O‘zbekiston | 15:09 / 15.09.2020
18189
5 daqiqa o‘qiladi

Yunusobodda qurilgan va qurilishi mumkin bo‘lgan ko‘p qavatli uylar fuqarolar e'tiroziga sabab bo‘lmoqda. Mutasaddilar qanday yo‘l tutadi?

Yunusobod tumani, 2-mavze, 39-40-sonli ko‘p qavatli uylar aholisi uylari oldida olib borilayotgan qurilish ishlaridan norozi. Ko‘p qavatli uylarning biri qurilishi yakunlanmoqda, ikkinchisi endi qurilishi mumkin.

Poytaxtning Yunusobod tumani Ahmad Donish ko‘chasida, 2-mavze 39-40-uylarda yashovchi fuqarolardan tahririyatimizga murojaat kelib tushdi. Ma'lum qilinishicha, ko‘p qavatli uylar oldida bo‘sh turgan yerga tadbirkor 6 qavatli turar-joy majmuasini qurmoqchi.

Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida mazkur hududda bo‘lib, aholi vakillari bilan suhbatlashdik.

«Bu yerda oldin to‘yxona bo‘lgan. Eskirgani sababli, ancha yillar oldin o‘z faoliyatini to‘xtatgan. Shundan so‘ng tadbirkor kelib, hududni sotib olgan. Dastlab to‘yxonani buzishdi. Tadbirkorning aytishicha, bu yerga 6 qavatli uy-joy qurmoqchi. Bundan aholi vakillari norozi. Qanday qilib ko‘p qavatli uylar oldiga yana ko‘p qavatli uy qurish mumkin? Havo aylanmaydi. Bu uylarda yoshi ulug‘lar bor.

Bolalar maydonchasini uylarning orqa tomoniga qurib qo‘yishdi. Qanday qilib biz bolalarimizni maydonchaga yuboramiz. Bizga teskari joylashgan. Biron korhol yuz bersa, kim javob beradi?

Bundan tashqari, agar mazkur hududga ko‘p qavatli uylar quriladigan bo‘lsa, favqulodda holatda mashina kira olmaydi, shuningdek, qurilishga hali ruxsat olinmagan. Umuman, biz bu yerga ko‘p qavatli uylar qurilishidan norozimiz», – deydi shu yerda istiqomat qiluvchi fuqarolardan biri.

Ma'lum bo‘lishicha, to‘yxona binosi tadbirkor Muhiddin Yunusov tomonidan sotib olinib, tozalash ishlari olib borilmoqda. 2020 yil iyun oyida Yunusobod tuman qurilish bo‘limi tomonidan bu yerga obektni qayta ixtisoslashtirish va rekonstruksiya qilish uchun ruxsatnoma berilgan.

Tadbirkor: «Davlat nimaga ruxsat bersa, shuni qurmoqchimiz»

Muhiddin Yunusov

Shundan so‘ng yerni sotib olgan tadbirkor bilan bog‘landik. Uning aytishicha, hozirda faqat tozalash ishlari ketmoqda. Qurilish esa tegishli tashkilotlardan ruxsat olingandan so‘ng boshlanadi.

«Bu joy 9,20 sotixli yer. Biz uni sotib olganmiz. Onam vafotidan keyin otamning nomiga o‘tkazdik. Hozirda hududda tozalash ishlari olib borilmoqda. Hali qurilishga ruxsat olinmagan. Tegishli idoralar qanday qurilishga ruxsat berishsa, o‘sha narsani quraman.

O‘sha yerda yashovchi aholi 9-12-16 qavatli uylar quriladi, deb yolg‘on ma'lumotlar tarqatishmoqda. Bizning maqsadimiz – o‘z joyimizni o‘rab qo‘yish. Yerdagi betonlarni olgandan so‘ng chuqurlar hosil bo‘ladi. Bu esa yosh bolalarga xavfli bo‘lib qoladi. Shuning uchun yer atrofini o‘rab olishimiz kerak.

Ko‘p qavatli uy qurish uchun hujjatlarni topshirganmiz. Lekin davlat nimaga ruxsat bersa, shuni qurmoqchimiz. Bir qavatli bo‘lsa, bir qavatli, ko‘p qavatli bo‘lsa, ko‘p qavatli. O‘zimiz sotib olgan joyni o‘zimiz o‘rab olishimiz mumkin-ku!» – deydi tadbirkor Muhiddin Yunusov.

Yerni oldi-sotdi shartnomasi asosida tadbirkor sotib olgan. Hozir eski to‘yxonani buzib, yerni tozalash ishlarini olib bormoqda. Tadbirkor aholi uchun bolalar maydonchasi, avtoturargoh, suhbatgoh-shiyponcha qurib bergani, o‘z yeriga ko‘p qavatli uy-joy qurmoqchi ekanini aytmoqda, lekin hali qanday qurilishga ruxsat berilishi noma'lum.

Fuqarolar esa bu yerga ko‘p qavatli uy tushishidan xavotirda. Sababi – 39-uy yonidan boshqa bir tadbirkor savdo, maishiy xizmat ko‘rsatish va umumiy ovqatlanish majmuasi qurilishini boshlagan. Lekin bu qurilish keyinchalik ko‘p qavatli uyga aylangan. 39-uy bilan juda yaqin masofada qurilgan. Hatto ikkala uyning yon tomonidagi derazalari bir-biriga shu qadar yaqinki, u uydan bu uyga o‘tsa ham bo‘ladi. Fuqarolar bu ko‘p qavatli uyning ham qurilishi noqonuniy ekanini aytishmoqda.

Hokimlik: Ikkala obektga ham qayta ixtisoslashtirish va rekonstruksiya qilish uchun ruxsatnoma berilgan

Holat yuzasidan Yunusobod tuman hokimligi bilan bog‘lanib, izoh so‘radik. Tuman hokimligi mazkur qurilishlarga qayta ixtisoslashtirish va rekonstruksiya qilish uchun ruxsatnoma berilganini ma'lum qildi.

Fuqarolar va tadbirkorlar o‘rtasidagi kelishmovchilik qanday yakun topishi hozircha noma'lum. Aholi uylari yoniga qurilayotgan va qurilishi mumkin bo‘lgan ko‘p qavatli uylardan norozi, mutasaddilar esa tadbirkor binoni qayta ixtisoslashtirishga tegishli ruxsatnoma olganini aytmoqda.

Endilikda masala yechimi mutasaddilar zimmasida qolmoqda: ular tadbirkorga u istaganidek ko‘p qavatli uy qurishiga ruxsat beradimi yoki aholi noroziligini inobatga olib boshqacharoq qaror chiqaradimi?

Voqealar rivojini kuzatib boramiz.

Rahmatillo Isroilov tayyorladi

Раҳматилла Исроилов
Tayyorlagan Раҳматилла Исроилов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid