O‘zbekiston | 19:40 / 21.09.2020
65923
2 daqiqa o‘qiladi

OTMlarda an'anaviy ta'limga qachon qaytilishi borasida izoh berildi

Foto: Fotolia

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bosh boshqarmasi boshlig‘i Abduvali Holiqov OTMlarda o‘qishning an'anaviy shakliga qachondan o‘tilishi masalasiga to‘xtaldi.

«Ayni paytda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda OTMlarda o‘qishni qaysi shaklda olib borish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Lekin oliy ta'limni maktab bilan solishtirganda, farq bor. OTMlarda o‘qiydigan talabalarning ko‘pchiligida yotoqxonalarda yashashga ehtiyoj bor. Bu esa o‘z-o‘zidan ular o‘rtasida ommaviy yig‘inlarni keltirib chiqaradi va karantin qoidalariga rioya qilish qiyinlashadi», – dedi Abduvali Holiqov 21 sentabr kuni Milliy matbuot markazida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.

Vazirlik rasmiysining qayd etishicha, bu borada yangilik bo‘ladigan bo‘lsa, bu tezlik bilan e'lon qilinadi.

«Bundan tashqari, tumanlarda internetga kirish imkoniyati yo‘q talabalar uchun markazlar tashkil etilyapti va talabalarning onlayn ta'lim olishi uchun imkoniyat yaratilyapti», – dedi u.

Magistratura imtihonlarining javobi 25 sentyabrdan keyin chiqadi

Abduvali Holiqov magistraturaga kirish imtihonlarining natijalari qachon e'lon qilinishi haqida ham ma'lumot berdi.

«Ertaga, 22 sentabr kuni testga uzrli sabablar bilan kela olmagan abituriyentlardan imtihon olinishi rejalashtirilmoqda. Bu imtihon o‘tsa va apellyatsiya jarayonlari o‘tkazilsa, keyin mandat e'lon qilinadi.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tasarrufidagi OTMlarda magistratura imtihonlarining taxminiy javobi 25 sentyabrdan keyin chiqadi», – dedi vazirlik boshqarmasi boshlig‘i.

Mavzuga oid