O‘zbekiston | 16:53 / 15.09.2020
27343
3 daqiqa o‘qiladi

«Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi

Qonundan fuqarolarning jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlariga yo‘l qo‘yilmasligi haqidagi cheklov olib tashlanmoqda.

Bugun, 15 sentabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Adliya vaziri Ruslanbek Davletov parlamentga «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining yangi tahrirdagi loyihasini taqdim qildi.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan ko‘rib chiqilib, birinchi o‘qishda qabul qilindi.

«Ruslanbek Davletov Qonun loyihasining hozirgi kundagi dolzarbligi haqida to‘xtalar ekan, o‘tgan davr mobaynida fuqarolarning diniy e'tiqodini amalga oshirishda duch kelayotgan muammolarni bartaraf etish, diniy ta'lim olishni va diniy tashkilotlarning erkin faoliyat yuritishini ta'minlash, dinlararo va millatlararo nizolarni kelib chiqishini oldini olishga xizmat qilishini ta'kidlab o‘tdi.

Ushbu Qonun loyihasining asosiy maqsadi vijdon erkinligi kafolatlarini kuchaytirish, har bir inson xohlagan dinga e'tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e'tiqod qilmaslik huquqini ta'minlashning yangi mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, davlatning din ishlari bo‘yicha siyosatini takomillashtirishdan iborat», – deyiladi Adliya vazirligi xabarida.

Kiritilayotgan o‘zgarishlarga asosan, aholini qiynab kelayotgan muammolardan biri – fuqarolarning jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlariga yo‘l qo‘yilmasligi haqidagi cheklov olib tashlanmoqda.

Amaldagi «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiq, diniy tashkilot tuzish uchun tashabbuskorlar soni 100 nafar bo‘lishi talab etilgan bo‘lsa, kiritilayotgan o‘zgartishga asosan endilikda mahalliy diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun 50 nafar tashabbuskor yetarli hisoblanadi.

Qonunga kiritilayotgan yangiliklardan biri – diniy tashkilotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartib-taomillari yengillashtirilmoqda, xususan, taqdim etiladigan hujjatlar soni qisqartirilmoqda, ularni notarial va boshqa ko‘rinishlarda tasdiqlashga oid talablar bekor bo‘lmoqda, davlat xizmatlari to‘liq elektron ko‘rinishda amalga oshirilishi joriy etilmoqda, ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish asoslari aniq belgilanmoqda.

Avvalroq Din ishlari bo‘yicha qo‘mita qonun loyihasida ko‘zda tutilgan yangiliklarni batafsil sanab o‘tgan edi.

Qonun Senat tomonidan ma'qullanib, so‘ng prezident imzolagach, rasmiy e'lon qilinganidan keyin kuchga kiradi.

Mavzuga oid