Jamiyat | 15:19 / 24.09.2020
11628
2 daqiqa o‘qiladi

Imtihonlar bilan yashayotgan ona: paxtachilik bu ayolning ikki farzandi ham nogiron

Shahnoza Shamsiddinovaning hayoti jiddiy imtihon va og‘ir sinovlar bilan o‘tmoqda. Paxtachi tumanidagi ehtiyojmand oilalar uchun qurilgan ko‘p qavatli uyda istiqomat qilayotgan bu ayolning ikki nafar farzandi nogiron.

Shahnoza opa bilan suhbatlashganimizda, bugun yigirma to‘rt yoshda bo‘lgan o‘g‘li hamda besh yoshga to‘lgan qizchasining ikkinchi guruh nogironi ekanligini aytdi. O‘g‘li Shuhrat oligofreniya (aqliy zaiflik) xastaligi bilan tug‘ilgan. Qolaversa, boshidagi o‘simta sababli so‘nggi yillarda aqliy rivojlanishdan sezilarli orqada qolmoqda. Jami 40-50 tacha so‘zni biladi.

Qizi Hadicha esa besh yoshga to‘ldi. Afsuski, u ham bolalar bosh miya falajligi xastaligi bilan og‘riydi. Muntazam davolanib turishi uchun bu oilaning imkoniyati bo‘lmaganligi sababli Hadichaning bosh miyasi yaxshi rivojlanmayapti. Besh yoshga to‘lsa-da, gapirolmaydi, yurolmaydi, qo‘l-oyoqlari falaj holatda.

“Taqdir, farzandlarim og‘ir xastalik bilan tug‘ildi. Ammo ona doim kurashib yashar ekan. Bolalarimga davlat tomonidan ajratiladigan mablag‘ ularni davolatishim uchun yetmayapti. Doimiy daromadim, ishim bo‘lmagani sababli tez-tez ro‘zg‘orda yetishmovchilik bo‘lib qoladi. Shu paytlarda farzandlarimni davolatishga imkoniyat bo‘lmay, oila xarajatlariga ishlataman. Yetarlicha mablag‘ orttirolmaganim sababli bolalarimni tajribali shifokorlarga ko‘rsata olmayapman” deydi Shahnoza Shamsiddinova.

Ayolning aytishicha, farzandlarini muntazam davolatib turishi uchun yiliga 15-17 million so‘m mablag‘ kerak bo‘ladi. Ona o‘zining imkoniyati bo‘lmaganligi sababli, saxovatli insonlardan yordam so‘ramoqda.

Mushkul ahvolda qolgan bu oilaga saxovatli yurtdoshlarimizdan ko‘mak so‘raymiz. Alloh ajrini bersin!

Plastik karta raqami:

8600 0610 4680 6740 (Xalq banki, Shuhrat Muhammadiyev nomida)

Sberbankdan ochilgan plastik karta:

4817 7601 7132 3623 (Qarindoshi Nodirjon Umarov nomida)

Shahnoza Shamsiddinovaning telefon raqami: +998 99 0436179

Mavzuga oid