Iqtisodiyot | 15:39 / 16.09.2020
7319
2 daqiqa o‘qiladi

​Markaziy bank yana bir kompaniyaga to‘lov tashkiloti faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya berdi

Markaziy bank boshqaruvining 2020 yil 10 sentyabrdagi qaroriga muvofiq, Genesis Innovation MChJga to‘lov tashkiloti faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya berildi.​ Bu haqda bank matbuot xizmati xabar bergan. 

Genesis Innovation'ning Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, kompaniya to‘lov tashkiloti faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya olgani ayni paytda ular tomonidan yangi to‘lov tizimini ishga tushirilishini anglatmaydi. Ammo bu haqda kelgusi rejalar hozircha sir saqlanishi ma'lum qilindi. 

2019 yili 29 martda tashkil topgan Genesis Innovation IT-kompaniyasi asosan biznes uchun tahlil va tadqiqotlar o‘tkazish, dasturiy ta'minotlar ishlab chiqarish va IT xizmatlari bilan shug‘ullanadi

Ushbu kompaniya joriy yil 3 iyun kuni elektron birja savdolarida «Kafolat sug‘urta kompaniyasi»​ aksiyadorlik jamiyatining ustav kapitalidagi 25 foiz davlat aksiya paketi 22 milliard 598 million so‘mga sotib olgandi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi sug‘urta kompaniya aksiyalarining 66,50 foizi, boshqa yuridik shaxslar 29,80 foizi, jismoniy shaxslar esa 3,70 foiziga egalik qilar edi.​

Davlat statistika qo‘mitasi ma'lumotiga ko‘ra, Uzcard protsessing tizimi sobiq rahbari Ahror Mahmudov Genesis Innovation'ga​ rahbarlik qiladi. Kompaniya ustav fondidagi barcha ulush Doniyor Zufarovga tegishli. 

Mavzuga oid