O‘zbekiston | 14:12 / 24.09.2020
8577
2 daqiqa o‘qiladi

Avtomashina oldi-sotdisi bo‘yicha kelishuvni buzgan fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Foto: Illyustrativ foto

2019 yilning iyul oyidan 2020 yil fevral oyiga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida 34 yoshli M.F. o‘zganing mulkini aldash va ishonchni suiiste'mol qilish yo‘li bilan qo‘lga kiritish maqsadida, Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida yashovchi uch nafar fuqaro bilan turli rusumli avtomashinalarni oldi-sotdisi bo‘yicha kelishuvga erishgan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, bu shaxs ulardan jami 65 100 000 so‘m pullarini oldindan olib, turli bahonalar qilib avtomashinalarni ushbu fuqarolar nomiga rasmiylashtirib bermasdan, pullarni ham qaytarmay o‘zining ehtiyojlari uchun sarflab yuborganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan G‘allaorol tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” bandi (ko‘p miqdorda sodir etilgan firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid