O‘zbekiston | 20:04 / 21.09.2020
30887
2 daqiqa o‘qiladi

UzAuto Motors Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining qarori ustidan sudga murojaat qildi

UzAuto Motors kompaniyasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining maxsus komissiyasi tomonidan kompaniyaga asossiz oshirilgan narxlarni bekor qilib, avtomobillarni kamaytirilgan narxlarda sotish bo‘yicha ko‘rsatmasini o‘z ichiga olgan qarori ustidan Toshkent shahar ma'muriy sudiga shikoyat qildi. Bu haqda deputat Rasul Kusherbayev xabar berdi.

Sudda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasidagi maxsus komissiyaning UzAuto Motors kompaniyasidan yengil avtomobillar narxining asossiz oshirilgan qismini tushirish va ortiqcha olingan mablag‘ni iste'molchilarga qaytarish to‘g‘risidagi qarori ko‘rib chiqiladi.

Ma'lum qilinishicha, sud ishi 2 oktabr kuni Toshkent shahar ma'muriy sudi binosida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

«Ko‘ramiz, sud bu ishni qanchalik mustaqil ko‘rib chiqib, qonunlarga asosan qaror qabul qilarkan.

Shuncha qiyinchilik bilan xalq roziligi uchun boshni kundaga qo‘yib qilinayotgan ishdan hafsala pir bo‘lmasin-da, ishqilib», deydi deputat.

Eslatib o‘tamiz, Rasul Kusherbayev va boshqa bir guruh deputatlarning tanqidlari ortidan Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi UzAuto Motors AJga nisbatan ish qo‘zg‘atgan edi. Qo‘mita kompaniya tomonidan «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunni buzish alomatlarini aniqlagan.

Qo‘mitaning 2020 yil 19 avgust kuni o‘tkazilgan yig‘ilishida maxsus komissiya tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar kompaniya avtomobil narxlarini asossiz oshirgani tasdiqlangan. Unga ko‘ra, avtomobillar narxi 3 million so‘mdan 19 million so‘mgacha asossiz oshirilgani aniqlangan. Mazkur o‘rganish natijalari omma uchun e'lon qilingach, UzAuto Motors Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi qoshidagi maxsus komissiya qabul qilgan qaror ustidan sudga shikoyat qilishi mumkinligini bildirgandi.

Mavzuga oid