Jahon | 23:31 / 24.09.2020
54576
11 daqiqa o‘qiladi

Savollar hali javobsiz: Nodira Qodirovaning shubhali o‘limiga bir yil bo‘ldi

2019 yil 23 sentyabrda Turkiyaning Adolat va taraqqiyot partiyasi deputati Shirin Unalning Anqaradagi uyida o‘zbekistonlik Nodira Qodirova sirli ravishda o‘lim topganiga bir yil bo‘ldi. O‘tgan vaqt davomida bu ish butunlay «tinchib» ketmadi, aksincha, u yoki bu sabab bilan muhokama mavzusiga aylanishda davom etdi va hali-hamon ba'zi savollar ochiqligicha qolmoqda.

Xo‘sh, Nodira Qodirova ishi bilan bog‘liq nimalar ma'lum? Voqealar rivoji qay tarzda davom etdi? Ishga so‘nggi hukm-xulosa yasaldimi? Quyida shu haqda. 

Sirli o‘lim
O‘zbekiston fuqarosi, 23 yoshda bo‘lgan Nodira Qodirova Shirin Unalning Anqaradagi uyida 2019 yil 23 sentabr kuni kechqurun jonsiz holda topilgandi. U bu yerda qariyb bir yildan buyon ishlab kelayotgandi.

Ushbu hodisa Anqara politsiya boshqarmasi tomonidan «qurol bilan o‘z joniga qasd qilish» deb baholandi. Ammo guvohlarning bir-biriga mos kelmaydigan ko‘rsatmalari, Nodira Qodirovaning yaqinlari tomonidan bildirilgan munosabatlar ishning «qorong‘i» tomonlari mavjudligiga ishora qilardi. 

Masalan, Qodirovaning yaqin dugonasi Laylo Niyozovaning marhuma bilan so‘nggi suhbati marhumaning voqeadan bir kun avval deputat Unalning jinsiy tazyiqiga uchragani bilan bog‘liq ayblovlarni o‘rtaga chiqardi.

Nodiraning akasi Muhammadali Qodirov esa BBC va boshqa matbuot vakillariga bergan intervyusida singlisining o‘ldirilganini aytgandi.

O‘z navbatida, deputat Unal sodir bo‘lgan voqea yuzasidan Turkiya Buyuk Millat Majlisida qilgan ochiqlamasida marhumaning psixologik muammolari bo‘lganini aytgandi. Unal o‘shanda o‘z nutqida barmoq izlarini topshirganini aytib, zimmasidagi barcha vazifalarni bajarishini bildirgan, ammo jinsiy zo‘ravonlik haqidagi ayblovlar yuzasidan hech narsa demagandi.

Voqea qanday sodir bo‘lgan?
Anqara politsiya boshqarmasi bayonotiga ko‘ra, voqea ro‘y bergan paytda Unal va uning rafiqasi, qizi va boshqa yordamchilari uyda bo‘lgan.

Anqara Bosh prokuraturasi bayonotida esa Qodirova turgan xonaning eshigi qulflangan holda bo‘lgani uchun xavfsizlik va tez tibbiy yordam xodimlari tomonidan eshik buzib kirilgani va u kasalxonaga jo‘natilgani aytiladi.

Nodiraning akasi Muhammadali voqeadan besh daqiqa oldin Shirin Unal bilan gaplashgani va voqea sodir bo‘lgan joyga yetib borgani, politsiya tomonidan ichkariga qo‘yilmagach, Bilkent shahar kasalxonasida singlisining o‘limidan xabar topganini aytgan.

Tekshiruv natijalari qanday xulosa beradi?
Anqara Bosh prokuraturasi tergov jarayoni haqida 2019 yil 2 oktyabrda bayonot bergan. Barmoq izlari va tekshiruvlari uchun zarur bo‘lgan namunalar voqea sodir bo‘lgan joyda yashagan barchadan, shu jumladan, deputat Shirin Unaldan ham olingani ma'lum qilindi.

Bayonotda otopsi (o‘lim sababini aniqlash maqsadida jasadni tekshirish) natijasida olingan ilk tekshiruvda «marhum ko‘krak qafasi hududidan 5-6 sm balandlikdan o‘q otilishi natijasida jon bergani aniqlandi», deyilgan.

Shuningdek, «otopsi paytida sud tibbiyoti institutidan tirnoq, anal, qon va barcha bionamunalarni olib, kerakli tekshiruvlar o‘tkazish uchun ruxsat so‘ralgani» ma'lum qilingan. Qodirovaga tegishli deb bilingan «mobil telefon, qayd daftari va o‘z joniga qasd qilish bilan bog‘liq yozuvlar» tekshirish uchun olingani aytilgan.

Qodirovaning advokati, professor-doktor Ilyos Do‘g‘anning aytishicha, «voqea joyidagi dalillar sinchkovlik bilan to‘planmagan».

Anqara bosh prokuraturasi mart oyida Qodirova «o‘z joniga qasd qildi», degan xulosaga kelgan va jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos yo‘qligi haqida qaror chiqargan. Mazkur qarorda «Otopsi ma'lumotnomasi mazmunidan ham anglashiladiki, Nodira Qodirovaga qarshi jinsiy zo‘ravonlik o‘tkazilmagan», deb yozilgan. Ish yuzasidan prokuratura gumonlanuvchini jinoiy javobgarlikka tortmaslik to‘g‘risida qaror qilgan.

Ish bilan bog‘liq qanday shubhali holatlar mavjud?
To‘pponchada nega barmoq izlari yo‘q?
Hodisa bilan bog‘liq shubhali holatlardan biri Shirin Unal nomi bilan ro‘yxatga olingan va Qodirovaning o‘limiga sabab bo‘lgan «Beretta» markali yarim avtomat to‘pponchada hech qanday barmoq izi topilmagani edi.

Anqara xavfsizlik direksiyasining jinoyat joyini tekshirish bo‘limi tomonidan prokuraturaga yuborilgan va prokuraturaning «jinoiy javobgarlikka tortmaslik to‘g‘risidagi qarori»ga kiritilgan hisobotda «voqeada foydalanilgan «Baretta» markali qurolda hech qanday barmoq izlari topilmagani» qayd etilgan.

Advokat Do‘g‘an to‘pponchada barmoq izlari yo‘qligi xususida gumonlarini bildirgan. «Ikki ehtimol bor: birinchisi, qo‘lqop kiyib o‘q uzilgan bo‘lishi mumkin, bunday holda barmoq izi chiqmaydi. O‘lgan odamda qo‘lqop yo‘q, uning xonasida ham yo‘q. Ikkinchisi, o‘q uzilgandan so‘ng bu izlar yo‘qotilgan bo‘lishi mumkin», degandi u.

Unalning advokati Karaman esa bu masalada uning mijozi «barmoq izlari va almashtirish namunasini berishga majbur bo‘lmagani holda ularni bergani»ni aytgandi.

O‘lim ma'lum qilingan vaqtdan oldin sodir bo‘lganmi?
Yana bir shubhali holat o‘lim vaqti bilan bog‘liq. Qodirovaning o‘limidan 5 soat so‘ng o‘tkazilgan ekspertizada o‘lim soati 3-3,5 soat oldin sodir bo‘lgan bo‘lishi mumkinligi aytilgan. Bu esa Qodirovaning o‘lim vaqti u ma'lum qilingan vaqtdan oldin sodir bo‘lgani haqidagi ehtimollar yuzaga chiqishiga sabab bo‘ladi.

O‘lim holati 2019 yil 23 sentabr kuni soat 20:56da ro‘y bergani, o‘q esa Italiyada ishlab chiqarilgan «Baretta» rusumli 92S modelidagi yarim avtomatik to‘pponchadan uzilgani ma'lum qilingan. Bu haqda Anqara politsiya boshqarmasi Jinoyat yerini tekshirish boshqarmasining barmoq izlarini tekshirish bo‘limining 2019 yil 29 sentyabrdagi hisobotida aytilgan.

Hisobotda «Baretta» rusumidagi qurolda barmoq izini aniqlab bo‘lmagani» ma'lum qilinadi. Anqara politsiya jinoiy laboratoriyasining biologik ekspertiza bo‘limi direktorligining 2019 yil 1 oktyabrdagi hisobotida esa Nodira Qodirova va Shirin Unalning qo‘llarida o‘q kukunlari mavjud emasligi aytilgan edi.

Qodirovaning egnidagi ustki kiyimning chap oldingi ko‘krak qafasi sohasidagi teshik atrofida o‘q kukunlari topilgani haqidagi hisobotda kukunlarning tarqalish zichligiga ko‘ra, o‘q ma'lum bir masofadan uzilgan, degan xulosaga kelingan. Shuningdek, to‘pponcha tirgagidan va voqea joyidagi ish stoli yonida polda yotgan kalit sirtidan olingan qoldiq namunalari gilam yuzasidan olingan qon namunalari bilan mosligi va ular ayol genotipiga mansubligi aniqlangan.

Prokuratura manbalari qurolda barmoq izlari yo‘qligini o‘sha paytda qizning qo‘li terlagani bilan, o‘q kukunlari aniqlanmaganini esa to‘pponcha o‘qlangan holda qolgani bilan izohladi.

Anestetik dorivor moddalar manbasi ma'lum emas
Prokuratura qarorida keltirilishicha, Anqara sud tibbiyoti kimyosi ixtisosligi bo‘limining 2019 yil 1 sentyabrdagi hisobotida Qodirovaning qonidan olingan namunalar tekshirilgan va uning qonida 1213ng/ml prilokain, 2ng/ml lidokain va 80ng/ml ketamin miqdori topilgan. Ammo jinoiy javobgarlikka tortmaslik to‘g‘risidagi qarorda lokal va umumiy behushlik uchun ishlatiladigan ushbu dorilarning manbasi haqida hech qanday ma'lumot berilmagan. Ushbu anestetik dorivor moddalar Nodira Qodirovaga birinchi yordam ko‘rsatish jarayonida ishlatilganmi yoki yo‘qmi, bu haqda ham tafsilotlar mavjud emas.

«Yopig‘liq qozon yopiqligicha qoladimi?»

Nodira Qodirovaning turk deputati uyida o‘z joniga qasd qilishi holati Turkiya parlamenti kun tartibiga ham kiritilgan, masala yuzasidan deputat Sera Kadigil Adliya vaziriga deputatlik so‘rovi yuborgandi.  

Prokuraturaning gumonlanuvchini sudga tortmaslik to‘g‘risidagi qarori 24 iyul kuni Unalning Ayo Sofiyadagi namozdan so‘ng qoldirgan tviti tufayli yana kun tartibiga chiqdi. Uning tvitiga jurnalistlar, advokatlar, inson huquqi himoyachilari va boshqa ijtimoiy media foydalanuvchilari «#NadirayaNeOldu» (Nodiraga nima bo‘ldi?) savoli bilan javoblar yozishdi.

Qodirovaning onasi ham qizining o‘limidan so‘ng o‘g‘lining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga joylashtirilgan video orqali ko‘z yoshlar bilan Shirin Unalga murojaat qiladi. «Qotil Shirin Unal, sening bu dunyoda yashashga haqqing yo‘q. Allohim sening jazoyingni bersin. Sen mening qizimni o‘ldirding. Farishtaday, malak qizimni sen o‘ldirding», deydi ona og‘riq va iztirob bilan.

Nodiraning onasi tomonidan qilingan ushbu videomurojaat ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgandan so‘ng Unal o‘zining tvitterdagi akkauntini qulflab qo‘yadi.

Jinoiy javobgarlikka tortmaslik to‘g‘risidagi qarorga nisbatan «jinsiy zo‘ravonlik» va «qotillik» apellyatsiya da'vosi kiritilgan bo‘lib, arizada «jinsiy zo‘ravonlik jinoyati mavjud» ekani aytilgan bo‘lib, unda «Ushbu jinoyatni sodir etgan shaxs Shirin Unaldir» degan fikr bayon etilgan.

May oyida Nodira Qodirova ishini sudga tortmaslik to‘g‘risidagi qaror ustidan berilgan apellyatsiya rad etildi.

Shundan keyin advokat Do‘g‘an mazkur ish bilan bog‘liq hujjatni Konstitutsiyaviy sudga topshirgan. Uning aytishicha, hujjat hali ham Konstitutsiyaviy sudning dastlabki tergov bosqichida va u hamon qaytadan ko‘rib chiqish bosqichiga o‘tkazilmagan.

Savollar esa ochiq qolmoqda: Nodira o‘zini o‘ldirganmi, o‘ldirilganmi va yoki o‘z joniga qasd qilish holatiga olib borilganmi? Prokuratura ishni «o‘z joniga qasd qilish» deb yopgan, ammo bunga  ishonmaydiganlar hali ham ko‘p.

Mavzuga oid