O‘zbekiston | 12:58 / 25.09.2020
98119
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkatjon Abdurazzoqov Namangan viloyatining yangi hokimi bo‘ldi

Namangan shahrining sobiq hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov Namangan viloyatining yangi rahbariga aylandi.

Bugun, 25 sentabr kuni Namangan shahar hokimligi majlislar zalida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Prezident Administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov va O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rilgan.

Viloyatga 2015 yildan buyon rahbarlik qilib kelgan Xayrulla Bozorov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan viloyat hokimi lavozimidan ozod etilgani to‘g‘risidagi prezident farmoni o‘qib eshittirilgan.

Shavkatjon Abdurazzoqov Namangan viloyati hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi.

Viloyatning endilikda sobiq hokimi izzat-ikrom bilan kuzatildi

Shavkatjon Abdurazzoqov 2015-2017 yillarda Namangan tumani hokimi lavozimida ishlagan, 2017 yil fevralida u Vazirlar Mahkamasining qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash hamda iste'mol tovarlari masalalari bo‘yicha axborot-tahlil departamenti mudiri lavozimida ish boshlagan, 2017 yilning iyulida esa Namangan shahriga hokim etib tayinlangan, 2020 yil martidan buyon Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi sifatida ishlab kelayotgandi.

Bundan oldinroq Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev bosh vazir o‘rinbosari lavozimiga o‘tayotgani tufayli, uning o‘rnini Namangan viloyati hokimi Xayrulla Bozorov egallashi kutilayotgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid