O‘zbekiston | 09:01 / 24.09.2020
55072
2 daqiqa o‘qiladi

2020-2021 o‘quv yiliga darslik to‘plami uchun ijara to‘lov miqdorlari belgilandi

Darsliklar to‘plami uchun ijara to‘lovlarini hisoblash tizimini tubdan takomillashtirish, soddalashtirish va ota-onalarga qulayliklar yaratish maqsadida 2020-2021 o‘quv yilidan boshlab, bir dona darslik yoki mashq daftari uchun yagona ijara to‘lovi joriy qilindi

Bir dona darslik yoki mashq daftari uchun yagona ijara to‘lovi 2200 so‘m hisoblanib, to‘plam tarkibidagi darsliklar va mashq daftarlari sonidan kelib chiqib, sinflar va ta'lim tillari kesimida ijara to‘lovi miqdorlari belgilandi. 

Xalq ta'limi vazirligi xabariga ko‘ra, pandemiya sharoitidan kelib chiqib, 2020-2021 o‘quv yili uchun istisno tariqasida umumta'lim muassasasida darsliklar to‘plami uchun ijara to‘lovini amalga oshirish muddati joriy yilning 10 oktyabrigacha uzaytirildi. 

Shu bilan birgalikda, ota-onalarda mazkur to‘lovni amalga oshirish bilan bog‘liq muammo mavjud bo‘lsa, ijara to‘lovi muddatini uzaytirish to‘g‘risida umumta'lim muassasasiga murojaat qilishlari mumkin. Ijara to‘lovi muddati uzaytirilgan hollarda, mazkur to‘lovning 50 foizi 10 oktyabrgacha, qolgan qismi esa 30 noyabrgacha to‘lanishi lozim. 

Davlat tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan oilalardagi o‘quvchilarni umumta'lim maktab kutubxona jamg‘armasi tomonidan darsliklar to‘plami bilan bepul ta'minlash tartibi o‘rnatilgan.

O‘rnatilgan tartibga asosan darsliklar to‘liq to‘plamda ijaraga beriladi. Darsliklar to‘plamlari to‘liq berilmagan holatlarda ota-onalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq ta'limi vazirligi, viloyatlar xalq ta'limi boshqarmalari va Toshkent shahar xalq ta'limi bosh boshqarmasining ishonch telefonlariga murojaat qilishlari mumkin. 

Mavzuga oid