlari, Rossiya, Turkiya va Janubiy Koreya hududlarida ham translatsiya boshlanadi.

– Telekanalning AQShdagi rasmiy vakili sifatida sizning vazifalaringiz nimalardan iborat?

– Xabaringiz bor, men 2016 yildan buyon AQShning Nyu-York shahrida yashab kelaman. “Russkaya reklama” radiosida “Vostochnyy ekspress” mualliflik dasturimni olib boraman. Faoliyatim davomida juda ko‘p yurtdoshlarimiz bilan tanishdim, o‘nlab intervyular oldim. Ular orasida Amerikaga endi kelgan odamlardan tortib, katta-katta muvaffaqiyatga erishgan insonlar, uzoq yillar oldin ajdodlari ko‘chib kelgan “amerikalik o‘zbek”lar ham bor. O‘zbeklar ko‘pchilik o‘ylaganday faqat mehnat muhojirlari emas. Bugun yirik loyihalarni amalga oshirayotgan, ko‘p millionli aylanma mablag‘ga ega bo‘lgan tashkilotlarga egalik qilayotgan, rahbarlik qilayotgan yurtdoshlarimiz ko‘p. Afsuski, ularni ko‘pchilik tanimaydi. Muvaffaqiyatga erishgan insonlarning hayot yo‘lini batafsil hikoya qilish orqali keng yoritish millionlab o‘zbek yoshlari uchun motivatsiya bo‘ladi. Xullas, Biz-TV orqali AQShdagi vatandoshlarimiz hayotini yoritib boraman, hamkorlik loyihalarini amalga oshiraman va turli formatdagi media-mahsulotlarni taqdim etaman.

– Biz-TV kimlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan? Bunday loyihani amalga oshirishning o‘zi bo‘lmaydi axir!

– Yuqorida aytib o‘tgandim. Onlayn telekanalni tashabbuskor va ijodkor yoshlar tashkil qilishgan. Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Umumjahon yoshlar assotsiatsiyasi Biz-TV'ni rivojlantirish uchun yaqindan ko‘mak berishmoqda. O‘zbekiston Respublikasining AQShdagi elchixonasi yoki konsulxonasi (o‘zingizga ma'quli), Frankfurt shahridagi bosh konsulxona vakillari ham yordamlarini ayashmayapti. 

Tez orada Mehnat va bandlik munosabatlari vazirligi, Madaniyat vazirligi, Turizmni rivojlantirish Davlat qo‘mitasi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatiladi.

– Biz-TV bo‘yicha bu suhbatimiz oxirgisi emas deb umid qilaman. Ishingizga muvaffaqiyat yor bo‘lishini tilayman. Siz aytgan rejalar amalga oshishini kutamiz va yana mavzuga qaytamiz. Mazmunli suhbat uchun tashakkur.

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid