Jamiyat | 11:40 / 30.09.2020
6982
2 daqiqa o‘qiladi

“Onajon, yig‘lamang, men albatta tuzalaman” – og‘ir dardga chalingan Fazliddin ko‘makka muhtoj

 Endigina 8 yoshni to‘ldirgan Fazliddin Abdurazzoqov 3,5 yildirki buyrak xastaligi bilan kurashib keladi. Ayni mana shu dard tufayli bolajonning bir buyragi olib tashlangan.

– O‘g‘limga og‘riqlar azob beradi, yoshgina joniga shuncha sinovlar tushgan. Har kecha to‘lg‘onib chiqayotganini ko‘rganimda hech qayerga sig‘may ketaman. Ona uchun farzandi dard bilan olishib og‘riyotganini kuzatishdan ortiq azob bo‘lmasa kerak, hatto dushmanimga ham bu sinovni ravo ko‘rmayman, – deydi Fazliddinning onasi, zangiotalik Ra'no Abdurazzoqova ko‘z yoshlarini tiya olmay.

– Shifokorlar qo‘ldan kelgan kelganlaricha harakat qilishmoqda. Qator operatsiyalardan ham o‘tdik, bolamning badani ilma-teshik bo‘ldi. Endi yagona chora o‘sha qolgan yagona buyrakni muntazam qimmat dorilar bilan davolab turish ekan.

Bolaginam o‘z dardini o‘zi tushunadi, shu holiga onasi ikkimizning ko‘nglimizni ko‘tarishga harakat qiladi. "Ada, oyi“ yig‘lamanglar, men tuzalib ketaman” deydi og‘riqlarga sabr qilib. Anchagina suralarni yodlab olgan, bizga o‘qib beradi.

Oilamiz o‘rtahol, karantin paytida ishimiz butunlay to‘xtab, dori-darmon tugul ro‘zg‘orga ham qiynalib qoldik. Oldinda davolanishlar, zarur bo‘lsa operatsiya...

Biz ham umid bilan saxovat egalariga yuzlandik. O‘g‘limga yordam qo‘lini cho‘zganlari farzandlarining rohatini ko‘rishsin, – deydi otasi Jamoliddin Abdurazzoqov.

Fazliddin Abdurazzoqovga oid ma'lumotlar:

Humo:9860 1301 0474 4961 (onasi Ra'no Abdurazzoqova nomida)

Sberbank: 4276 0300 1567 4332 (qarindoshi Abdurashid Qodirov nomida)

Paynet uchun: +998977725637

Telefon: +998977725637 (onasi)

Aziz saxovat egalari! Yurtimizning yana bir o‘g‘loni Fazliddinning ham orzulari bir olam. U ham ota-onasining quvonchlariga sabab bo‘lmoqchi. Faqat dardni yengib o‘tsa kifoya. Buning uchun hammamiz unga yordam qo‘lini cho‘zaylik.

 Abror Zohidov. 

Mavzuga oid