O‘zbekiston | 08:05 / 11.09.2020
19714
5 daqiqa o‘qiladi

Pulmonolog: Bolaning nafas yo‘llarida kasallanish kuzatilsa, uni bog‘cha yo maktabga yubormaslik kerak

O‘zbekistonda bolalarda o‘pka kasalliklari ko‘payishiga bir necha omillar sabab bo‘lmoqda. Bolaning shaxsiy gigiyena qoidalariga to‘liq rioya qilmasligi, himoyalovchi vositalarni to‘g‘ri ishlatmasligi – ana shunday omillar sirasiga kiradi, deydi SSV bolalar bosh pulmonologi Furqat Shamsiyev.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Sog‘liqni saqlash vazirligi bolalar bosh pulmonologi, tibbiyot fanlari doktori, professor Furqat Shamsiyev vazirlik axborot xizmati bilan suhbatda bo‘ldi. Intervyuda yosh bolalarning o‘pka kasalliklari bilan kasallanish sabablari, bolalarni qancha vaqt oralig‘ida pulmonolog nazoratidan o‘tkazib turish kerakligi hamda mavzuga oid boshqa dolzarb savollarga javoblar berilgan.

— O‘zbekistonda yosh bolalarning o‘pka kasalliklari bilan kasallanish salmog‘i nisbatan yuqori ekan, bunga sabab nima va bu holatning oldini olish uchun qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

— O‘zbekistonda bolalarda o‘pka kasalliklarini ko‘payishiga bir necha omillar sabab bo‘lmoqda. Birinchidan, havo-tomchi yo‘li bilan yuqadigan virusli infeksiyalar ko‘paygan vaqtda bolani shaxsiy gigiyena qoidalariga to‘liq rioya qilmasligi, himoyalovchi vositalarni to‘g‘ri ishlatmasligi.

Ota-onalar tomonidan farzandini uyda to‘g‘ri davolamasligi, kasal bo‘lsa ham bog‘cha, maktablarga yuborib boshqa sog‘lom bolalarga infeksiyani yuqtirishi, bolada surunkali infeksiya o‘choqlarini vaqtida bartaraf etmasligi, to‘g‘ri ovqatlantirmaslik, bolaning ruhiy zo‘riqishi, chiniqmaslik, kam harakatlilik, uzoq vaqt yopiq xonalarda o‘tirishi va virusli kasalliklar epidemiyasi vaqtida vaksinatsiya qilinmasligi kasallanishning ko‘payish sabablaridan deb o‘ylayman.

Bu holatni oldini olish uchun ota-onalar farzandiga shaxsiy gigiyena qoidalarini o‘rgatib, himoyalovchi vositalar bilan ta'minlab, ularni qo‘llashni ham o‘rgatishi kerak. To‘g‘ri ovqatlantirish, chiniqtirish, harakatlarini ko‘paytirish va o‘z vaqtida vaksinatsiya ishlarini olib borish zarur, deb o‘ylayman.

— Ota-onalar bolalarni qancha vaqt oralig‘ida pulmonolog nazoratidan o‘tkazib turishlari kerak?

— Bolada nafas olish a'zolaridan shikoyat bo‘lmasa, bir yilda bir marta bolalar pulmonologi tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Agar bolada nafas olish a'zolarining o‘tkir yoki surunkali kasalliklari bo‘lsa, unda uchastka shifokori tomonidan belgilangan reja asosida bolalar pulmonologi ko‘rigidan o‘tib, ma'lum vaqt tibbiy nazoratda bo‘lishi kerak.

— Nafas a'zolari yengil kasallangan bolalar ham bog‘cha va maktablarga qatnaydilar. Asosiy vaqti uydan uzoqda o‘tadi...

— Avvalo, nafas a'zolari kasalliklari bilan kasallangan bolalarni ota-onalar maktabgacha ta'lim muassasalariga va maktablarga yubormasliklari lozim, chunki yengil kasallangan bo‘lsa ham ular yuqumli hisoblanadilar. Bunday holatlarda bola nafaqat o‘zini, balki yon atrofidagi insonlar va tengdoshlarini ham kasallikdan himoya qilishi lozim.

Ilmiy tekshiruvlar shuni ko‘rsatadiki, bolalar 17 foiz adenovirus tashuvchi va 18 foiz mikoplazma tashuvchi bo‘lib hisoblanadi. Bola kasallangan davrda ko‘proq suyuqlik ichishi, yaxshi ovqatlanishi, doimiy himoyalovchi niqobda yurishi, gigiyenik qonun qoidalarga rioya qilishi, qo‘lni sovunlab yuvishi yoki antiseptik vositalar bilan qo‘lni muntazam ravishda dezinfeksiya qilishi, umumiy idish-tovoqlardan foydalanmaslik, yo‘talganda yoki aksa urganda og‘iz va burunni salfetka yoki tirsak bilan yopishi, odam ko‘p va gavjum bo‘lgan joylarga bormasligi kerak.

— Pulmonologik kasalliklar onadan bolaga o‘tadimi?

— Hozirgi kunda ota-onalar farzand tug‘ilishidan oldin, ushbu muhim qadam oldidan o‘z sog‘ligini tartibga solib, farzandini ehtimoliy kasalliklardan himoya qilishga intilmoqda. Shunga qaramay, bola ota-onadan ko‘plab kasalliklarni yuqtirishi mumkin va birinchi navbatda, bu onadan o‘tadigan kasalliklardir. Bolaga onadan irsiy, yuqumli, virusli va endokrin kasalliklar o‘tishi mumkin.

Masalan, pulmonologik kasalliklardan bronxial astmani olaylik. Agar onada bronxial astma bo‘lsa, bolaga o‘tish ehtimoli 40 foizni tashkil etadi. Agar ushbu kasallik ham otada, ham onada bo‘lsa, bolaning kasallanish ehtimoli 80 foizni tashkil etadi. Bu ko‘pincha allergik kasalliklarga moyilligi yuqori bo‘lgan oilalarda kuzatiladi. Shuningdek, irsiy kasalliklardan mukovissidozda ham shu kasallik genini tashuvchi bo‘lgan ota-onadan 25 foiz holatda xastalikka moyil bola tug‘iladi. Ammo shuni unutmaslik kerakki, bolaning erkin nafas olishida eng muhim omil to‘g‘ri parvarishdir.

Mavzuga oid