O‘zbekiston | 21:56 / 24.09.2020
5267
2 daqiqa o‘qiladi

Jenevadagi xalqaro tashkilotlar O‘zbekiston tashabbusini to‘la quvvatladi - O‘zbekistonning BMT bo‘linmasidagi doimiy vakili

“O‘zbekiston jahon maydonida” mavzusidagi sessiyada Jyenevadagi BMT bo‘linmasida O‘zbekistonning doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov O‘zbekiston rahbari tomonidan BMTning 75-sessiyasida ilgari surilgan takliflarga xalqaro miqyosda qanday munosabat bildirilganini aytib o‘tdi.

Foto: Prezident matbuot-xizmati

“Jyeneva diplomatik klubi prezidenti Robert Blum bitta tibbiyot niqobini ishlab chiqarish tannarxi bir sent bo‘lgani holda u Jyenevada 1 dollarga sotilayotganini ta'kidlab, bu qo‘pol adolatsizlik, deya baho beradi.

Robert Blum dunyo hamjamiyatini ochiq qoidalar asosida o‘ynashga da'vat etayotgan O‘zbekiston rahbarining siyosiy irodasini yuqori baholadi. Jyenevadagi boshqa xalqaro davlat va nodavlat tashkilotlari ham O‘zbekiston tashabbusini to‘la quvvatladi”, - dedi Ulug‘bek Lapasov.

O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov ham prezident Shavkat Mirziyoyevning BMTning 75-sessiyasida qilgan ma'ruzasi haqida fikr bildirdi.  

“Birlashgan Millatlar Tashkilotining uch ustuvor yo‘nalishi bor: tinchlik va xavfsizlikni ta'minlash, barqaror iqtisodiy taraqqiyot hamda inson huquqlarini ta'minlash. Davlat rahbari shu yo‘nalishlarda milliy, mintaqaviy va global miqyosda taklif berdi.

BMT jamiyatni davlat, biznes va fuqarolik jamiyatiga bo‘ladi. O‘zbekiston bergan takliflar ularning har birini qamrab oladi. Shuningdek, BMTga berilgan takliflar O‘zbekiston tasvirini xalqaro miqyosda chizib berdi, - dedi Akmal Saidov.

Зилола Ғайбуллаева
Tayyorlagan Зилола Ғайбуллаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid