O‘zbekiston | 01:12 / 21.09.2020
72973
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston prezidenti BMT minbarida ilk marta o‘zbek tilida nutq so‘zlaydi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23 sentabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida yuqori darajadagi umumsiyosiy munozaralarda ishtirok etadi.

Kun.uz manbasining xabar berishicha, davlat rahbari BMT oliy minbaridagi bu galgi chiqishida mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk marta davlat tili – o‘zbek tilida nutq so‘zlashi kutilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev ilk marta Bosh Assambleyada 2017 yil 12 sentyabrda, BMTning Nyu-Yorkdagi bosh shtab-kvartirasida chiqish qilgan edi. Prezident nutqi tashkilotning 6ta ishchi tilidan biri – rus tilida bo‘lgan va xalqaro hamjamiyat tomonidan iliq kutib olingandi.

Xususan, Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlari o‘tkazishni yo‘lga qo‘yish, BMTning «Ma'rifat va diniy bag‘rikenglik» maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish, BMTning Yoshlar huquqlari bo‘yicha konvensiyasini ishlab chiqish, Orolbo‘yi muammosiga e'tiborni oshirish va Afg‘oniston muammosini hal etish kabi masalalarga oid 5ta taklifidan 4tasi hozirga qadar amalga oshdi.

Jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlari muntazam o‘tkazilmoqda. 2018 yilda BMT Bosh Assambleyasi «Ma'rifat va diniy bag‘rikenglik» maxsus rezolyutsiyasini tasdiqladi, shu yili Orolbo‘yi mintaqasida insonlar xavfsizligi bo‘yicha ko‘p sheriklik asosidagi Trast fondi faoliyat boshladi. Ayni paytda BMTning Yoshlar huquqlari bo‘yicha konvensiyasi loyihasi bo‘yicha ishlar davom etmoqda, shu maqsadda inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumlari o‘tkazildi. 2018 yil martida Toshkentda Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi xalqaro konferensiya tashkil etilib, uning yakunida deklaratsiya qabul qilindi.

Davlat rahbari navbatdagi ma'ruzasida ham xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik qator masalalar yuzasidan muhim tashabbuslar bilan chiqishi kutilmoqda.

Qayd etish joiz, prezident shu yil boshida Oliy Majlisga qilgan murojaatida 2021-2023 yillar mobaynida BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga a'zo bo‘lish masalasini ilgari surish niyatida ekanini bildirgan edi.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston BMT a'zoligiga 1992 yilning 2 martida qabul qilingan. Respublikaning birinchi prezidenti Islom Karimov birinchi bor 1993 yilda tashkilotning asosiy maslahat organi – Bosh Assambleyada nutq so‘zlagan. Shuningdek, Islom Karimov 1995 yilda BMTning 50 yilligi munosabati bilan Bosh Assambleyaning maxsus tantanali yig‘ilishida va 2010 yilda Bosh Assambleyaning mingyillik rivojlanish maqsadlariga bag‘ishlangan yalpi majlisida ham so‘zga chiqqan.

Mavzuga oid