O‘zbekiston | 17:52 / 30.09.2020
28361
4 daqiqa o‘qiladi

Mutaxassis koronavirus qandli diabeti bor bemorlarda og‘ir kechishiga izoh berdi

Agar qandli diabeti bor bemor qonida glyukoza ko‘p bo‘lsa, koronavirus kasalligi bunday bemorlarda og‘ir kechadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi diabetologiya bo‘limi shifokori, tibbiyot fanlari nomzodi Feruza Tohirova bilan uyushtirilgan intervyuni taqdim etdi. Intervyuda aholi orasida qandli diabet keng tarqalishining sabablari, xastalikning immunitet tizimiga ta'siri hamda mavzuga oid boshqa dolzarb savollarga javoblar berilgan.

— Aholi orasida qandli diabet keng tarqalayotganining sababi nimada? Xastalikning ilk belgilari qanday namoyon bo‘ladi?

— Qandli diabet xastaligining bosh sababi sog‘lom turmush tarziga rioya qilmaslik hisoblanadi. Jumladan, noto‘g‘ri ovqatlanish, kamharakatlik sababli rivojlanadigan ortiqcha semizlik qandli diabetga bo‘lgan moyillikni oshiradi. Diabet belgilari uning turiga qarab farqlanadi.

Kasallikning asosiy belgilari quyidagilar: doimiy chanqoqlik, kuniga uch litrdan ko‘p suyuqlik ichish, hojatxonaga tez-tez ehtiyoj sezish, ishtaha ochilsa-da vazn kamayishi, yaralar sekin bitishi, doimiy charchoq va xotira pasayishi. Ayrimlarda oyoqlar og‘rig‘i kuzatilishi mumkin.

Kasallikning dastlabki belgilari kuzatilgandayoq shifokorga murojaat qilish kerak. Har bir kishi o‘z vaznini nazorat qilib borishi, uning me'yoriy ko‘rsatkichlardan oshib ketishiga yo‘l qo‘ymasligi lozim bo‘ladi.

— Xalqimizda kuchli qo‘rquvdan qandli diabet kelib chiqadi degan gap bor. Bu ilmiy isbotlanganmi?

— Agar insonda qandli diabetga moyillik bo‘lsa va u kuchli qo‘rquvni boshdan kechirsa, bu insonda qandli diabet bo‘lish ehtimoli bor. Inson hayotda turli kutilmagan voqealarga duch keladi, turli sinovlarni boshdan o‘tkazadi. Surunkali davom etuvchi stress holatlari, uyqusizlik, gipertoniya kasalligi hamda ayrim dori preparatlari (nikotin kislota, glyukokortikoidlar, tireoid gormonlar) qandli diabet kasalligi paydo bo‘lishida muhim rol o‘ynaydi.

Hayot davomida me'yordan ortiq ovqat iste'mol qilish va energiyani sarf qilmaslik natijasida organizmda energiya balansi buziladi. Odatdagidek sarf bo‘lmayotgan energiya organizmda glikogen va yog‘lar ko‘rinishida to‘planib boradi. Bu jarayon kuchayib borgani sari organizmda insulinga sezuvchanlik kamayib boradi va bu holat uglevodlar almashinuvi buzilishiga olib keladi. Ya'ni, 2-tur qandli diabetning paydo bo‘lishi ijtimoiy holatga emas, balki kamharakatlik, noto‘g‘ri va tartibsiz ovqatlanishga bog‘liq.

— Qandli diabeti bor insonlarda koronavirus kasalligi og‘ir kechishining sababi nimada? Bu xastalik immunitet tizimiga ham o‘z ta'sirini o‘tkazadimi?

— Qandli diabeti bo‘lgan insonlar turli infeksiyalarga moyil bo‘ladi. Sababi shakar mikroblar uchun ozuqa moddasi hisoblanadi. Agar qandli diabeti bor bemor qonida glyukoza ko‘p bo‘lsa, koronavirus ushbu bemorlarda og‘ir kechadi. Kasallikda kuzatiladigan «sitokinlar hujumi» uchun shakar quvvat manbayidir. Ayniqsa, tana vazni ortiqcha bo‘lgan qandli diabeti bor insonlarda koronavirus og‘ir kechadi.

Qandli diabetga chalingan bemorlar koronavirusdan davolanish barobarida, diabetni ham davolashda davom etishi lozim. Sababi koronavirus jarayonida qand miqdori oshib ketsa, bu og‘ir asoratlarga olib keladi.

Tekshiruvlar natijasida shu narsa aniq bo‘ldiki, koronavirus yuqqan paytda immunitetni sun'iy ravishda oshirib bo‘lmaydi. Ammo C va D vitaminlari, Tsink va magniy kabi vitaminlarni qabul qilish tavsiya etiladi. Bular koronavirusni davolamaydi, lekin ular immunitetni bir maromda ushlab turishga xizmat qiladi. Odam organizmida immunitet me'yorda bo‘lishi uchun shu vitaminlar kerak bo‘ladi.

Mavzuga oid