O‘zbekiston | 16:27 / 20.09.2020
31195
11 daqiqa o‘qiladi

«Talabani sinov muddati bilan ishga olish qonunga zid» - talabalar mehnati masalasida mutaxassis bilan suhbat

Kun.uz yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan talabalar mehnatiga oid qonunchilik va amaliyotdagi muammolar haqida Toshkent davlat yuridik universiteti Mehnat huquqi kafedrasi o‘qituvchisi Muhammadamin Karimjonov bilan intervyu uyushtirdi.

Quyida suhbatning ikkinchi qismi keltirib o‘tiladi.

– Pandemiya sharoitida frilanserlik keng tarqalmoqda. Frilanserlik ham talabaning mehnat stajiga qo‘shiladimi yoki bu shunchaki fuqarolik shartnomasi asosida haq evaziga ko‘rsatiladigan xizmatmi?

– Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 iyuldagi 566-son «O‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar uchun vaqtinchalik mehnat guvohnomasini joriy etish to‘g‘risida»gi qarorida o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga vaqtinchalik mehnat guvohnomalari beriladigan faoliyat (xizmatlar, ishlar) turlarining ro‘yxati berilgan. Masalan, uyda repetitorlik qilish, kompyuterlarni ta'mirlash va sozlash, litsenziyalangan dasturiy ta'minot o‘rnatish, saytlarni, kompyuter dizaynini ishlab chiqish, tizim ma'muri xizmatlari va boshqalar.

Agar talaba mazkur faoliyat bilan shug‘ullansa, vaqtinchalik mehnat guvohnomasi olib 1 oy uchun BHMning 0,5 baravarini yoki 12 oy uchun 4,5 baravarini to‘lab ham tegishli ravishda 1 oy yoki 12 oylik ish stajiga ega bo‘lishi mumkin.

Vaqtinchalik mehnat guvohnomalari berilgan sanadan boshlab va ular amal qilishining butun davri pensiyani hisoblab chiqarish uchun fuqarolarning mehnat stajiga hisoblanadi.

Muhammadamin Karimjonov

– O‘zbekistondagi OTMlarda tahsil olayotgan xorijiy davlat fuqarolari ta'lim bilan bir vaqtda mehnat shartnomasi asosida ishlay oladilarmi? Ma'lumki, bunday toifadagi talabalar «o‘qish» vizasi bilan kelishgan.

– Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 25 martdagi 244-sonli qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasiga xorijdan ishchi kuchini jalb qilish va undan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, chet el fuqarolarining O‘zbekiston Respublikasi hududida tasdiqnoma olmasdan mehnat faoliyatini amalga oshirishlari taqiqlanadi.

Lekin, ushbu Nizom ayrim toifadagi chet el fuqarolariga tatbiq etilmaydi. Agar chet el talabasi mazkur toifalardan biriga kirsa, tasdiqnomasiz ishlashi mumkin. Aks holda tasdiqnoma olinadi. Tasdiqnoma olish uchun ish beruvchi Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qiladi.

– Talaba o‘qishni bitirmay turib, o‘zi ta'lim olayotgan mutaxassisligi bo‘yicha ishlashi mumkinmi?

– Ta'kidlash lozimki, barcha ta'lim yo‘nalishlarida ham bunday imkoniyat birday mavjud emas. Qonunchilik asosida o‘qishni bitirmay turib, o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishlashi mumkin bo‘lgan ayrim yo‘nalishlarni sanab o‘taman.

Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 21 dekabrdagi 275-son qarori bilan tasdiqlangan Xalq ta'limi xodimlari mehnatiga haq to‘lash to‘g‘risidagi nizomning 8-bandida «OTMlarning 4-kursida o‘qiyotgan shaxslar pedagoglik ishini amalga oshirish uchun qo‘yilishi mumkin va ularga o‘rta maxsus, kasbiy ma'lumotga ega bo‘lgan tegishli lavozimdagi xodimning bazaviy tarif stavkasi singari bazaviy tarif stavkasi belgilanadi», deyilgan. Ushbu qoida oliy o‘quv yurtlarining kunduzgi talabalari uchun ham, sirtqi ta'limda tahsil olayotganlar uchun ham birdek amal qiladi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 19 yanvardagi PQ-2733-sonli qarori bilan tasdiqlangan Davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmati to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, o‘rta maxsus yuridik ma'lumotga ega bo‘lgan yoxud OTMlarning «Yurisprudensiya» mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olayotgan bakalavriat bosqichining bitiruvchi kursi talabasi yoki magistranti yuriskonsult yordamchisi lavozimida ishlashi mumkin.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 18 dekabrdagi 319-son qarori bilan tasdiqlangan Klinik ordinatura to‘g‘risidagi nizomning 43-bandiga ko‘ra, o‘qitishning ikkinchi yilidagi ta'lim dasturini muvaffaqiyatli o‘zlashtirgan klinik ordinatorlar rahbarlarining yozma tavsiyanomasi asosida mehnat shartnomasi bo‘yicha soha bo‘limlarida tungi navbatchilik qilish yoki o‘qishdan tashqari vaqtda mutaxassisligi bo‘yicha ishlash huquqiga ega.

– Ma'lumki, Mehnat kodeksida xodimni dastlabki sinov muddati bilan ishga olish tartibi bayon etilgan. Talabani dastlabki sinov muddati bilan ishga olish to‘g‘rimi?

– Darhaqiqat, amaliyotda ayrim ish beruvchilar talaba (bakalavr, magistrlar) o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalarining hamda oliy o‘quv yurtlarining tegishli ta'lim muassasasini tamomlagan kundan e'tiboran uch yil ichida birinchi bor ishga kirayotgan bo‘lsa-da, unga nisbatan dastlabki sinov muddati qo‘llanilayotganiga guvoh bo‘lish mumkin.

Lekin, Mehnat kodeksining 84-moddasiga ko‘ra, homilador ayollar, uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollar, korxona uchun belgilangan minimal ish joylari hisobidan ishga yuborilgan shaxslar, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalarining hamda oliy o‘quv yurtlarining tegishli ta'lim muassasasini tamomlagan kundan e'tiboran 3 yil ichida birinchi bor ishga kirayotgan bitiruvchilari ishga qabul qilinganda, shuningdek xodimlar bilan 6 oygacha muddatga mehnat shartnomasi tuzilib, ishga qabul qilinganda dastlabki sinov belgilanmaydi.

Yuqoridagi toifalarga tushmasagina, talabaga dastlabki sinov qo‘llanilishi mumkin bo‘ladi. Aksincha bo‘lsa, talabaning mehnat huquqi buzilgan hisoblanadi.

Shuningdek, amaliyotda talabaga dastlabki sinovda ekanligini ro‘kach qilib, unga ish haqi va mukofotlar ham to‘lamaydigan ish beruvchilar uchrab turadi. Bu harakatlar ham noqonuniydir.

– Mehnat qonunchiligida talabalar uchun imtiyozlar nazarda tutilganmi? Bor bo‘lsa, qanday?

– Ta'lim muassasalarida o‘qiyotgan xodimlarga ishni ta'lim bilan birga qo‘shib olib borishlari uchun ish beruvchi zarur sharoitlar yaratib berishi shart. Talabalar ish joyidan haq to‘lanadigan qo‘shimcha ta'tilga chiqish, qisqartirilgan ish haftasi sharoitida ishlash va boshqa ko‘plab imtiyozlar olish huquqiga egadirlar.

Bundan tashqari abituriyentlar uchun ham alohida imtiyozlar (MK 254-moddasi) nazarda tutilgan.

Ta'lim muassasalarida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda o‘qiyotganlarga yillik ta'tillarni ish beruvchi ularning xohishiga ko‘ra imtihonlar va laboratoriya-imtihon sessiyalari vaqtiga to‘g‘rilab berishi shart.

Diplom loyihasini (ishini) bajarish yoki bitiruv imtihonlari (davlat imtihonlari) topshirishdan oldingi 10 o‘quv oyi davomida mashg‘ulotlarga tayyorgarlik ko‘rish uchun olti kunlik ish haftasi bo‘lganda haftada bir kun o‘rtacha ish haqi saqlangan holda ishdan ozod etiladilar. Ish haftasi besh kunlik bo‘lsa, ishdan ozod etiladigan kunlar miqdori ish smenasining muddatiga qarab o‘zgaradi, ishdan ozod etiladigan soatlar miqdori esa saqlanib qoladi.

Mehnat kodeksining 256-moddasiga ko‘ra, diplom loyihasini (ishini) tayyorlash va yoqlash davrida oliy o‘quv yurti talabalariga 4 oy, o‘rta maxsus o‘quv yurti talabalariga esa 2 oy muddat bilan o‘rtacha oylik ish haqi saqlangan holda qo‘shimcha ta'tillar beriladi.

Shuningdek, oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlarining oxirgi kurslarida o‘qiyotgan xodimlarga diplom loyihasiga materiallar to‘plash uchun 30 kalendar kun muddat bilan ish haqi saqlanmagan holda ta'til beriladi.

Imtiyozlar haqida batafsil Mehnat kodeksining 248–258-moddalaridan bilib olish mumkin.

Talabalarning mehnatini tartibga solishga doir qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha qanday rejalar bor? Bu borada o‘z takliflaringizni ham bildirsangiz.

– 621 moddadan iborat Mehnat kodeksining yangi tahriri loyihasida «Ishlab chiqarishdagi ta'lim shartnomasi» deb nomlangan alohida bob kiritilmoqda.

Unga ko‘ra, ish beruvchi ish qidirayotgan shaxs bilan yoki ushbu tashkilotning xodimi (o‘quvchi) bilan ishlab chiqarishdan ajralgan yoki ajralmagan holda ishlab chiqarishdagi ta'lim shartnomasi tuzishga haqli bo‘ladi.

Ishlab chiqarishdagi ta'lim shartnomasi ma'lum bir ishni bajarish uchun zarur bo‘lgan malakani olish uchun kerak bo‘lgan muddatga tuziladi. O‘quvchilarga ishlab chiqarishdagi ta'lim vaqtida stipendiya to‘lanadi, uning miqdori ishlab chiqarish ta'lim shartnomasida belgilanadi va olingan malaka darajasiga bog‘liq bo‘ladi, ammo qonun hujjatlarida belgilangan yagona tarif setkasining birinchi razryadi bo‘yicha belgilangan miqdordan oz bo‘lmasligi kerak.

Toshkent davlat yuridik universiteti 5 kunlik o‘qish va ish haftasiga o‘tgan. Natijada o‘qituvchilar qatorida talabalarda ham shanba va yakshanba kunlari mustaqil izlanish bilan birga mehnat qilib daromad topish uchun ham yaxshi imkoniyat yaratilgan. Bilasiz, bugungi kunda kontrakt to‘lovi ham oz emas. Shuni inobatga olib, boshqa OTMlarimiz ham 5 kunlik o‘qish haftasiga o‘tishlari maqsadga muvofiq bo‘lardi.

So‘zim oxirida hurmatli talabalardan o‘z huquqlarini bilishni va amalda talab qilishni so‘rab qolardim. Agar Sizni ishga qabul qilishni rad etishgan taqdirda, Sizning talabingiz bilan ish beruvchi ishga qabul qilishni rad etishning sababini asoslab 3 kun muddat ichida yozma javob berishga majbur, hamda bu javob ishga qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan mansabdor shaxs tomonidan imzolangan bo‘lishi lozim.

Abbos Salaydinov suhbatlashdi.
Tasvirchi
Mirvohid Mirrahimov.

Mavzuga oid