O‘zbekiston | 08:25 / 14.09.2020
4162
2 daqiqa o‘qiladi

Kitob geologiya bog‘iga yer uchastkasi ajratiladi

Vazirlar Mahkamasining 2.09.2020 yildagi «Kitob geologiya milliy tabiat bog‘ini faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 534-son qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan Prezidentning 30.06.2020 yildagi «Tabiatni muhofaza qilish davlat muassasasi shaklidagi Kitob geologiya milliy tabiat bog‘ini tashkil etish to‘g‘risida»gi PQ-4766-son qarori ijrosini ta'minlash maqsadida quyidagilar tasdiqlandi:

  • qo‘riqxona, rekreatsiya va xo‘jalik maqsadlarida doimiy foydalanish huquqi bilan ajratiladigan yer maydonlari ro‘yxati;
  • ijro etuvchi apparatning tuzilmasi;
  • Kitob geologiya milliy tabiat bog‘ini YuNeSKO (GGN)ning Global geoparklar tarmog‘iga kiritish bo‘yicha «yo‘l xaritasi».

Norma’ning yozishicha, Kitob geologiya milliy tabiat bog‘i barcha huquqlar, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha Kitob davlat geologik qo‘riqxonasining huquqiy vorisi hisoblanadi. Tabiat bog‘i belgilangan tartibda pullik xizmatlarni ko‘rsatadi.
 
Bog‘ faoliyatini moliyalashtirish manbalari quyidagilar etib belgilandi:

  • Davlat budjeti mablag‘lari;
  • xalqaro moliya institutlari grantlari hamda jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
  • qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Davlat geologiya qo‘mitasiga ikki oy muddatda quyidagilarni amalga oshirish topshirildi:

  • Tabiat bog‘ining nizomini ishlab chiqish va tasdiqlash;
  • «Zinzilban» turistik yo‘nalishidan foydalanish va salohiyatini yorituvchi materiallarni tayyorlash;
  • Tabiat bog‘ining shtatlar jadvalini ishlab chiqish hamda ishlash uchun malakali mutaxassislar jalb etilishini ta'minlash.

Qashqadaryo viloyati hokimligiga ikki oy muddatda Davlat geologiya qo‘mitasi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda quyidagilarni amalga oshirish topshirildi:

  • qo‘riqxona, rekreatsiya va xo‘jalik maqsadlarida foydalanish zonalari chegaralarini aniq belgilash;
  • yer kadastr hujjatlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritilishini ta'minlash.

Hujjat 2.09.2020 yildan kuchga kirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid