O‘zbekiston | 09:07 / 22.09.2020
8641
2 daqiqa o‘qiladi

Avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasidan 320 000 000 so‘m pullarni o‘marib ketgan shaxslar qo‘lga olindi

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Samarqand viloyati Jomboy tuman IIBga 1992 yilda tug‘ilgan A. ariza bilan murojaat qilgan, deb xabar bermoqda viloyat IIB axborot xizmati.

U 2020 yil 17 sentabr kunidan 18 sentabr kuniga o‘tar kechasi noma'lum shaxs Jomboy tumanida joylashgan avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasi ofisining ikkinchi qavati eshigining ochiqligidan foydalanib, u yerga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, xonada bo‘lgan temir seyfni kalit tanlash yo‘li bilan ochib, seyf ichida bo‘lgan 320 000 000 so‘m pullarini yashirin ravishda o‘g‘irlab ketganligini ma'lum qilgan.

Jomboy tuman IIB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida mazkur o‘g‘rilik jinoyatini Urgut tumani Chumchuqli MFYda yashovchi, 1995 yilda tug‘ilgan J. va Urgut tumani Terak MFYda yashovchi, 1998 yilda tug‘ilgan X. sodir etganligi aniqlanib, ulardan 84 500 000 so‘m pullar ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olingan.

Mazkur holat yuzasidan Jomboy tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid