O‘zbekiston | 00:57 / 20.09.2020
60739
5 daqiqa o‘qiladi

Parkent tumani hokimligi tomonidan xarid qilingan "Captiva" bo‘yicha izoh berildi

Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari Behzod Qobulov tuman hokimligi tomonidan xarid qilingan "Captiva" avtomashinasi bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar bo‘yicha izoh berdi.

Uning e'tirof etishicha, haqiqatan ham, tuman hokimligi "Captiva" rusumli avtomashina uchun shu kunlarda mablag‘ o‘tkazgan. Vositachi korxona ta'sischilaridan biri tuman hokimining o‘g‘li ekanligi ham to‘g‘ri.  

Qobulovning so‘zlariga ko‘ra, Parkent tog‘ va tog‘oldi hududlardan tarkib topganligidan kelib chiqib, 2019 yilda tuman hokimligi "Captiva" yo‘ltanlamas mashinasini xarid qilishni rejalashtirgan. Biroq o‘sha vaqtda tuman budjetida yetarli mablag‘ bo‘lmagani tufayli tuman hokimining farzandi, ya'ni "MEGA KARER" MChJ ta'sischilaridan biri otasi foydalanishi uchun mazkur mashinani berib turgan.

“Og‘zaki kelishuvga ko‘ra, tuman budjetida yetarli mablag‘ bo‘lgan paytda pul o‘tkazib beriladigan bo‘lgan. Ya'ni mashina tuman hokimligi ixtiyoriga berilgan paytda yangi bo‘lgan. Oradan bir yildan ko‘proq vaqt o‘tgach, to‘lov qobiliyati shakllanganidan keyin bu mablag‘lar firmaga baholovchi tashkilot tomonidan belgilangan narxga ko‘ra o‘tkazib berilgan.

Yanayam aniqroq aytganda, tuman hokimining farzandi tuman hokimligiga yangi "Captiva"ni keyinroq to‘lab berish shartiga rozi bo‘lgan holda topshirgan. Qarindosh-urug‘chilik rishtasidan, bu o‘rinda, manfaat ko‘zda tutilmagani, qaytaga avtomashinani real narxidan past bahoga xarid qilinganiga e'tibor qaratishingizni istardim”, deyiladi munosabatda.

Uning ta'kidlashicha, tuman budjeti aniq hisob-kitoblar, ma'lum rejalar asosida taqsimlanadi.

“Jaydari qilib aytganda, budjetning puli ko‘chada qolmagan va bu borada o‘ta kuchli nazorat tizimi mavjud”, deyiladi izohda.

Behzod Qobulov shuningdek, tuman hokimining amalga oshirgan xayrli ishlarini sanab o‘tgan.

“Quyidagi ma'lumotni yozishdan oldin esa ko‘p o‘yladim. Minnat yoki nokamtarlik ko‘rinmasmikan, degan o‘ylar ko‘ngildan o‘tdi. Ammo hozir, shu vaziyatda bu haqda ma'lum qilish joiz ko‘rindi. Tuman hokimi Nig‘mat Muhammedov o‘z oylik maoshidan jamg‘argan puliga 10ta sun'iy nafas olish uskunasini tuman shifoxonasiga bergan. Bu o‘rinda gap hokimning alohida bir fazilatini bo‘rttirish haqida ketmayapti. Binobarin, Parkent tumanini sevgan, uning xalqi sog‘lig‘i uchun qayg‘urgan har bir parkentlik singari Nig‘mat Muhammedov ham umumiy xayriya marafonida munosib ishtirok etganini ta'kidlash ma'nosida misol keltirdim”, deb yozadi u.

Behzod Qobulov Parkent tumani budjeti va uning to‘lov qobiliyati haqida ham to‘xtalib o‘tgan.

“Ya'ni muhtaram o‘quvchilarda bir ishtiboh tug‘ilishi mumkin. Ya'ni nechuk poytaxtning biqinidagi katta bir tumanda "Captiva" olishga yetgulik mablag‘ bo‘lmasa, degan fikr ham bor. Shaxsiy fikrim va o‘rganishlarim natijasidagi xulosam bunday. Pul o‘sha vaqtda yetarli bo‘lmasa ham keyinroq bo‘lgan va mahalliy budjetda to‘lov qobiliyati avvalroq ham mavjud edi. Ya'ni e'tiborda tutish lozimki, mahalliy budjetning orttirib bajarilgan qismi miqdori har chorakda ma'lum bo‘ladi. Bu mablag‘ni tasarruf etish hokimning ixtiyoridagi ish edi. Ammo rahbar sifatida Nig‘mat Muhammedov, imkoniyat bo‘lganda ham, avvalo eng zarur soha va tarmoqlarga mablag‘ yo‘naltirishni ma'qul ko‘rgani bugungi kunda o‘ziga qimmatga tushayapti – ijtimoiy tarmoqlarda masala muhokamalar markazida.

Xulosa qilib aytganda, bu vaziyatda budjet mablag‘i talon-taroj bo‘lgani haqida pisandalar baquvvat asosga ega emas”, deya xulosa qiladi viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari.

Mavzuga oid