O‘zbekiston | 23:52 / 19.09.2020
45898
2 daqiqa o‘qiladi

Koronavirus O‘zbekistonda: Tuzalganlar soni kasallanganlardan ko‘p bo‘ldi

19 sentabr kuni O‘zbekistonda 614 holatda kasallik qayd etildi, 626 nafar bemor sog‘aydi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 50 992 nafarni tashkil etmoqda.

Yangi kasallanish holatlarining 87tasi Toshkent viloyatida, 33tasi Toshkent shahrida tana harorati ko‘tarilganligi hamda koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan.

Shu bilan birga, Toshkent shahrida 4 nafar, Toshkent viloyatida 2 nafar, jami 6 nafar koronavirusga chalingan bemor vafot etdi.

19 sentabr kuni Toshkent shahrida 351 nafar, Toshkent viloyatida 124 nafar, Namangan viloyatida 72 nafar, Andijon viloyatida 21 nafar, Qashqadaryo viloyatida 17 nafar, Samarqand viloyatida 16 nafar, Xorazm viloyatida ham 16 nafar, Surxondaryo viloyatida 4 nafar, Farg‘ona viloyatida 3 nafar hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2 nafar bemor tuzaldi.

Shunday qilib, O‘zbekistonda 47 271 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar (93 foiz) sog‘aygan.

Hozirda 3 294 nafar bemorga shifokorlar tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.

Tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 3 294 nafar bemordan 495 nafari og‘ir, 267 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.

 

Mavzuga oid