O‘zbekiston | 15:46 / 24.09.2020
4572
3 daqiqa o‘qiladi

Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi xalqaro kodeksda nimalar aks etadi? Vazir izoh berdi

«O‘zbekiston xalqaro maydonda» mavzusidagi sessiyada Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov davlat rahbarining BMTning 75-sessiyasida bildirgan pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi xalqaro kodeks ishlab chiqish taklifi haqida to‘xtalib, kodeksda nimalar aks etishi haqida gapirdi.

«Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi xalqaro kodeks ishlab chiqish taklifi prezident tomonidan iyul oyida o‘tkazilgan Xalqaro mehnat tashkiloti sammitida birinchi bor bildirilgan edi. Bu kodeksda qator asosiy yo‘nalishlar belgilab berilgan.

Kodeks qabul qilinishi bilan olinadigan ixtiyoriy majburiyatlardan biri xavfsiz mehnat sharoitini yaratish bo‘ladi. JSST ma'lumotlariga ko‘ra, davlatlarda koronavirus bilan kurashda 14 foizdan 35 foizgacha tibbiyot xodimlari koronavirus bilan kasallangan. Kodeksda birinchi navbatda ularga va boshqa soha xodimlariga xavfsiz mehnat sharoitini yaratib berish nazarda tutilgan», dedi Nozim Husanov.

Vazirning aytishicha, kodeksdagi ikkinchi yo‘nalish pandemiya davrida aholi bandligi bilan bog‘liq muammolarni hal qilish majburiyatini olish hisoblanadi. Bu hozirgi pandemiya davrida O‘zbekistonning ham boshiga tushdi. Karantin davrida ayrim korxonalar faoliyati to‘xtadi. Ishsizlik ko‘paydi, ish soatlari qisqardi. Shunday holatda davlat o‘z fuqarolari oldida qanday majburiyatlar olishi bu kodeksda aks etadi.

Yana bir yo‘nalish mehnat muhojirlari bo‘yicha majburiyatlarni olishga qaratilgan. Xalqaro tashkilotlar statistikalariga ko‘ra, dunyo bo‘yicha 272 million shaxs mehnat muhojiri sifatida faoliyat yuritadi. Ularda karantin cheklovlari davrida chegaralardan o‘tish imkoniyati kamaydi. Kodeksda ularning muammolariga qanday yondashishi kerakligiga to‘xtalib o‘tiladi.

«Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi xalqaro kodeksda ishlab chiqarish zanjirida uzluksiz tizimni hosil qilish ham aks etadi. Oddiy misol, O‘zbekistonda ma'lum korxonalar chet eldan xomashyo olib kelib O‘zbekistonda mahsulot ishlab chiqaradi. Agar 3-4ta xomashyodan biri bo‘lmasa ham, ishlab chiqarish to‘xtab qoladi. Bu ham ishsizlik darajasi oshishiga olib keladi.

Pandemiyalar davrida ham chegaralar xomashyo olib o‘tish uchun ochilishi, ishlab chiqarish zanjirining uzluksiz bo‘lishi kerakligi kodeksda aks etgan.

Sanab o‘tilgan jihatlar pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi xalqaro kodeks ishlab chiqishning ahamiyati qay darajada muhim ekanini ko‘rsatadi», deya Nozim Husanovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri. 

Зилола Ғайбуллаева
Tayyorlagan Зилола Ғайбуллаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid