O‘zbekiston | 14:52 / 30.09.2020
20971
2 daqiqa o‘qiladi

Professor Nazira Salohova vafot etdi

Uzoq davom etgan kasallikdan so‘ng endokrinolog, professor, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ning O‘zbekistondan endokrinologiya bo‘yicha birinchi koordinatori, Xalqaro diabetologlar federatsiyasining (IDF) doimiy a'zosi, Markaziy Osiyo Diabetologlar assotsiatsiyasining birinchi prezidenti Nazira Salohova 77 yoshida vafot etdi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi xabariga ko‘ra, Nazira Salohova 1943 yilda Samarqand shahrida davlat xizmatchilari oilasida tug‘ilgan. I.M.Sechenov nomidagi Moskva davlat tibbiyot universitetini imtiyozli diplom bilan tugatgan. Kasbiy faoliyatini Toshkent shahridagi O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining Bioorganik kimyo institutida katta ilmiy xodim sifatida boshlagan.

Keyinchalik Toshkent tibbiyot institutining endokrinologiya kafedrasi mudiri lavozimida ishlagan. Tibbiyot fanlari doktori, professor Nazira Salohova tibbiyot fanlari nomzodi va doktori bo‘lgan ko‘plab ilmiy kadrlarni tayyorladi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi jamoasi va rahbariyati Nazira Salohovaning vafoti munosabati bilan uning yaqinlari va hamkasblariga chuqur hamdardlik bildirgan.

Mavzuga oid