Jamiyat | 18:49 / 19.09.2020
12899
6 daqiqa o‘qiladi

«O‘z uyimda o‘tirib, bir piyola choy ichsam armonim yo‘q edi» – termizlik Latofat A'zamova uy olish uchun ko‘mak so‘ramoqda

Kasb taqozosi bilan ko‘p safarlarda bo‘lamiz. Bu safarlar davomida tabiiyki, turli taqdir egalari bilan uchrashamiz. Ulardan ayrimlari baxtli, yana ayrimlari esa... 

Ehtiyojmand oilalar ro‘yhati («temir daftar»)da turuvchilarning yashash sharoitlari va ularga ko‘rsatilayotgan moddiy yordamlar holati bilan tanishish maqsadida, Surxondaryo viloyatiga qilgan safarimiz davomida yo‘limiz Termiz shahri Tuproqqo‘rg‘on mahallasidagi ko‘p qavatli uylardan birida, ijarada yashab kelayotgan Latofat opa A'zamovaning xonadoniga tushdi.

Quyida 11 yildan buyon boshpanasizlik tashvishlari bilan kurashib yashayotgan shu ayol haqida hikoya qilamiz. 

Latofat opa A'zamova 1974 yili Boysun tumanida tug‘ilgan. 2002 yilda esa u Termiz shahriga kelin bo‘lib tushadi. Turmush o‘rtog‘i Bahrom Sariyev bilan 7 yillik turmushi davomida 2 farzand – bir o‘g‘il va bir qizli bo‘ladi. Ammo Bahrom akaning umri qisqa ekan. U 2009 yilda  jigar sirrozi bilan og‘rib vafot etadi.

Latofat opaning hayotidagi tashvishli kunlar esa ana shundan keyin boshlanadi. O‘zining aytishicha, qaynota va qaynonasi uni ko‘p o‘tmay yashab turgan uyidan haydab chiqargan.

«Ular meni turmush o‘rtog‘imning o‘limida ayblashdi. Lekin bunday emasdi. Biz baxtli edik, kim o‘z baxtini yo‘qotgisi keladi? Kasallik sizdan so‘rab kelmaydi-ku.

Turmush o‘rtog‘im muzlatgich sexida ishlardi, yashashimiz ham yomon emasdi. Lekin nima qilaylik, bu balo birdan keldi. Taqdir ekan, shuncha davolatsak-da kasallik ustun chiqdi. 

Qaynota va qaynonam haqida gapirishni istamayman, g‘iybat bo‘lmasin.

Xullas, shu-shu 11 yildan beri ijarada yashab kelyapman. Otasi vafot etganda bolalarim hali juda kichkina edi. 

O‘sha paytlarda bog‘chalar pulli edi va to‘lovga qurbim yetmagani uchun ikki bolamni ham bir yil oldinroq maktabga berdim. Otasini sog‘insa chalg‘ir deb o‘ylaganman. Mana hozir ikkovi ham voyaga yetib qoldi, o‘g‘lim maktabni bitiryapti, qizim esa 10 sinf», – deydi Latofat opa o‘zining o‘tgan kunlari haqida gapirar ekan.

Latofat opa va uning ikki farzandi hozir ijaradagi bir xonali, kichik uyda yashamoqda. U ijarada yashashning qiyinchiliklari haqida quyidagilarni gapirib berdi:

«Ko‘chib yashash juda og‘ir. Ijarachingiz xohlagan paytda kelib, sizga tur ket, bu uyni sotaman yoki istasang to‘lov narxini ko‘taraman, deydi. Shu tufayli har yilda yoki yarim yilda bir turar joyimizni almashtiramiz.

O‘g‘il-qizlaringiz katta bo‘lgandan keyin ularga alohida xona kerak. Farzand bo‘lsa-da uyat, andisha degan so‘zlar bor. Afsuski, ikki xonali uyni ijaraga olishga qurbim yetmaydi.

Shu sababli qizimni tez-tez dugonalarinikiga yuborib turaman...».

Latofat A'zamova hozir Termiz davlat universitetida garderobchi bo‘lib ishlamoqda. Bu ishi uchun u oyiga 500 ming so‘m maosh oladi. Ammo o‘zining aytishicha, hozirgi yashayotgan uyining ijara puli ham xuddi shuncha. Yolg‘iz onaning zimmasida esa bundan tashqari ham bolalarni o‘qitish, kiyintirish, osh-ovqat va boshqa tashvishlar bor.

Suhbatdoshimiz hozirgi ishidan nolimaydi. O‘zining aytishicha, u 3 yildan buyon shu kasbida halol ishlab kelyapti. Ammo hozirgi oyligi bilan uy-joy qilishning imkoniyati yo‘q. 

«Mana necha yildirki, shahar va viloyat hokimligi, prokuratura hamda boshqa idoralarga uy berishlarini so‘rab xat yozaman, iltimos bilan boraman. Afsuski, foydasi bo‘lmayapti. 

«Men tanigan ko‘p oilalar uyli bo‘ldi. Ularni ko‘rib havas qilaman, ko‘raman-u, bizga qachon uy berisharkin, deya o‘zimga og‘riqli savol beraman.

Bolalarim bilan o‘tirganda balki biror tanishimiz yo‘qligidan ham bizga uy berishmas, deya yig‘lab olaman. 

O‘z uyimizda erkin o‘tirib bir piyola issiq choy ichsam armon yo‘q edi. Shu intervyularingizni rahbarlarimiz ko‘rishsa, ulardan iltimos, oilamizga yordam bersin». – deydi u ko‘zda yosh bilan.

Qahramonimizning hali yaxshi niyatlari, rejalari juda ko‘p. Masalan, ikki farzandini o‘qitib oliy ma'lumotli, ishli qilmoqchi. U shu maqsadda o‘zi ishlayotgan universitet o‘qituvchilari bilan gaplashib, bolalarini arzon narxdagi tayyorlov kurslariga qo‘ygan.

«Bolalarimga faqat yaxshi o‘qinglar, yaxshi ishga joylashinglar deyman. Men ko‘rayotgan qiyinchiliklarni kelgusida bolalarim ko‘rmasin», – deydi ona.

Umid qilamizki, Termiz shahar hokimligi mutasaddilari biz hikoya qilganimiz, Latofat opa A'zamovaning ko‘p yillik muammolariga befarq qaramaydi. Uning uyli bo‘lish orzusi esa, va nihoyat, ijobat bo‘lishiga aminmiz.

Latofat A'zamovaga qo‘shimcha ko‘mak berish istagida bo‘lgan savobtalab, ko‘ngilli va imkoniyati bor yaxshi insonlar bo‘lsa, uning plastik kartasiga pul o‘tkazishlari mumkin: 

Humo: 9860 0101 2671 9789 (Ipoteka bank, A'zamova Latofat nomida).

Ilyos Safarov tayyorladi.
Operator – Asad Allanazarov.

Mavzuga oid